Sport | 13:40 / 21.09.2023
29258
23 daqiqa o‘qiladi

Bellinghem yana qutqardi, «MYu» uchta gol urib ham yutqazdi. YeChLda kun o‘yinlari

«Arsenal» kuchli qaytish qildi. Chempionlar ligasining guruh bosqichida 1-tur yakunlandi. Chorshanba oqshomidagi o‘yinlarda urilgan gollar va guruh jadvallarida yuzaga kelgan vaziyat.

A guruhi

Myunxenda gollarga boy o‘yin

 

«Bavariya» — «Manchester Yunayted» 4:3
Gollar:
Sane (28), Gnabri (32), Keyn (53, penalti), Tel (90+2) — Hoylund (49), Kazemiro (88, 90+5). 
Bavariya – Ulrayh, Upamekano, Kim, Devis, Goretska, Kimmih, Laymer, Sane (Tel, 87), Musiala (Shupo-Moting, 75), Keyn (Myuller, 87), Gnabri (Koman, 63).
Manchester Yunayted – Onana, Dalot, Lindelyof, Martines, Regilon, Eriksen (Maktominey, 69), Kazemiro, Fernandesh, Pelistri (Garnacho, 81), Reshford, Hoylund (Marsiyal, 81). 
Ogohlantirishlar: Martines (62), Goretska (62).

Qur’a tashlanganidan keyin barchaning e’tibori birinchi navbatda mazkur jamoalar qarama-qarshiligiga qaratildi. Ko‘pchilik YeChL-1999 finalini esladi (o‘shanda «MYu» qo‘shimcha daqiqalarda «Bavariya» darvozasiga ikki gol urgan va sovringa ega chiqqandi) va bu jamoalarning shuncha yil o‘tgandan keyingi to‘qnashuvi qanday kechishini kuta boshladi.

Ammo bu uchrashuv arafasida boshqa intrigalar ham yetarlicha edi. Masalan, Tomas Tuxel o‘tgan mavsumdagi diskvalifikatsiya tufayli bu o‘yinni tribunada kuzatishga majbur edi. Erik ten Hag zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan bo‘lsa-da, qator muammolarni hal etishi talab etilardi — Sanchoning demarshi va Antoni manziliga ayblovlardan tortib, jamoa futbolchilarining juda yomon formasigacha. Shu tufayli inglizlar YeChL startiga ichki chempionatdagi muvaffaqiyatsizliklar fonida kirib keldi. Beshta turdan uchtasida yutqazgan jamoa turnir jadvalida 11-o‘ringa tushib ketgan.

Bu jamoalardagi yana bir umumlashtiruvchi figura Harri Keyn edi. Angliya milliy jamoasi hujumchisi hech qachon «Manchester Yunayted» safida o‘ynamagan bo‘lsa ham, ko‘p yillar davomida uning nomini «qizil iblislar» bilan bog‘lab kelishayotgandi. Yarim yil oldin ham «MYu» muxlislari «Tottenhem»ga qarshi o‘yin vaqtida shunday qo‘shiq kuylashgandi: «Keyn, iyunda ko‘rishamiz».

Ular iyunda ko‘rishishmadi, bu sentabrda ro‘y berdi. Bu vaqtga kelib Keyn allaqachon «Bavariya»ga moslashib ulgurgan va bundesliga startidagi to‘rt turda to‘rt gol urishga erishgandi, ammo Chempionlar ligasi — butunlay boshqa turnir.

Myunxenliklar — asosiy yevrokubokdagi asosiy favoritlardan biri sanaladi, Keyn esa — «Bavariya»ning yangi yuzi. Albatta, undan o‘zi yaxshi biladigan raqibga qarshi o‘yinda o‘zini ko‘rsatishini kutishardi. Ammo birinchi bo‘limda sahnaga boshqa futbolchilar chiqishdi.

Ulardan biri — Andre Onana. Oyoqda yaxshi o‘ynaydigan ushbu darvozabon «Manchester Yunayted»ga kelganidan keyin to‘pni o‘yinga kiritishda qo‘shimcha himoyachiga aylanmoqda va jamoadoshlariga pressingdan chiqishda yordam bermoqda, ammo kamerunlik posbon birinchi galdagi vazifasini yaxshi uddalay olmayapti. Onana butun o‘yin davomida asabiylashdi, 28-daqiqada esa qaytarishi kerak bo‘lgan zarbani o‘tkazib yubordi — Sanening zarbasi u qadar yaxshi chiqmagandi ammo darvozabonning yaqin burchagiga borgan to‘p uning qo‘llari orasidan o‘tib darvoza to‘riga borib tushdi.

Birinchi golga qadar «Yunayted» hozirgi darajasi uchun yomon o‘ynamayotgandi. Mehmonlar ikkinchi raqam ostida harakatlangan bo‘lishsa-da, o‘yindagi birinchi golli vaziyat aynan ular tomonidan yuzaga keltirilgandi: Pellistri va Eriksen kombinatsiyasidan keyin hisob 4-daqiqada ochilishi ham mumkin edi. Ammo Ulrayh yaqin masofadan berilgan zarbani qaytardi, «Bavariya» esa birinchisi ortidan ikkinchi golni ham urdi — Musiala jarima chap qanotdan jarima maydoniga yorib kirdi, uning urinishi besamar ketishi ham mumkin edi, ammo Dalot ishonchsiz harakat qildi va yakunda to‘p qulay pozitsiyada turgan Gnabriga borib tushdi, u taxminan 11 metr masofadan darvoza to‘rini ishg‘ol etdi. Bu vaziyatda Onanaga e’tiroz bo‘lishi mumkin emas, «MYu» himoyachilari raqib hujumchisini yolg‘iz qoldirishgandi.

Ikkinchi bo‘limning boshlanishi intriganing aldamchi illyuziyasini berdi: «MYu»ning juda oddiy hujumi vaqtida «Bavariya» juda bo‘sh himoyalandi va Hoylundga YeChLdagi debyutida gol urishga imkon berishdi, bu uning yangi klubidagi ilk goli bo‘ldi. Ammo umid uzoq yashay olmadi: besh daqiqa o‘tmasdan Eriksen o‘z jamoasi jarima maydonida to‘pni qo‘l bilan o‘ynadi, Keyn esa o‘zi baribir o‘tmagan jamoa darvozasini sovuqqonlik bilan ishg‘ol etdi.

Agar raqamlarga qaralsa, «Bavariya» butun o‘yin davomida ustunlik qilmaganini ko‘rish mumkin: Hoylundning goliga qadar darvozaga berilgan zarbalar soni teng edi (5:5), to‘pga egalik qilish bo‘yicha ham yaqqol ustunlik ko‘zga tashlanmadi. Ammo o‘tkazib yuborilgan goldan keyin «Bavariya» g‘azab otiga mindi va to‘liq kuch bilan harakat qila boshladi: 50-daqiqadan keyin myunxenliklarning to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunligi 7 foizga ko‘paydi va zarbalar soni bo‘yicha raqibni bir necha barobarga ortda qoldirdi.

«Bavariya» yirik hisobda g‘alaba qozonishi ham mumkin edi. Musiala va Saneda ikkitadan golli vaziyat bo‘ldi, zaxiradan maydonga tushgan Shupo-Moting Onanani seyv amalga oshirishga majbur qildi, ammo kutilmaganda o‘yin oxirida myunxenliklar gol o‘tkazib yuborishdi — Kazemiro jarima maydoni ichidagi tartibsizlikdan foydalanib, gazonda yotgan holda zarba berib, hisobni qisqartirdi va «Yunayted» muxlislariga yana bir umid berdi. Lekin bunisi ham aldamchi hissiyot bo‘lib chiqdi.

