Sport | 12:50 / 09.01.2018
32830
11 daqiqa o‘qiladi

Filippe Koutino: orzular sari qadamlar

«Ketishim dabdaba-yu, kelishim shaldiroq arava bo‘ldi» – derdi Murod Rajabov sevimli «Ajoyib xayolparast» filmida. Filippe Koutinoga kelganda, bu iboraning teskarisini qo‘llash mumkin. Transfer qiymati bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni band etib, deyarli yarim yil davom etgan serialning yakuni o‘laroq «Kamp Nou»ga tashrif buyurgan Koutino bir necha yil oldin «Barselona» «tumshug‘ining tagida», «Espanol»da to‘p tepib yurardi.

Foto: Global Look press

U paytlarda kataloniyaliklarning bor e'tibori okean ortida, Neymarning afsunlariga mahliyo edilar. Keling, bir boshdan...

DASTLABKI QADAMLAR

Filippe Koutino  1992 yilning 12 iyunida, Braziliyaning madaniy poytaxti Rio de-Jyeneyroda tug‘ilgan. Yirik shaharning sanoat zonasida katta bo‘lgan Filippe oilada uchinchi farzand edi. Uning otasi arxitektor bo‘lib ishlagan, akalari esa, keyinchalik mamlakatida mashhur yurist bo‘lib yetishdi.

Koutinoning bolaligi boshqa braziliyalik futbolchilardan farq qilmagan – to kimningdir nazariga tushguncha, asosan beton yoki asfaltlarda to‘p tepish bilan shug‘ullandi. Bolakay o‘z kelajagini Braziliya terma jamoasi safida o‘ynash orzusi bilan bog‘lay boshlagach, uning ota-onasi yordamchi bo‘lishdi. Ular Filippening futzal maydonlaridagi harakatlarini videotasvirga tushirib olishar va mahalliy skautlarga ko‘rsatishardi. 

Qahramonimiz futbol sirlarini «Vasko Da Gama» akademiyasida o‘rgandi. Uning ajoyib texnikasi va maydonni ko‘ra bilishi murabbiylarni o‘ziga tezda jalb qilar, uning anchagina nozik ekaniga ham e'tibor qaratib o‘tirishmasdi. Koutino ancha erta, 18 yoshidayoq Yevropaga ketishga muvaffaq bo‘ldi. 

«INTeR»DAGI MAVHUMLIK IChIDA

Foto: goal.com

Aslida u 2008 yildayoq, ya'ni 16 yoshida Italiyaning «Inter» klubi nazariga tushib ulgurgan va 2.8 millionlik shartnomaga imzo chekilgandi. Faqat A Seriya qoidalariga ko‘ra, balog‘at yoshiga yetmagan Koutino milanliklar tarkibida to‘p sura olmasdi, shuning uchun, 2 yil ijara shartnomasi asosida Braziliyada o‘ynab yurdi. 2010 yilning avgustida nihoyat «Inter» safiga kelib qo‘shilgan Koutino ilk golini oradan salkam bir yil o‘tib, «Fiorentina» darvozasiga jarima zarbasidan urgandi. 

Ammo «Inter»ning asosiy tarkibiga kirish yosh futbolchi uchun qiyinchilik tug‘dirardi. Jamoada bir qator yetakchi futbolchilar bo‘lib, Koutino o‘z imkoniyatini juda kam holatlarda qo‘lga kiritardi. Ko‘proq o‘yin amaliyotini istagan futbolchi Ispaniyada, «Espanol»da ijara asosida o‘ynashga rozi bo‘ldi.

Foto: Marca

2012 yilning yanvaridan o‘sha mavsum oxirigacha u kataloniyaliklar tarkibida 16 o‘yinda maydonga tushib, 5 gol muallifi bo‘ldi. Jumladan, ta'kidlash joizki, o‘shanda u «Kamp Nou»da to‘p surishga ham ulgurgan. Mezbonlar 4:0 hisobida g‘alaba qozongan o‘yinda, hech kim yosh Koutinoga e'tibor qaratmagan bo‘lsa kerak. 

