Soliqdan qochgan tadbirkor ilk marta qo‘lga tushganida zararni qoplab, yengillik olishi mumkin
Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs sud qarori chiqqunga qadar soliqlar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, ozod qilinishi mumkin. Deputatlar tegishli qonunni qabul qildi. Jinoyat kodeksidan soxta tadbirkorlik moddasini chiqarib tashlash bo‘yicha bitta partiya kiritgan taklifga boshqa partiyalar rozi bo‘lmadi.

Qonunchilik palatasining 22 aprel kungi yalpi majlisida soliq va tadbirkorlik sohasiga oid qonun loyihasi qabul qilindi.
Endilikda Senat ko‘rib chiqadigan qonunga ko‘ra:
- birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs agar sud maslahatxonasiga kirguniga qadar soliqlar va yig‘imlar, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, ozod qilinishi mumkin;
- tergov va sud jarayonida tadbirkorni himoya qilishga Biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasini jamoat himoyachisi sifatida jalb etish tartibi belgilanmoqda;
- soliq sohasidagi huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha hisoblangan mablag‘lar tergov organi depozit hisobraqamidan budjetga o‘tkazilguniga qadar penya hisoblanmaydi.
- mulkdorning yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda, mulkning bozor qiymatida to‘lab berilgan kompensatsiya miqdori soliq daromadi tarkibiga kiritilmaydi.
Yalpi majlisda qonun loyihasining 1-moddasi muhokamaga sabab bo‘ldi. Bu modda bilan Jinoyat kodeksining 179-moddasi (soxta tadbirkorlik)ga o‘zgartirish kiritilmoqda. O‘zLiDeP esa kodeksdan soxta tadbirkorlik tushunchasini chiqarib tashlashni taklif qildi.
“1-modda bilan Jinoyat kodeksining 179-moddasiga o‘zgartirish kiritilayoganiga ahamiyat bersak, bu moddaning dispozitsiyasi Jinoyat kodeksidagi firibgarlik va soliq yig‘imlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash borasidagi normalar asosida ham javobgarlikka tortilishini ko‘rishimiz mumkin. Sud amaliyotida ham shunday holatlar uchraydi. Shundan kelib chiqib, ushbu 179-modda tadbirkorlar uchun qo‘shimcha javobgarlik keltirib chiqaradigan modda bo‘lib turibdi. Bu esa mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga oid islohotlar ruhiga to‘g‘ri kelmaydi. Bundan tashqari, dunyoda iqtisodiy tebranishlar oqibatida ushbu modda mamlakatimizdagi tadbirkorlik muhitiga ham salbiy ta’sir etishi mumkin”, – dedi deputat Umid Anvarxo‘jayev.

Uning ta’kidlashicha, rivojlangan davlatlarda bunday norma mavjud emas. MDH davlatlarida yuqoridagi kabi modda qonunchilikdan olib tashlangan – Rossiyada 2012 yilda, Qozog‘istonda 2018 yilda, Belarusda esa 2018 yilda.
“Ushbu moddani yangi tahrirda qabul qilishni emas, uni Jinoyat kodeksidan olib tashlashni taklif etamiz”, – dedi O‘zLiDeP vakili.
Taklifga Xalq demokratik partiyasi e’tiroz bildirdi.
“Balki haqiqatan ham bu norma xalqaro tajribada keng qo‘llanmagandir, biroq davlat budjetining asosiy manbayi bu soliq tushumlari. Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, soliq tushumlari kamayishining oldini olish bugungi kundagi asosiy vazifalardan biri. XDPning ustuvor vazifalaridan biri aholi muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, pensiya va nafaqalarni moliyalashtirishda soliqlar to‘liq undirilishi muhim. Shu sabab bu norma qonun loyihasida qoldirilishi tarafdorimiz”, – dedi XDPdan Anvar Nurmatov.
Shundan keyin “Milliy tiklanish”, “Adolat” va ekologik partiyalar ham bu taklifni rad etishini bildirdi.
Qonun loyihasidagi moddani 80 foiz deputatlar qo‘llab-quvvatladi, 11,9 foiz deputatlar qarshi bo‘ldi va u qabul qilindi.
Loyihaning 1-moddasida aynan nima nazarda tutilgani yalpi majlisning jonli translatsiyasidan anglashilmaydi.
JKning amaldagi 179-moddasiga ko‘ra, soxta tadbirkorlik, ya’ni ustavida ko‘rsatilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadini ko‘zlamasdan ssudalar, kreditlar olish, foydani (daromadni) soliqlardan ozod qilish (soliqlarni kamaytirish) yoki boshqacha mulkiy manfaat ko‘rish maqsadida korxonalar va boshqa tadbirkorlik tashkilotlari tuzish — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Mavzuga oid

11:10
Parlamentda g‘oyalar to‘qnashuvi: Navbatdagi yalpi majlis qanday o‘tdi?

08:30
Elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar qancha soliq to‘lagani aytildi

13:59 / 25.04.2025
Sallasini desa, kallasini olib keladigan ijrochilarimiz bor

23:25 / 24.04.2025