17:38 / 18.05.2024
16905

“Rossiya hali uzoq urushmoqchi” - Putin harbiy rahbariyatni nega almashtirdi?

Rossiyada mudofaa vaziri lavozimiga iqtisodchining tayinlanishi – Vladimir Putin kollektiv g‘arb bilan Ukraina orqali va boshqa frontlarda uzoq muddatli urushga tayyorlanayotganini bildiradi. Budjet taqchilligi va korrupsiya oshib ketgani shuni taqozo qilgan, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Sergey Shoyguning RF mudofaa vazirligidan ketishi, uning o‘rniga iqtisodchining tayinlanishi, vazirlik rahbariyatidan ikki kishi qamoqqa olinishi butun dunyoda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz “Geosiyosat” loyihasida o‘zgarishlarni siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan tahlil qildi.

— Rossiya harbiy rahbariyatidagi kadr almashinuvlaridan ichki va tashqi dunyo qanday signallarni oldi?

Rossiyalik ekspertlar, muxoliflar ham kutmagan o‘zgarishlar bo‘ldi. Putinning yangi prezidentlik davri boshlangach, Vazirlar Mahkamasini yangidan tuzish vakolati bor edi, ammo faqat kuchishlatar bloklarning ba’zi rahbarlari o‘zgartirildi. Bu shuni bildiradiki, Putin Ukrainadagi urush jarayonidan norozi, o‘zgarishlar orqali urush dinamikasini o‘zgartirishni niyat qilyapti.

Muxolifatchilar Shoygu ishdan ketishini kutmagandi, lekin bir yarim yildan beri bunday mish-mishlar bor edi. Rossiyaning armiyasi katta, ikkinchi harbiy qudrat deyilar edi, Rossiya uchun harbiy mashina davlatchilikning tabiatini va Rossiya geosiyosiy loyihalarining dinamikasini o‘zgartirib beruvchi yirik element. Shoygu Putinga yaqin shaxs, 12 yil mudofaa vaziri bo‘ldi. Oldingi yillarda Putin boshqalar bilan ancha masofa saqlagan bo‘lsa, Shoygu bilan tor doirada yaqin bo‘lar edi, ya’ni o‘ziga yaqin olishini ko‘rsatib kelgan. Shoygu mudofaa vazirligidan olindi, bu jamoatchilik uchun uzoq kutilgan, lekin hayratli o‘zgarish bo‘ldi.

— Shoyguning ketkazilishiga uning bir o‘rinbosari va vazirlik kadrlar bo‘limi boshlig‘i korrupsiyada ayblanib ushlangani va Prigojin voqealarini sabab qilish mumkinmi? Yoki bu Ukraina urushi bilan bog‘liqmi?

Davlatda nomi ulug‘, suprasi quruq lavozimlar ham bo‘ladi. Hamma davlatda Xavfsizlik kengashi kotibi prezidentning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi degani. Mudofaa vazirligi esa katta vazirlik, ayniqsa, urush paytida bir necha mlrd mablag‘ aylanadi kuniga. Neft va gazdan tushayotgan foydaning hammasi mudofaa vazirligiga berilayotgan edi. Xavfsizlik kengashi esa kichkina apparat, katta budjet yo‘q, alohida ajratilgan muassasa mavjud emas, FVVning budjeti ham Xavfsizlik kengashi budjetidan ancha katta. Maqomga ko‘ra, ko‘tarilish yoki o‘zi darajasida turgandek, lekin aslida, katta tushish bu, real hokimiyat, resurslar nuqtai nazaridan. Hali buni Shoyguning o‘zi qanday qabul qilayotganini bilmaymiz, uning o‘zi urushdan charchagan bo‘lishi mumkin. Aslida, Shoygu professional harbiy emas, FVVdan chiqqan, Putin hokimiyatga kelayotganda uning reytingidan foydalangan hukumatini mustahkamlash uchun.

Bugun Putin siyosiy qarorlarni Ukraina urushi prizmasida qabul qilyapti. Urush pozitsiyalar urushiga aylandi. Xalqaro ekspertlar fikricha, Shoygu o‘rniga “buxgalter” Belousovning qo‘yilishi Ukraina urushiga uzoq muddatli tayyorgarlikni bildiradi, ya’ni korrupsiyani kamaytirish va uzoq muddatli harbiy mashina yaratish.

— Andrey Belousovning Rossiya mudofaa vaziri lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatilishi nima bilan izohlanadi?