«Inter»dagi beqarorlik, tinmasdan murabbiylarning almashishi ijarada yurgan Koutinoga yaxshiroq nazar solishga fursat bermasdi go‘yo. Uning o‘zi kumir sifatida Ronaldinoni tanlagan, ba'zi fintlari bilan mashhur afsungarni yodga solsa-da, taktik qarashi va o‘yin intizomi borasida Koutinoni Kakaga ham qiyoslash mumkin. Koutino brazilcha go‘zallikni jamoaviy o‘yinga aralashtira olgandi, balki shuning uchunmi, u o‘sha yigirma yoshida boshqa tengqurlari kabi yarq etib ko‘zga tashlanmagandir. Axir barqaror jamoaviy o‘yinsiz Koutinodagi ulkan salohiyatni ko‘rish yanada qiyinroq bo‘lib ketardi. 

APLDA PORLAGAN BRAZIL

Mana shunday murabbiy «Liverpul»da topildi. «Sauthempton» va «Liverpul» tomonidan qiziqish bildirilgan yarimhimoyachi Brendan Rojyers jamoasini tanladi. Yosh futbolchining kelajagini taxmin qilishdan zarurroq ishlari bo‘lgan «Inter» bu transferga u qadar qarshilik qilib o‘tirmadi va 2012/13 yilgi mavsumining o‘rtasida, atigi 8.5 million funt sterlingga Filippe Koutino «Liverpul» a'zosiga aylandi. 

Kelasi mavsumda «Liverpul» balki hozirgacha eng yaxshi yillaridan birini o‘tkazdi, jamoa hatto chempionlik unvoniga ham bir qadam kelgandi. Faqat Jyerrard o‘sha qadamni bosayotib yiqilib tushganini hamma eslasa kerak. Xullas, Suares, Jyerrard, Starrij, Sterling kabi yorqin futbolchilar ichida ham Filippe Koutino porlay oldi va jurnalistlar uni klubning mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi deb e'tirof etishdi.

Uyog‘ini siz ham yaxshi bilasiz, keyingi yillarda Koutino jamoaning eng muhim futbolchisiga aylandi, 40 dan ortiq gol urdi, APLda eng ko‘p gol urgan braziliyalik futbolchi sifatida qayd etildi. Uning «Barselona»ga transferi bo‘yicha muzokaralar salkam olti oy davom etdi va yakunda u La Liga peshqadami tarkibidan klub afsonasi Yohan Kroyffning 14-raqamida maydonga tushadigan bo‘ldi. 

OILA – ASOSIY TAYaNCh

Filippe bo‘lajak turmush o‘rtog‘ini 14 yoshida, Riodagi odatiy raqs kechalaridan birida uchratgandi. U Ayneni Italiyaga o‘zi bilan olib keldi va juftlik birga yashay boshladi. 2012 yilda esa yoshlarning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi. Aynan rafiqasi Koutinoning asosiy tayanchi va ilhomi hisoblanadi. Koutino har gol urganda tribunadan rafiqasi qidiradi. Yosh oila o‘g‘il (Filipp) va qizni (Mariya) katta qilishmoqda.  

«BARSeLONA»GA TRANSFeR: PLYuS VA MINUSLAR

Foto: sportfotodienst

Kutilmaganda Neymarning ketishi «Barselona»ga munosib o‘rinbosarlar qidirishga undadi va dastlabki kunlardanoq, asosiy e'tibor «Liverpul» yetakchisiga qaratildi. Faqat «Liverpul»ning qat'iyati bu transferni qishgacha kechiktirdi. Kataloniyaliklarning fikrlaridan qaytmaganliklari va balki, Muhammad Saloh obrazida Klopp yangi yetakchini topgani bu transferni tezlashtirdi va tomonlar yozni kutmaslikka qaror qilishdi. Xo‘sh, Koutino «Barselona»ga nima beradi?

