07:32 / 07.09.2019
3
56641

Prezident dori vositalari bo‘yicha qaror imzoladi. 1 dekabrdan boshlab sotuvda yangi tartib o‘rnatiladi 

Foto: Valeriy Matytsin/TASS

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining:

2019 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan kuchli ta'sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan alohida dori vositalari buyum-miqdor jihatdan hisobga olinishi lozim va ularning chakana realizatsiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi mavjud bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi;

shifokor retsepti bo‘yicha beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, shu jumladan, kuchli ta'sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalarining noqonuniy chakana savdosi holatlariga barham berish bo‘yicha tekshirishlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga xabar berish tartibida, Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali amalga oshirilishi;

kuchli ta'sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi qoshida tashkil etiladigan idoralararo ekspert guruhi takliflari asosida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi tartibini o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda kuchli ta'sir qiluvchi moddalar ro‘yxati va ekspert guruhining tarkibini tasdiqlaydi.

Belgilanishicha:

kuchli ta'sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalarini berish uchun yozilgan retseptlar dorixonalarda bir yil davomida saqlanadi;

mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat'i nazar tibbiyot tashkilotlarida bemorga retseptli dori vositalarini belgilangan tartibda retseptni rasmiylashtirmasdan tayinlash taqiqlanadi;

2020 yil 1 yanvardan boshlab dori vositalari va tibbiy buyumlarning realizatsiya (berish) jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishdagi litsenziya talabi hisoblanadi (qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari hududida joylashgan dorixonalar va ularning filiallari bundan mustasno), mazkur talabning muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilishi litsenziyaning amal qilishini o‘rnatilgan tartibda tugatish uchun asos bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

uch oy muddatda Dori vositalari va tibbiy buyumlarga elektron tarzda retsept berish axborot tizimini joriy etish bo‘yicha texnik hujjatlarni ishlab chiqsin va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUKka kiritadi;

2021 yil 1 yanvarga qadar Elektron retsept berish tizimi, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida joriy etilishini ta'minlasin va uni Axborot tizimi bilan integratsiyalash imkoniyatini nazarda tutadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Elektron retsept berish tizimining buyurtmachisi hisoblanadi;

2021 yil 1 martdan boshlab Elektron retsept berish tizimi mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat'i nazar Toshkent shahridagi barcha tibbiyot tashkilotlari va dorixonalari uchun, 2022 yil 1 martdan boshlab esa bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida qo‘llanilishi majburiy hisoblanadi;

Elektron retsept berish tizimini ishlab chiqish, joriy etish va keyinchalik qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, axborotlashtirish obektlarini tekshiruvdan o‘tkazish, texnik va loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash, server, kommutatsiya va kompyuter uskunalarini xarid qilish “Sog‘liqni saqlash” tarmog‘i uchun ajratiladigan budjet ajratmalari doirasida, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donor mamlakatlarning mablag‘lari, davlat-xususiy sheriklik shartnomasi doirasida xususiy sherik mablag‘lari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top