Ikkinchi bo‘lim boshidagi ssenariy takrorlandi: «Bavariya» yana raqibning ko‘zini ochirmasdan hujumlar uyushtirdi va hisobni tenglashtirish haqida o‘ylashga imkon bermadi, Myullerning zarbasi ustunga tegdi. Lekin Kazemironing golidan atigi uch daqiqa o‘tib mezbonlarning yana bir ajoyib hujumi samara keltirdi: Tel Kimmihning a’lo darajadagi pasidan keyin to‘rtinchi golni urdi.

Hali bu yakun emasdi — qo‘shimcha daqiqalarga qo‘shilgan daqiqada «Yunayted» jarima zarbasi ijro etish huquqiga ega bo‘ldi, Brunu Fernandesh to‘pni uzatdi, Kazemiro boshi bilan to‘pga biroz teginib, darvozabonni dog‘da qoldirdi. Shundan keyin o‘yin yakunlandi.

«MYu» Myunxenda darvozasiga qamalib olmasdan, ochiq futbol namoyish etdi. Bu tavakkalchilik ekani oldindan aniq edi. Kutilgan narsa ro‘y berdi. Aslida 4:3 umuman maydondagi haqqoniy vaziyatni ifodalamaydi — «Bavariya» yirikroq g‘alabaga haqli o‘yin ko‘rsatgandi.

«Galatasaroy» — «Kopenhagen» 2:2
Gollar:
Boe (86), Tete (88) — Elyunussi (35), Gonsalvesh (58). 
Galatasaroy – Muslera, Boe, Bardakchi, Nelsson (Ndombele, 76), Anxelinio, Demirbay (Serjiu Oliveyra, 59), Ziyosh (Yilmaz, 66), Torreyra, Oqturko‘g‘li (Zaa, 66), Mertens (Tete, 59), Ikardi.
Kopenhagen – Grabara, Yyelert, Vavro, Diks, Meling, Falk, Lerager, Gonsalvesh (Klasson, 70), Elyunussi (Hoylund, 90+3), Ashuri (Lund, 75), Larsson (Ouskarsson, 70; Ankersen, 75).
Ogohlantirishlar: Lerager (11), Ziyosh (39), Yyelert (52), Diks (73), Oliveyra (77), Meling (82).
Chetlatish: Yyelert (73).

Turning u qadar afishali bo‘lmagan o‘yinlaridan birida aql bovar qilmas syujyetlar ro‘y berdi. 86-daqiqaga qadar «Galatasaroy» umidsiz holatda yutqazayotgandi, ammo ikki daqiqa ichida ikki to‘p farqi yo‘qqa chiqarildi. Va bu kambek o‘yin mantig‘idan kelib chiqdi. Turklar hisob 0:0 ekanida ham qator golli vaziyatlar yaratishgandi, qolaversa, mezbonlar 72-daqiqadan bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynay boshlashdi. Ularga shunchaki mas’uliyatni zimmasiga oladigan qahramon kerak edi va bu Tete bo‘lib chiqdi. Zaxiradan tushirilgan braziliyalik futbolchi avvaliga to‘pni ikki himoyachi orasidan o‘tkazib, ajoyib golli pas berdi, keyin esa havodagi to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga joyladi. Bu istanbulliklar klubi uchun YeChLda ikki to‘p farqidan chiqib ketish bilan bog‘liq uchinchi holat — bungacha bu kabi holat 22 yil muqaddam «Real»ga qarshi o‘yinda kuzatilgandi (3:2).

3 oktyabr. Kopenhagen — Bavariya, Manchester Yunayted — Galatasaroy.

V guruhi

Olti yillik kutish

«Arsenal» — «PSV» 4:0
Gollar:
Saka (8), Trossar (20), Jyezus (38), Edegor (70). 
Arsenal – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko (Tomiyasu, 58), Edegor, Rays (Jorjinio, 76), Haverts, Trossar (Nelson, 58), Saka (Viyeyra, 69), Jyezus (Smit-Rou, 69).
PSV – Benites, Teze, Boskali, Bella-Kochap (Ramalo, 76), Dest, Shauten, Verman, Lang (Vertessen, 76), Saybari (Tillman, 66), Bakayoko (Losano, 66), de Yong (Pepi, 90). 
Ogohlantirishlar: Uayt (42), Boskali (47), Tillman (80), Shuten (87). 