Birinchidan, baribir ham o‘z maqsadiga erishish va kerakli futbolchini «Kamp Nou»ga olib kelish Barselona klubi imiji uchun munosib yakun bo‘ldi. 

Ikkinchidan, Koutino «Barselona» hujum chizig‘iga va maydon markaziga kerakli impulsni bera oladi. Yosh futbolchi «Liverpul»da o‘z o‘yini bilan top-yulduzlar qatoriga kirish salohiyatini namoyish qildi, ammo jamoaviy yutuqlarga erishmadi. Jamoaviy sovrinlar o‘tida yonayotgan yangi futbolchi kataloniyaliklar uchun ayni muddao.

Uchinchidan, Koutino universal va taktik jihatdan serqirra futbolchi. Valverde uni Dembele o‘rnida qanotlarda ham, Rakitich yoki Inesta o‘rnida markaziy yarimhimoyada ham va hatto Messi o‘rnida ham sinab ko‘rishi mumkin. Ya'ni, murabbiy Koutino yordamida o‘yin sifatiga ta'sir ko‘rsatmagan holda o‘z yetakchilarini rotatsiya qilish imkoniga ega bo‘ladi.

To‘rtinchidan, «Liverpul»ning yuqori pressingga asoslanib o‘yin ko‘rsatishi va tezkor qarshi hujumlarga suyanishi «Barselona»ning ham, Valverdening ham qarashlariga juda mos keladi. Koutino yuqorida aytilganidek, braziliyalik bo‘lsa-da, taktik jihatdan intizomli futbolchi.

Beshinchidan, «Barselona» Koutino misolida yana bir uzoq masofadan zarba bera oladigan qurolga ega bo‘ladi. Futbolchi APLda o‘zi o‘ynagan davrda jarima maydoni tashqarisidan eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi – aksariyat o‘yinlarda raqib o‘n kishi bo‘lib himoyalanadigan «Barselona» uchun yana bir kuzirga ega bo‘lish ayni muddao. Shuningdek, chap tomondan standart vaziyatlar va jarima to‘plarini tepishda Messiga sherik topildi.

Foto: premierleague.com

Bundan tashqari, Koutinoning o‘z vaqtida Suares bilan «Liverpul»da ajoyib bog‘lam hosil qilgan, terma jamoa safida Paulino bilan ancha yildan beri yaxshi sherik bo‘lib kelayotgandi va albatta, oz bo‘lsayam, La Liga tajribasi futbolchining adaptatsiya jarayonini tezlashtiradi.

Ushbu transferning darajasi va uning atrofidagi shov-shuvlar «Barselona» atrofida ijobiy muhit yaratayotgan bo‘lsa-da, bu kelishuvning aynan qishda bo‘lgani biroz afsuslanarli bo‘lganini e'tirof etish kerak. Koutino Yevropa Chempionlar Ligasida maydonga tusha olmaydi. La Ligada esa, «Barselona» yaqin ta'qibchisidan 9 ochko ilgarilab ketgan («Real»dan 16 ochko) holda, hali birorta ham mag‘lubiyatga uchramay, juda tekis bormoqda. Ya'ni, yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, Koutinodan to‘liq foydalanish baribir kelasi mavsumga qoladi. Chempionlar Ligasida esa, «Barselona» ushbu 160 million yevrolik sarfni aks ettira olmaydi.

Agar «Liverpul» tomonidan Koutinoni ijaraga olish taklifi «Barselona» tomonidan rad etilganini hisobga olsak, ushbu mavsum uchun ham klubda Koutino bilan bog‘liq jiddiy rejalar borligini taxmin qilsa bo‘ladi. Adaptatsiya va jamoaga o‘rganish jarayonini tezlashtirish, transferni naqd qilib qo‘yishdan tashqari, yuqorida aytilganidek, rotatsiya uchun ham Koutino kerak. Inesta yoki Rakitich Chempionlar Ligasi o‘yinlari uchun tiklanayotgan paytda, Koutino La Ligada javlon urayotgan bo‘ladi. Kutamiz.

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid