O‘zbekistonda ommaviy tadbirlarga ruxsat berildi
2021 yil 20 sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda tomosha, madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari), ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni ochiq maydonlar hamda yopiq majmualarda o‘tkazishga ruxsat berildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi madaniy-ko‘ngilochar, ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni o‘tkazish tartiblariga o‘zgartirish kiritilgani haqida ma'lumot berdi.
«Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimizda karantin talablarini qisqartirish orqali aholiga madaniy va ma'naviy hordiq chiqarish hamda dam olishlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, tegishli mutasaddi tashkilotlarning takliflarini inobatga olgan holda, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 2021 yil 20 sentyabrdan boshlab mamlakatimizda tomosha, madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari), ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni ochiq maydonlar hamda yopiq majmualarda o‘tkazishga ruxsat berildi», deyiladi xabarda.
Madaniy-ko‘ngilochar, ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni o‘tkazishda quyidagi karantin cheklovlariga rioya etish talab qilinadi:
madaniy-ko‘ngilochar obektlar (teatr, kinoteatr, konsert zallari) ishchi va xodimlari hamda ommaviy tadbirlar tashkilotchilari va xizmat ko‘rsatuvchilari bo‘lgan shaxslar (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat'i nazar) kamida 2ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi QR-kodli sertifikati mavjud bo‘lishi lozim;
madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari faoliyati) va ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda tashrif buyuruvchilar:
- tibbiy niqobda bo‘lish;
- antiseptik vositalardan foydalanish;
- kirish joylarida tana haroratini o‘lchash kabi muhim sanitariya-gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etishlari shart.
Shu bilan birga, madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari faoliyati) va ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obektlariga faqatgina koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi to‘g‘risidagi QR-kodli sertifikati mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilar kiritilishi (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatmalar bo‘lgan fuqarolar bundan mustasno) tavsiya etildi.
Mavzuga oid
12:58 / 30.06.2024
O‘zbekistondagi ommaviy tadbirlarda oziq-ovqat, buyumlarni bepul tarqatish taqiqlandi
21:59 / 27.11.2022
Xitoyda koronavirus cheklovlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda
00:22 / 26.11.2022
Pekinda koronavirus avj olgani tufayli yangi cheklovlar kiritilmoqda
22:24 / 07.11.2022