Tramp jahon bozorlarini «portlatdi»: AQSh aksiyalari bir soat ichida deyarli 3 trln dollarga arzonlashdi
AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Amerikaga kelayotgan barcha import mahsulotlariga tariflar joriy etilishi va mamlakatning eng yirik savdo hamkorlariga alohida bojlar belgilanishi haqidagi qaror Amerika fond bozorida pandemiyadan buyon kuzatilmagan keskin qulashga olib keldi.

Foto: imago images / Xinhua
Payshanba kuni savdo boshlanishi bilan S&P 500 indeksi 4 foizdan ko‘proqqa, Nasdaq — 4,9 foizga, Dow Jones — 3,7 foizga pasaydi, kichik kapitalizatsiyaga ega kompaniyalarni o‘z ichiga oluvchi Russell 2000 indeksi esa deyarli 7 foizga quladi.
The Wall Street Journal hisob-kitoblariga ko‘ra, bir soatdan kamroq vaqt ichida AQShning eng yirik kompaniyalari aksiyalari 2 trln dollarga arzonlashdi. Umumiy bozor kapitalizatsiyasi esa 2,7 trln dollarga qisqardi — bu 2020 yildan beri qayd etilgan eng katta yo‘qotishdir.
Zavodlari Tramp tomonidan eng og‘ir bojlarga duchor qilingan mamlakatlardan biri Xitoyda joylashgan Apple aksiyalari 9,5 foizga pasaydi. Natijada, kompaniya 300 mlrd dollar boyligini yo‘qotdi. Xitoy mahsulotlari bilan to‘lgan Target va Dollar Tree kabi chakana savdo tarmoqlari aksiyalari 12 foizdan ko‘proqka tushib ketdi. Amazon —165 mlrd, Nvidia esa 183 mlrd kapitalizatsiyasidan mosuvo bo‘ldi.
Trampning eng yirik moliyaviy homiylari ham milliardlab dollar zarar ko‘rdi: Tesla aksiyalari tushishi orqali Ilon Mask 6 mlrd, Blackstone Group sarmoya fondi rahbari Stiven Shvarsman esa 3 mlrd dollar yo‘qotdi, deb yozadi The New York Times. Uch yil ichidagi eng katta tushish neft bozorida ham ro‘y berdi: Brent navli neft fyucherslari 7 foizga arzonlashib, barreli 70 dollardan pastga tushdi. Mosbirja indeksi 2,3 foizga pasaydi va ketma-ket 12-kun manfiy natijada yopildi — bu Rossiyadagi zamonaviy birja statistikasida ilk marta kuzatilmoqda.
Chorshanba kechqurun Oq uyning Gulzor bog‘ida so‘zlagan nutqida Tramp AQShga olib kiriladigan mahsulotlarning katta qismiga 10 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Shuningdek, Xitoyga nisbatan qo‘shimcha 34 foiz, Yevropa Ittifoqiga esa 20 foizlik bojlar belgilashini ma’lum qildi.
Fitch Ratings agentligidan Olu Sonolaning ta’kidlashicha, bu bilan AQShning import uchun o‘rtacha boj stavkasi 2024 yildagi 2,5 foizdan 22 foizgacha o‘sdi — bunday daraja so‘nggi marta taxminan 1910 yilda kuzatilgan.
«Bu nafaqat AQSh iqtisodiyoti, balki butun jahon iqtisodiyoti uchun o‘yin qoidalarini tubdan o‘zgartiradi, — dedi u. — Ko‘plab mamlakatlar retsessiyaga yuz tutishi mumkin».
Bojlar miqyosi kutilayotganidan ancha katta bo‘ldi: Oq uy hisoblariga ko‘ra, ular kelasi 10 yil ichida AQSh budjetini 6 trln dollar bilan to‘ldiradi va 2024 yilda 3 trln dollarga yetgan, 2025 yilda esa yana ortishi kutilgan budjet taqchilligini qisqartiradi. JP Morgan tahlilchilariga ko‘ra, Tramp qarori 1960-yillar oxiridan buyon bu tamoyildagi eng yirik soliq islohotidir.
Budjetni to‘ldirish evaziga esa AQShda retsessiya, Yevropa Ittifoqida iqtisodiy pasayish va global stagflyatsiya sodir bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi Quantum Strategy tahlilchisi Devid Rosh.
Yevropa Ittifoqi Tramp bojlariga javob sifatida qarshi choralar paketi tayyorlamoqda, deb e’lon qildi Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen. Xitoy esa AQSh tomonidan joriy qilingan bojlarga «qat’iy qarshi ekanini» bildirib, o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun qarshi choralar ko‘rishini ma’lum qildi. Xitoy fond bozoridagi «ko‘k chip» kompaniyalari CSI300 indeksi 0,59 foizga pasaydi. Yevropa birjalaridagi EuroStoxx600 indeksi esa 2,7 foizga tushdi.
Mavzuga oid

18:55
Tramp va Zelenskiyning Vatikandagi 15 daqiqalik suhbati tafsilotlari ma’lum qilindi

18:45
Reytinglar qulamoqda – amerikaliklar Donald Trampning birinchi 100 kunini baholadi

18:44
«Biz endigina boshladik». Tramp prezidentligining dastlabki 100 kunidagi yutuqlari bilan maqtandi

17:35