O‘zbekiston | 18:03 / 09.06.2022
11772
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida bir kunda ikki kishini poyezd urib yubordi

Foto: Gazeta.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida bir kunda ikki kishi poyezd urib ketishidan vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Transport prokuraturasi hodisalar bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

2022 yil 7 iyun kuni soat 06:30 da Termiz - Toshkent -Andijon yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi “Jaloir-Kuchluk” temiryo‘l bekatlari oralig‘i, 24-kilometr 8-to‘siqda O‘rta Chirchiq tumani tibbiyot birlashmasida ro‘yxatda turuvchi, 1-guruh nogironi (qulog‘ida nuqsoni bor), O‘rta Chirchiq tumanida yashagan, 1995 yilda tug‘ilgan erkak kishini urib yuborgan. 

Bildirilishicha, fuqaro o‘z ehtiyotsizligi hamda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. 

Shu kuni soat 09:50 da Bo‘zsuv - Chirchiq yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan elektrovoz “Bo‘zsuv - Chirchiq” temiryo‘l bekatlari oralig‘i, 31-kilometr, 3-to‘siqda harakatlanib ketayotgan vaqtida piyodalar o‘tish joyidan Chirchiq shahrida joylashgan novvoyxonada ishchi bo‘lib ishlagan, Chirchiqda joylashgan do‘konlarga non olib borib berish maqsadida velosiped haydab, qo‘l telefonidan foydalanib o‘tib ketayotgan, 2002 yilda tug‘ilgan erkak kishini urib yuborgan. 

Transport prokuraturasi xabariga ko‘ra, fuqaro o‘z ehtiyotsizligi hamda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. 

Hozirgi vaqtda yuqorida qayd qilingan holatlar yuzasidan Toshkent viloyati transport prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid