O‘zbekiston | 11:26 / 17.02.2021
18507
6 daqiqa o‘qiladi

Mahalla, tuman va shaharlar kriminogen vaziyatdan kelib chiqib «qizil», «sariq», «yashil» hududlarga bo‘linadi – IIV

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12 fevral kuni IIV hay'ati kengaytirilgan majlisida bergan topshiriqlari ijrosini ta'minlash maqsadida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mahalla, tuman va shaharlar kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, uch toifaga, ya'ni, “qizil”, “sariq”, “yashil”ga bo‘linishi kutilmoqda.

IIV markaziy apparati hamda joylardan ichki ishlar organlarining rahbarlari, shaxsiy tarkibi hamda profilaktika katta inspektorlari ishtirok etgan majlisda dastlab prezident farmoni asosida lavozimga tayinlangan vazir o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i Yahyo Abdulhaqov hamda ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari Najmiddin To‘raxo‘jayev shaxsiy tarkibga tanishtirildi.

IIV axborot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, yig‘ilish davomida davlat rahbari tomonidan mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, jamoat xavfsizligi va fuqarolar osoyishtaligini ta'minlash borasida ichki ishlar organlari faoliyatining tanqidiy tahlili, kelgusida tizim faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilab bergan bir qator vazifalar muhokama qilingan. Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda joylarda, ayniqsa, bevosita mahallaning o‘zida jinoyatchilik profilaktikasi, aholi muammoli toifalari orasida huquqbuzarliklarning oldini olish ishlari birmuncha susaytirib yuborilgani prezident tomonidan jiddiy e'tirozga sabab bo‘lgani alohida ta'kidlandi.

Bundan tashqari, jamoat joylarida fuqarolar xavfsizligini ta'minlash, ijtimoiy xavfli, shu jumladan kibermakondagi jinoyatlarni fosh etish ishlarini keskin takomillashtirish zaruratiga alohida urg‘u berilgan.

Yig‘ilishda jinoyatchilikka qarshi kurashni “mahallabay” tashkil etish, jamoat xavfsizligini ta'minlash borasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda kelgusi davrda ichki ishlar organlari oldida turgan dolzarb vazifalar to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

“Tartib-intizom, qonunlarga hurmat, aholining osoyishtaligi, eng avvalo, mahallada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi zarur. Ko‘p rahbarlar xotirjamlikka berilgani, mahallaga tushib ishlamagani, muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, hal qilmagani oqibatida ayrim mahallalarda jinoyatlar oshishi kuzatilgan”, – deya ta'kidladi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov.

Shuningdek, prezident tomonidan profilaktika inspektorlariga ortiqcha yuklamalar berilayotgani, asosiy ish hajmidan ortiqcha vazifalar bilan shug‘ullanayotgani, buning natijasida ko‘p vaqt yo‘qotib, to‘g‘ridan to‘g‘ri faoliyati, ya'ni jinoyatlar profilaktikasi qolib ketayotgani keskin tanqid ostiga olingani ta'kidlandi.

“Yig‘ilishda bundan buyon ishni mutlaqo yangi tizimda tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Mahalla, tuman va shaharlar kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, uch toifaga, ya'ni, “qizil”, “sariq”, “yashil”ga bo‘linadi va mahalladagi jinoyat o‘choqlari aniqlanadi hamda ularni keltirib chiqaruvchi omillar tahlil qilinib, shu yo‘nalishda aniq va maqsadli ishlar olib boriladi.

Tahlillar asosida, eng ko‘p jinoyatlar sodir etilgan mahallalarda qo‘shimcha profilaktika inspektorlari, tezkor vakil, patrul-post va yo‘l-patrul xizmati xodimlaridan iborat alohida ichki ishlar bo‘linmalari tashkil etiladi. Kriminogen vaziyat murakkab mahallalarga kuch-vositalar qayta taqsimlanib, bevosita “jinoyatlar o‘choq”lari bartaraf etib boriladi.

Kelgusida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” negizida mahallalar kesimida aniq ma'lumotlar bazasi yaratiladi. Bu har bir muammoli shaxs bilan yakka tartibda manzilli ishlash imkonini beradi”, deya IIV axborot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda jinoyatchilikni jilovlash borasida huquq-tartibot idoralarining hamkorlikdagi ishlari samaradorligini yanada oshirish, bu sohada yagona markazlashgan tizimni joriy etish maqsadida “2021–2023-yillarga mo‘ljallangan Jamoat xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasi” ishlab chiqish, bu masalaga ilmiy yondashuvni tatbiq etish maqsadida IIV qoshida “Ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish takliflari bo‘yicha amaliy yechim topish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, tergov sohasini takomillashtirish hamda axborot texnologiyalarini ichki ishlar organlari faoliyatiga tatbiq etishdagi muammolarga to‘xtalib o‘tildi.

“Ichki ishlar organlarining barcha bo‘g‘inida qog‘ozbozlik va byurokratiyani keskin kamaytirib, ish yuritishni raqamlashtirish birlamchi vazifamizdir. Inson omili kamaytirilib, raqamli texnologiyalar oldinlamas ekan, kelajak ichki ishlar organlari faoliyatini tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Shu bois, ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy bilimini oshirish, ularning professional darajasini yuksaltirish borasida tizimli ishlar oldimizda turibdi”, deya ta'kidladi ichki ishlar vaziri.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 12 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi hay'atining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etdi va ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta'minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishidagi ishlarini tanqid qilib, tizimda vertikal boshqaruv to‘g‘ri tashkil etilmayotgani, ichki ishlar organlarining ishidan xalq norozi ekanini ta'kidladi.

Mavzuga oid