Londonning «Arsenal» uchun muxlislik qiladigan qismi 2388 kun kutish rejimida bo‘ldi. Bu vaqt ichida «kanonirlar»ning Chempionlar ligasidagi so‘nggi goli muallifi Uolkott faoliyatini yakunlashga ulgurdi, ammo endi «Emireyts»da yangi avlod javlon urmoqda. Edegorning zarbasidan keyin qaytgan to‘pni darvozaga joylagan Saka uchun ham, uning pasidan keyin uzoq masofadan darvozani ishg‘ol etgan Trossar ham shu kuni asosiy yevrokubokdagi ilk o‘yinida maydonga tushgandi.

Ikkinchi goldan keyin PSV da o‘yinda burilish uchun shunchaki imkon qolmadi. Gabriel Jyezus ijrosidagi uchinchi gol — birinchi bo‘limda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan eng minimal natija edi. Agar londonliklar qulay vaziyatlarda xato zarbalar bermaganda va Benitesning seyvlari bo‘lmaganida, dastlabki 45 daqiqalikda 5:0 bo‘lishi hech kimni ajablantirmagan bo‘lardi. Shu oqshom maydonda to‘liq dominantlik qilgan Mikel Arteta jamoasi to‘rt gol bilan kifoyalandi, Edegor esa jamoaning Chempionlar ligasida gollar hisobini ochgan uchinchi futbolchisiga aylandi.

«Sevilya» — «Lans» 1:1
Gollar:
Okampos (9) — Fyuljyeni (24). 
Sevilya – Dmitrovich, Ramos, Gudel, Pedrosa, Rakitich (Suso, 74), Fernando, Lamela (Lukebakio, 63), Okampos, Sou (Sumare, 63), Xuanlu Sanches (Navas, 80), An Nosiriy (Mariano, 80).
Lans – Samba, Gradi, Danzo, Medina, Machado (Aydara, 85), Frankovski, Mendi (Diuf, 71), Fyuljyeni (Tomasson, 76), Abdul Samad, Sotoka, Vai (Gilavogi, 71).
Ogohlantirishlar: Medina (14), Sotoka (17), Samba (18), Fyuljyeni (30), Gudel (37), Ramos (70), Okampos (73), Aydara (90).

«Lans» Chempionlar ligasida qachondan buyon o‘ynamayotganini tushunish uchun bir faktni keltirish yetarli: shu kuni boshlang‘ich tarkibda tushgan hujumchi Vahi fransuzlarning YeChLdagi so‘nggi o‘yinidan 50 kun o‘tib dunyoga kelgan. Lekin xalqaro o‘yinlarda tajriba yo‘qligi ham, mavsum startida o‘yin borasidagi muammolar ham «Sevilya»ga munosib qarshilik ko‘rsatishga xalal bera olmadi. Okamposning tezkor goliga Fyuljini jarima zarbasini aniq ijro etib javob qaytardi. Bu Yevropa Ligasi o‘yini emas, andalusiyaliklar magiyasi bu yerda ishlamaydi.

3 oktyabr. Lans — Arsenal, PSV — Sevilya.

S guruhi

«Real» — «Union» Berlin 1:0
Gol:
Bellinghem (90+4). 
Real – Arrisabalaga, Nacho (Garsiya, 73), Ryudiger, Alaba, Modrich (Dias, 81), Tchuameni (Valverde, 66), Kamavinga (Kroos, 66), Bellingem, Vaskes, Rodrigo, Xoselu.
Union Berlin – Rennov, Yuranovich, Bonuchchi (Yyekkel, 80), Leyte, Duki, Gozens, Kral, Tuzar (Kemlyayn, 83), Laiduni (Aaronson, 66), Bekker (Fofana, 80), Berens (Folland, 66).
Ogohlantirishlar: Tuzar (1), Tchuameni (37).

Asosiy yevrokubokda debyutant ekaniga qaramay, «Union» birinchi bo‘limda kurash taklif qilishga tayyor ekanini namoyish etdi. Berlinliklar bo‘lim davomida «Real»ga o‘z ustunliklaridan foydalanishga imkon bermadi. Tuzar esa 40-soniyadayoq sariq kartochka olib, jamoasi o‘yinga qanday kayfiyatda tushganini namoyish etdi.

Ikkinchi bo‘limga kelibgina mezbonlarda chinakamiga xavfli vaziyatlar yuzaga keldi, hujumlardan birida Rodrigoning zarbasini darvozabon ko‘krak qismi bilan qaytardi, ikkinchi urinishda zarba ustunga tegdi. Shu kuni qator imkoniyatlardan foydalana olmagan Hoseluning ham bir zarbasi darvoza to‘siniga tegdi, agar bu vaziyatda darvozabon to‘pga qo‘llari bilan yetishga ulgurmaganda hisob ochilishi ham mumkin edi. Berlinliklar devori o‘yin oxirigacha ketma-ket zarbalarga dosh berdi.

Karlo Anchelotti yakshanba kungi Madrid derbisi uchun asragan futbolchilarini ham jangga tashladi va qo‘shib berilgan daqiqalarda bu ish berdi. Kroos burchakdan to‘pni tezda o‘yinga kiritdi, Valverde zarba berdi, to‘p Kralning oyog‘idan bo‘sh darvoza qarshisida turgan Bellinghemga bordi. «Real» va qaymoqranglilar jamoasidagi olti o‘yinda 6 gol urgan (shundan uchtasi g‘alaba goli) Judning sehri davom etadi. Mezbonlar bu g‘alabaga haqli edi, chunki «Union» Kepa qo‘riqlagan darvoza sohasiga birorta aniq zarba yo‘llamadi. Statistika nuqtayi nazaridan ham nemislarning mag‘lubiyati muqarrardek edi, madridliklar bu turnirda debyut qilgan jamoalarga qarshi o‘yinlarining barchasida g‘olib bo‘lgan.

«Braga» — «Napoli» 1:2
Gollar
: Bruma (84) — Di Lorenso (45+1), Niakate (88, avtogol). 
Braga – Mateus, Gomes, Fonte, Niakate, Borxa (Marin, 85), Al Musrati, Karvalo (Salasar, 67), Bruma, Orta, Jalo (Banza, 77), Ruis (Pitssi, 85).
Napoli – Meret, Di Lorenso, Jyezus, Rrahmani (Estigor, 13), Olivera, Lobotka, Zelinski (Natan, 90), Zambo-Angissa, Politano (Raspadori, 67), Kvaratsxeliya (Elmaz, 66), Osimhen (Simeone, 90).
Ogohlantirishlar: Zambo-Angissa (19), Osimhen (41), Jalo (44), Fonte (55), Politano (56), Borxa (66), Raspadori (79), Olivera (86), Jyezus (90+3).

«Napoli» uzoq vaqt davomida portugallar himoyasidan o‘ta olmadi. Osimhenning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi esa darvoza to‘siniga tegdi. Mehmonlar foydasiga qo‘yilgan penalti ham bekor qilindi, arbitr monitor qarshisiga borib, nigeriyalik futbolchiga qarshi folni emas, uning o‘zi tomonidan qoida buzilganini qayd etdi. Ammo ushbu to‘purar futbolchining tirishqoqligi bo‘lim oxirida baribir natija keltirdi, u Kvaraxsxeliyaning uzatmasidan keyin to‘p uchun kurashda ustun keldi va to‘pga ega chiqqan Di Lorenso hisobni ochdi. «Napoli» sardori o‘tgan mavsum ham qo‘shib hisoblanganda, YeChLda eng ko‘p gol urgan himoyachi (3 gol) bo‘lib oldi.

