Gap shundaki, Qonunchilik palatasining bugungi yalpi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi 71 ta qarshi ovoz bilan rad etildi.

Iqtisodiy islohotlarni ustuvor qo‘yadigan O‘zLiDePchilarning tadbirkorlar manfaatlaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan qonun loyihasi aholining ijtimoiy qatlamlarining manfaatlarini himoya qiluvchi XDP vakillariga, iqtisodiy masalalarga so‘l qarash nuqtai nazari bilan yondashadigan, turli sohalarda davlat nazoratini kuchaytirish lozim, deb hisoblaydigan Adolatchilarga to‘g‘ri kelmadi. Ekologiya mafkurasi va g‘oyalarini ilgari suruvchi Ekopartiya fraksiyasi ham bu safar sotsial-demokratchilarni qo‘llab-quvvatladi.
Yalpi majlisda ushbu qonun loyihasi yuzasidan dastlab tashabbuskor deputatlar vakili Abdumannop Bo‘riyevning ma’ruzasi eshitildi.

Majlisda so‘z olgan, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi F. Sharipov ishchi-xodimlarni har tomonlama kuchli ijtimoiy himoya qilish XDP partiyasining o‘z oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalardan biri ekanligini ta’kidlab, Mehnat kodeksining 164-moddasiga taklif etilayotgan o‘zgartirish xodimlarning huquq va manfaatlariga zid emasmi? Bu ertaga tadbirkorlar tomonidan xohlagan xodimini ishdan bo‘shatishga olib kelmaydimi, degan savol bilan yuzlandi.
Abdumannop Bo‘riyev hamkasbining yuqoridagi savoliga kasaba uyushmasi 10 kun ichida xabarnomaga e’tiroz bildirsa, mehnat shartnomasi bekor qilinmasligi, ushbu o‘zgartirishdan ko‘zlanayotgan maqsad, kichik biznes sub’yektlari bo‘lgan ish beruvchilar tomonidan ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishda ayrim byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, deya tushuntirish berdi.
XDP fraksiyasining yana bir a’zosi Shokirjon Ahmedov ham fraksiyadoshining munosabatini qo‘llab-quvvatlab, qonun loyihasini qaytarish taklifini bildirdi.

“Adolat” fraksiyasi a’zosi Bekzod To‘xtamurodov qonun loyihasidagi o‘zgartirishlarda tadbirkorlarga ko‘proq yon bosilayotgani, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlariga yuklatilgan asosiy ijtimoiy majburiyatlarning bekor qilinishini fraksiya noto‘g‘ri, deb hisoblashini qayd etib, qonun loyihasini bu shaklda ma’qullamasligini bildirdi.

















