12:59 / 15.05.2024
5150

Tojikiston Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga qo‘shiladi

May oyining oxirigacha Tojikiston ham Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga qo‘shilishi mumkin. Ayni paytda Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston ushbu tizimda a’zo hisoblanadi.

© RIA Novosti / Ilya Naymushin

Tojikiston may oyi oxirigacha Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qo‘shilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga tayanib, Gazeta.uz xabar berdi

«Biz mintaqalararo savdo va hamkorlikni rivojlantirmoqdamiz, qo‘shnilarimiz — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston bilan elektr energiyasini yetkazib berish, eksport, import qilish va tranziti bo‘yicha juda yaqin hamkorlik davom etmoqda. Bu oy Tojikiston ham yagona Markaziy Osiyo energetika tarmog‘imizga qo‘shilishini kutyapmiz», - degan vazir.

Markaziy Osiyo yagona energetika tizimi haqida

Sobiq ittifoq vaqtida Markaziy Osiyoning gidroenergetikasi va dehqonchiligini rivojlantirish yagona tizimga birlashtirilgan edi. Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Janubiy Qozog‘istonni qamrab olgan Markaziy Osiyo energetika tizimi operatori rolini Toshkent bajargan. Aynan O‘zbekiston boshqa to‘rt davlat bilan chegaradosh bo‘lib, bu hol uni tabiiy ravishda mintaqaviy energiya habiga aylantirgan. SSSR parchalanganidan keyin 1997 yilda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasida energiya tizimlarining parallel ishlashi to‘g‘risida shartnoma imzolanadi. Murakkab tizim beshta davlatning 83 ta elektr stansiyasini birlashtirgan va Toshkentdagi Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi tomonidan boshqarilgan.

Tizim elektr energiyaga mavsumiy talab va suvga ehtiyojlar o‘zgarishlarini muvozanatlashtirishga imkon bergan. Tojikiston va Qirg‘iziston qishki vaqtda o‘zidagi suv omborlarida suv yig‘ib, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistondan elektr energiya va energiya zaxiralari (ko‘mir va tabiiy gaz) olgan. Yozgi vaqtda Tojikiston va Qirg‘iziston yig‘ilgan suvni O‘zbekiston va Qozog‘istonga yerlarni sug‘orish uchun yo‘naltirgan.

Ammo 2003 yilda Turkmaniston elektrga bo‘lgan ehtiyojini o‘zi qondirishga qaror qilib, yagona tizimdan chiqadi. 2009 yil dekabr oyida Markaziy Osiyoning energetik halqasi o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Asosiy sabab sifatida O‘zbekistonning tizimdan chiqishi keltirib o‘tilgan (mintaqadagi boshqa davlatlar tarmoqdan avtomatik ravishda uzilib qolgan). Bunga ko‘pchilik mutaxassislar tomonidan Toshkent va Dushanbe o‘rtasida Rog‘un GESining qurilishi tufayli yuz bergan ziddiyatlar sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Tizimning qayta tiklanishi

Yagona energetika tizimini tiklash zarurati birinchi marta 2014 yilda O‘zbekiston va Qirg‘izistonda yuzaga kelgan elektr energiyasi taqchilligi tufayli muhokama qilingan. Ammo bu kutilgan natija bermagan. 2017 yilda Ostona shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika idoralari rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va ular o‘rtasida yagona energetika tizimini tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi.

2018 yilda Toshkentda O‘zbekiston hukumatining tashabbusi bilan Energetika islohotlari bo‘yicha Markaziy Osiyo birinchi konferensiyasi o‘tkaziladi. 2019 yilda Istanbulda o‘tkazilgan ikkinchi konferensiyada mintaqa davlatlari yagona elektr energiyasi bozorini yaratish bo‘yicha deklaratsiya imzolaydi. O‘tkazilgan muzokaralardan keyin Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston birlashgan energiya tizimiga qaytishga qaror qiladi. Energiya halqasi uchun infratuzilmalar saqlanib qolingani bu tashabbusni amalga oshirishda ortiqcha muammolarni yuzaga keltirmaydi. Birlashgan energiya tizimlari iqtisodiy nuqtayi nazardan barcha tomonlarga foyda keltiradi, sababi bir mamlakatlardagi uzilishlar boshqa tomonning profitsitlari hisobiga qoplanadi.

2021 yil dekabr oyi boshida Moskvada bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo kongressida Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir 2022-2023 yillarda Tojikiston ham yagona “energetika halqasi”ga qaytishni rejalashtirayotganini aytib o‘tgan.

Mutaxassislarga ko‘ra, agar bir mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin oshib ketsa, tizimga og‘ir yuk tushmasligi va nosozlik yuz bermasligi uchun o‘zining zaxira quvvatidan foydalanishi kerak (O‘zbekistonda ular katta ehtimol bilan mavjud). Agar zaxira quvvati bo‘lmasa (ehtimol Qirg‘izistonda), iste’molchilarning muayyan qismi uchun elektr ta’minotini vaqtincha o‘chirish lozim.

Top