Statistika nuqtayi nazarida bu «Braga» uchun hukm o‘qilishi edi. Asosiy yevrokubokda bu jamoa hech qachon hisobda ortda borayotganida o‘yinni qutqara olmagan, bu safar ham shunday bo‘ldi — Bruma o‘yin oxirida hisobni tenglashtirgandi — lekin uning goli natijaga ta’sir qila olmadi. Shu kecha mezbonlarning ochiqchasiga omadi kelmadi. Avvaliga Niakate o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi, keyin esa Pitssining hakam hushtagi yangrashi arafasida bergan zarbasi ustunga tegdi.

3 oktyabr. Napoli — Real, Union — Braga.

D guruhi

Ikkinchi «o‘lim» guruhi

«Real Sosedad» — «Inter» 1:1
Gollar:
Mendes (4) — Martines (87). 
Real Sosedad – Remiro, Traore, Le Norman, Subeldiya, Tirni (Munos, 62), Mendes (Pacheko, 85), Merino, Subimendi, Kubo (Odriosola, 72), Oyarsabal (Sodiq, 72), Barrenechea (Cho, 62).
Inter – Zommer, Dumfris, de Vrey (Acherbi, 76), Pavar, Bastoni (Dimarko, 55), Augusto, Mxitaryan (Sanches, 69), Barella, Aslani (Frattezi, 55), Arnautovich (Tyuram, 55), Martines.
Ogohlantirishlar: Aslani (13), Mxitaryan (60), Frattezi (70), Merino (70), Traore (89), Subeldia (90+6). 

«Real Sosedad» mavsumni yaxshi boshlay olmadi: ichki chempionatda atigi bir g‘alabaga erishilgan — la liga autsayderi «Granada» ustidan. Ammo «Inter»ga qarshi o‘yin arafasida o‘ziga xos intriga bor edi — oq-havoranglar jamoasi 10 yillik tanaffusdan keyin Chempionlar ligasiga qaytdi, bu esa doim alohida voqea sanaladi.

Mezbonlar barcha parametrlar bo‘yicha anderdog sifatida ko‘rilayotgandi — birinchi turda turnirning o‘tgan mavsumi finalchisi raqib bo‘lgandi. Lekin «Sosedad» futbolchilari ilk daqiqalardanoq italiyaliklarni jarima maydoni ichida qamab qo‘yib, bir necha xafvli zarbalar berishdi. «Inter» bu bosimga dosh berolmadi va 4-daqiqadayoq Zommer Mendesning zarbasi qarshisida ojiz qoldi

Ispanlar tezkorroq, keskinroq, qunt bilan harakat qilishdi — «Inter» futbolchilari yakkakurashlarni boy berdi, vaqti-vaqti bilan xavfli hujumlarni o‘tkazib yubordi. Birinchi bo‘lim zarbalar bo‘yicha 8:1 hisobida «Real Sosedad» foydasiga hal bo‘ldi. Shu kunlarda «Milan»ni 5:1 hisobida mag‘lub etgan jamoa uchun bu juda dahshatli natija edi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanganidan 10 daqiqa o‘tiboq Indzagi birdaniga uch futbolchini almashtirdi — Dimarko, Frattezi va Tyuram maydonda paydo bo‘ldi. Ammo bu ham yordam bermadi. 65-daqiqada esa Barellaga qizil kartochka ko‘rsatildi. Bosh hakam Maykl Oliver videotakrordan keyin qarorini bekor qildi, lekin bu italiyaliklarning umumiy kayfiyatini ko‘tara oldi, deyish qiyin. Mehmonlar qiynalishda davom etishdi.

Maydonda Aleksis Sanches paydo bo‘lgandan keyingina milanliklar jonlanib qolishdi va darvoza tomon zarbalar berila boshlandi. Indzagi beshinchi almashtirishni ham amalga oshirib, Acherbi ham maydonga tushganida esa o‘yinda burilish yuzaga keldi — mezbonlar tashabbusni to‘liq raqibga topshirib qo‘yishdi.

