O‘zbekiston | 17:29 / 13.11.2021
11656
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda chigirtkadan parhez un ishlab chiqariladi

Foto: Shutterstock

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida saudiyalik hamkorlar bilan chigirtkadan parhez un ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.

Ma'lum qilinishicha, qashqadaryolik tadbirkor M.Hamzayev viloyat innovatsion rivojlanish boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Nishon tumanida chigirtkadan parhezbop un tayyorlash loyihasini ishlab chiqqan. Loyiha qiymati 4,1 milliard so‘m bo‘lib, yillik quvvati 80 tonna chigirtka uni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Ayni paytda chigirtka unini eksportga chiqarish uchun tadbirkor va Saudiya Arabistonidagi hamkorlar o‘rtasida shartnoma imzolangan. Loyihaga ko‘ra 10 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Chigirtka unining 1 kilogrami 3,7 AQSh dollardan sotiladi.

Qayd etilishicha, chigirtkani dalalardan yig‘ib olish uchun aholi vakillari jalb qilinadi. Maxsus to‘r qoplarda hasharotlarni yig‘ib topshirgani uchun ularga tegishli miqdorda haq to‘lanadi. Bu hasharotning tarkibida oqsil miqdori ko‘p bo‘lgani bois butun dunyoda chigirtka uniga talab juda yuqori. Shu sababli chigirtka uni ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish maqsadida viloyatda chigirtkalar chatishtiriladi va qayta ishlash uchun maxsus yetishtiriladi.

Ma'lumot o‘rnida, chigirtka qishloq xo‘jalik o‘simliklarining eng xavfli kushandasi hisoblanadi. Bu zararkunandani bartaraf etish uchun Qashqadaryo viloyatida har yili o‘rtacha 130 ming gektar maydonga kimyoviy ishlov beriladi va bu uchun 10 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanadi.

Mavzuga oid