SSV: O‘zbekistonga noyob ko‘chma laboratoriya olib kelindi
O‘zbekistonga ilk bor ko‘chma mobil PZR laboratoriyasi olib kelindi. U bir sutkada 1,5 ming kishida koronavirusga PZR tekshiruvini amalga oshirish imkonini beradi.
«Hozirgi kunda mamlakatimizning turli hududlarida 200ga yaqin turg‘un PZR laboratoriyalari mavjud. Ammo bu chekka va olis hududlar aholisini to‘liq qamrab olishda ba'zi muammolarni yuzaga keltirayotgandi. Shu bois, bugun keltirilgan ko‘chma mobil PZR laboratoriyasi va emlash punkti yurtimizning istalgan hududiga borib, koronavirus tahlillarini o‘tkazish imkonini beradi.
Yana bir ahamiyatli jihati, mazkur zamonaviy texnika vositalari yordamida PZR testi natijalarini bir necha soat muddatda olish mumkin», — deydi Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev.
SSV matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, ko‘chma mobil laboratoriya 2020 yilda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va OPASCA GmbH ko‘magida hayotga tatbiq etilgan «Germaniya hukumatining O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimiga texnik va tashkiliy yordami» loyihasi doirasida yurtimizga keltirildi. Unda aholi va tibbiyot xodimlari brigadasi uchun barcha qulayliklar mujassam.
Elektr energiyasi bo‘lmagan vaziyatlarda ham 6 soatgacha xizmat ko‘rsata oladi. Haydovchi va 3 nafar tibbiyot xodimi faoliyati uchun to‘liq moslashtirilgan. Ularning dam olishi, ovqatlanishi, yuvinishi va boshqa ehtiyojlari uchun zarur sharoitlarga ega.
Mobil PZR laboratoriyasi dastlabki faoliyatini Samarqand viloyatining chekka va aholi soni ko‘p bo‘lgan hududlaridan boshlashi kutilmoqda. Fuqarolar mazkur laboratoriyada koronavirusga bepul test topshiradi.
«Aytish joizki, O‘zbekiston va Germaniya aloqalari tobora kengaymoqda. Jumladan, ikki davlat sog‘liqni saqlash tizimi o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lami yildan yilga kengayib boryapti.
Bugun Germaniyaning OPASCA kompaniyasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan mazkur ko‘chma mobil PZR laboratoriyasi O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga topshirilgani ham ana shu hamkorlikning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi», deyiladi xabarda.