O‘zbekiston | 17:13 / 12.06.2024
14277
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston turizm mahsulotlari jahonda eng qimmatlaridan: nega davlatga faqat 50 yoshdan oshganlar keladi?

Turizm – davlat iqtisodiyoti va aholi uchun eng qulay, daromadli soha. O‘zbekiston ikkinchi ma’muriyati davrida mamlakatni turizm uchun ochdi. Qator davlatlar fuqarolari uchun vizasiz rejimni joriy qildi. Reyslar ko‘paydi, infrastruktura rivojlandi, deyilsa-da, respublika turizm mahsulotlari dunyoda eng qimmatlaridan bo‘lib qolmoqda. Kun.uz ayni mavzuda sayyohlik agentligi menejeri Xayrullo Normatov hamda PR ekspert Kamola Ikramova bilan suhbat uyushtirdi. Unda ta’kidlanishicha, narxlar juda qimmat, transport tizimi noqulay, chipta olish va xizmat ko‘rsatish – o‘rtakashlar qo‘lida.

Prezident turizmni rivojlantirish yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida mas’ullarga shu yilning oxirigacha davlatga 10 milliondan ortiq sayyohlarni olib kelish vazifasini berdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonga 1 yilda 5-6 million sayyohlar tashrif buyurmoqda. Demak, turistik mahsulotlar soni va sifati rivojlanishi kerak, dunyo aholisining qiziqishini uyg‘otishdek vazifani uddalash lozim. Kun.uz bilan suhbatlashgan PR ekspert, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis Kamola Ikramova fikricha, xorijdagi tashviqot – noprofessional. Videoroliklar eski, undagi ma’no-mazmun tor, e’tiborni tortadigan kadrlar hamda yangi rakurslarni uchratmaysiz. Xuddiki, O‘zbekiston qadimiy obidalar va palov makonidek ma’no aks ettirilgan.

Sayyohlik agentligi menejeri Xayrullo Normatovga ko‘ra, O‘zbekistonga keluvchilarning aksariyati bugun G‘arbiy Yevropadan. Va asosan davlatga 50 yoshgan oshganlar keladi. Ya’ni yosh respublikaga bugun qariyalar ko‘proq oshiqadi. Chunki O‘zbekiston turizm mahsulotlari tarixiy-gastronomik xarakterga ega bo‘lib qolmoqda. Suhbatda kelishicha, sayohatning asosiy xarajatlari – transportga sarflanadi. Yevropa va umuman, dunyo bilan ishlashda muntazam tizim kerak. O‘zbekistonga ko‘p davlatlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘q, ichki sayohatda ham chipta topish – jiddiy muammo. Bundan tashqari, mahalliy parvozlar jadvaliga deyarli har kuni o‘zgartirishlar kiritiladi.

Havo, temiryo‘l transportiga chipta olish – juda qiyin. Chunki chiptalar biznes manbayiga aylangan, o‘rtakashlar foyda ilinjida vaziyatdan foydalanmoqda. Lekin narxlarning oshgani o‘rtakashlar bozorini sindirishi mumkin, deydi PR ekspert Ikramova.

“Masalan, Fransiyadan O‘zbekistonga sayohat narxi aviabiletlar bilan hisoblaganda 2500 yevrogacha bormoqda va bu jahon bozorida juda qimmat degani, deydi Xayrullo Normatov.

Bundan tashqari, mehmonxonalar, mehmon uylari va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish obektlari xususida gap ketarkan, bildirilishicha, VIP mehmonlar uchun 5 yulduzli mehmonxonalarning soni barmoq bilan sanarli. Aslida ularning soni, hech bo‘lmasa, poytaxtda o‘nlab bo‘lishi kerak.

Aholidagi til bilish bog‘liq muammolar, sayyohlarni ko‘rganda faqat foyda olish intilish madaniyati ham turizm sanoati gullashiga to‘siq bo‘lmoqda. O‘zbekistonga shuningdek, yoshlar kam keladi. Kamola Ikramova fikricha, yoshlarbop turistik mahsulotlar deyarli yo‘q. Masalan, ko‘ngilochar dasturlar, tungi hayot, quvnoq va sho‘x dasturlar, konsertlarni to‘g‘ri tashkil qilish kerak.

“Tungi hayot deganda, faqat yomon ishlarni qilishni tushunmaslik lozim. Yoshlarbop, ularning vaqtini chog‘ o‘tkazish uchun turli dasturlar bo‘lishi joiz”, - deydi Ikramova.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid