12:59 / 28.10.2017
10217

Migratsiya inqirozi yangi innovatsiyalar paydo bo‘lishiga olib keldi

Foto: Reuters

Oxirgi ikki yil muhojirlar oqimi Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirigi bo‘ldi. Bu vaziyatga butun dunyodagi startaplar munosabat bildirdi. Ular uy-joy qidirish kampaniyalarini yo‘lga qo‘ydilar, dasturlash maktablari ochdilar va qochqinlar uchun messenjerlar yaratishga tushib ketdilar. Mutaxassislarning ma'lumotlariga ko‘ra, ko‘plab davlatlarda ijtimoiy innovatsiyalar avj oldi.  

Qochqinlar uchun o‘tkir muammolardan biri arzon uy-joy yetishmasligi bo‘ldi. Iyulda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bu muammoni hal qilishga va odamlar ko‘chalar yoki o‘rmonlarda yotishlariga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Bunga Open Homes tashabbusini yo‘lga qo‘ygan Airbnb kompaniyasi "labbay" deb javob berdi. Ushbu loyiha uy-joy egalariga qochqinlarni joylashtirish uchun joylar qidiruvchi xayriya tashkilotlari bilan bog‘lashda yordam beradi.

Birinchi haftalarda tizimda 600 ga yaqin uy-joy egalari ro‘yxatdan o‘tishgan, yarim yildan kamroq vaqt ichida esa Open Homes’ning AQSh, Kanada, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Italiya va Ispaniyada bo‘limlari paydo bo‘ldi. 2025 yilgacha loyiha 100 ming qochqinga uy-joy taqdim qilmoqchi. Shunga o‘xshash vazifalarni Refugees Welcome, Home4Refugees va CALM tashkilotlari ham o‘z oldiga qo‘ymoqda.

Vashingtondagi migratsiya siyosati instituti ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda migratsiya inqirozi boshlangandan beri, ijtimoiy va texnologik innovatsiyalar avj olishi yuz berdi. Qochqinlarga uy-joy, ish topish va jamiyatga qo‘shilib ketishda yordam beruvchi yangi loyihalar va kompaniyalar paydo bo‘ldi. Ba'zi startaplar xayriya tashkilotlariga ish jarayonlarini avtomatlashtirish uchun servislar taklif qilmoqda. Londonda axborot texnologiyalari kompaniyalarini birlashtiruvchi Techfugees tashkiloti shakllandi.   

Ko‘plab davlatlar muhojirlar uchun dasturlash maktablarini yo‘lga qo‘yishdi. Ular uchun Techfugees Room7 konsorsiumini yaratdi. Unga 14 ta loyiha qo‘shilgan. 

Xayriya tashkilotlari qochqinlar guruhlariga ularning ehtiyojlaridan kelib chiqib xabarlar yubora oladigan TextFugees messenjeri loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Dastur hozircha sinovdan o‘tmoqda va yaqinda Fransiyada ishga tushirilishi kerak. 

TikkTalk loyihasi esa xayriya tashkilotlari xodimlariga turli davlatlardan kelgan qochqinlar bilan muloqot qilish uchun tarjimonlarni qidirishga yordam beradi. Servis hozircha Norvegiyada ishlamoqda, biroq yaqinda Italiya va Gretsiyada paydo bo‘ladi.

O‘tgan yil bahorida AQShning X2AI startapi "Karim" nomli sun'iy ong-chatbotini ishga tushirdi. Bu chatbot (virtual suhbatdosh) arab tilida qochqinlarga psixologik yordam ko‘rsatadi. 

Finlyandiyada muhojirlarga yordam berishda blokcheyn qo‘llanmoqda. Oxirgi ikki yil davomida Finlyandiya migratsiya xizmati bank hisob-kitob raqamiga ega bo‘lmagan qochqinlarga blokcheynda saqlanuvchi raqamli indentifikatorga bog‘langan Mastercard kredit kartalarini taqdim qilmoqda.

Top