80-daqiqada neradzurri hisobni tenglashtirgandi, ammo Oliver ofsayd qayd etdi. Lekin 87-daqiqada italiyaliklar baribir hisobga olingan golni urishdi. Bu Martinesning mavsum startidagi oltinchi goliga aylandi.

«Benfika» — «Zalsburg» 0:2
Gollar:
Shimich (15, penalti), Gluh (51).
Aniq ijro etilmagan penalti: Konate, 3
Benfika – Trubin, Ba, Otamendi, Antoniu Silva, Eursnes, Di Mariya (Neres, 72), Mariu (Morato, 16), Rafa Silva (Guveyya, 84), Ko‘kchi (Shikinyu, 72), Nevesh, Musa (Tengstedt, 84). 
Zalsburg – Shlager, Dedich, Pavlovich (Pyatkovski, 89), Baydu (Sole, 72), Terzich, Bidstrup, Kiyergor, Gurna-Duat, Gluh (Suchich, 71), Shimich (Ratkov, 71), Konate (Koyta, 59).
Ogohlantirishlar: Trubin (2), Gurna-Duat (21), R.Silva (54), Baydu (58), Shimich (67), Otamendi (69).
Chetlatish: A.Silva (13).

Pley-off uchun imkoniyati yuqoriroq baholangan «Benfika» uchun bu o‘yin dahshatli tushga aylandi. Ikkinchi daqiqadayoq darvozabon Trubin to‘p o‘rniga raqibning bo‘yniga mushtlari bilan zarba berdi va bu penalti qo‘yilishiga sabab bo‘ldi. «Zalsburg»ning eng yaxshi to‘purari Konate to‘pni tribunalar tomonga qaratib tepgan bo‘lsa-da, mehmonlarga shu kuni omad ham kulib boqdi.

Hisob 0:0 ekanida Joau Mariu va Musaning zarbalari darvoza ustuniga tegdi. Keyin esa Antoniu Silva bilan baxtsiz hodisa ro‘y berdi, u darvoza to‘sinidan qaytgan to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi. 13-daqiqadayoq qizil kartochka, ikkinchi, bu safar aniq ijro etilgan penalti — bu «Benfika»ga ikkitalik zarba bo‘ldi. Lekin jamoa umidini so‘ndirmadi, masalan, Di Mariya burchak zarbasidan gol urishiga bir baxya qoldi. Ammo ikkinchi bo‘limda himoyadagi qo‘pol xatodan kuyeyin Shimich darvoza qarshisida bo‘sh turgan Gluhga golli pas berganidan keyin lissabonliklar uchun hukm o‘qildi. Jamoa bungacha guruh bosqichini yetti bor mag‘lubiyat boshlagan va har safar guruhda qolib ketgan.

3 oktyabr. Zalsburg — Real Sosedad, Inter — Benfika.

Kun statistikasi

  • Tomas Myuller YeChLda 100-g‘alabasiga erishib, bu borada Krishtianu Ronaldu va Kasilyasdan keyingi 3-futbolchi bo‘ldi.
  • «Bavariya» hujumchisi Gnabri Angliya klublari bilan so‘nggi olti o‘yinda 7 gol urgan.
  • Lautaro Martines YeChLdagi gollari sonini 11 taga yetkazdi. «Inter»ning ushbu turnirdagi eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida u Krespoga yetib oldi va rekordchi — braziliyalik Adrianodan uchta gol farqi bilan ortda bormoqda.
  • 21 yoshu 183 kun — «Zalsburg» Chempionlar ligasi tarixidagi eng yosh (o‘rtacha) boshlang‘ich tarkibni tushirdi.
  • Rikardu Orta «Braga» uchun 335-o‘yinini o‘tkazdi va bu borada klub tarixidagi uchlikka kirdi.

Mavzuga oid