Aytganimdek, ekspertlar fikriga ko‘ra, Putin uzoq muddatli urushga tayyorlanyapti. Putin bir tomondan Rossiya iqtisodiyotini mudofaa vazirligi bilan bog‘lab, mudofaa vazirligi strategiyasini uzoq muddatli urushga qaratmoqchi. Bularning hammasi Ukraina uchun yomon xabar, aslida. Shoygu qo‘l ostida ko‘proq korrupsiya yuz berdi, Putin orzu qilgan Kiyevni tezkor egallash amalga oshmadi, urush cho‘zilib ketdi. Shu fonda iqtisodchining mudofaa vaziri etib saylanishi urush ancha cho‘zilishi, Rossiya tizimli tayyorlanayotganini bildiradi.

Belousov Qrim anneksiyasini qo‘llagan. O‘zi Qrim anneksiyasini qo‘llamagan odam Putin yonida bo‘lishi mumkin emas. O‘zi, umuman, liberal demokratik davlatlarda shunday bo‘ladi, ayrim holatlarda bosim ostida bo‘ladigan vazirliklarga muxolifat vakillari qo‘yilishi mumkin. Lekin kuchishlatar tizimlarga eng yaqin odamlar qo‘yiladi. Rossiyada mudofaa vazirligi siyosiy sub’yekt, chunki harbiy davlat, Markaziy Osiyo davlatlarida mudofaa vazirlari siyosatga aralashmaydi.

— Eng katta qulash yoki silkinish bu Nikolay Patrushev bilan yuz berdi deyish mumkinmi? Xavfsizlik kengashi kotibligidan Putinning kemasozlik bo‘yicha yordamchisi lavozimiga tushirildi.

Patrushevni tahqirlash sifatida baholanyapti bu. Uning xatosi nimada ekani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Xalqaro ekspertlar va Rossiyadagi muxolifat aytishicha, Putin atrofida 2 xil klanlar bor: biri agressiv kuchlar, ularning yetakchisi esa Patrushev, u taktik yadro quroli ishlatishni qo‘llaydi. Patrushev uzoq muddat federal xavfsizlik xizmati boshlig‘i bo‘ldi, KGB davrida ham tashqi razvedka bilan bog‘liq muhim shaxs edi. Patrushev Ukraina urushi lobbisti xam bo‘lgan. Balki urush bo‘yicha Patrushev bergan prognozlar, modellar ishlamagani uchun, bu chetlatish Putinning ichki noroziligi bo‘lishi ham mumkin.

— Shoygu va Patrushev o‘rtasida ziddiyatlar ham bor edi urush boshida.

Kuchishlatar tizimlar rahbarlarining ziddiyati haqida ichki ma’lumotlar ko‘p. Shoygu va Patrushev o‘rtasida har xil strategiya va taktikalar bo‘yicha doimiy ziddiyatlar bo‘lishi tabiiy.

— Shoygu Putinning harbiy sanoat komissiyasidagi o‘rinbosari ham bo‘lib qolyapti ekan, Mudofaa vazirligidan butunlay uzoqlashmaganini bildiradimi bu?

Har qanday davlatda turli komissiyalar, ishchi guruhlar bo‘ladi. Ularga rahbar, boshliq qilib qo‘yaverish mumkin, lekin Shoyguning qo‘lida juda katta vazirlik bor edi. Butun Rossiyaning hududlari, harbiy bazalari, raketa tizimlari, katta budjet bor edi. Bunaqa komissiyalarning buning o‘rnini bosa olmaydi. Putin balki Shoyguni yupatmoqchidir bu bilan. Shoygu urushdan charchagandir, balki urush sharmandachiligidan qutqarayotgandir. Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Putin Shoyguga ancha yumshoq gapirdi, Patrushev ko‘rinmadi bu yig‘ilishda.

— Bu o‘zgarishlar ortidan qanday kutilmalar bo‘lishi mumkin?

Aytilganidek, uzoq muddatli urushga tayyorlanyapti. Rossiya keyingi konfliktlarga ham iqtisodini moslashtirishga harakat qilyapti. Iqtisodchining mudofaa vaziri qilinishi SSSR tarixida ham, shu paytgacha Rossiya tarixida ham bo‘lmagan, lekin oldingi mudofaa vazirlari ham harbiy bo‘lmagan. Putin harbiylardan qo‘rqadi degan variant ham bor, ya’ni davlat to‘ntarishidan. Chunki SSSR tarixida bo‘lgan harbiylarning bosimlari, tahdidlari.

Bularning hammasini inobatga olsak, Rossiya kollektiv G‘arb bilan Ukraina orqali va boshqa frontlarda uzoq muddatli urushga tayyorlanyapti. Rossiyaning iqtisodiyoti ichki zo‘riqish holatida. Agar shunday zo‘riqish bo‘lmaganda, Shoygu hali ishlashi mumkin edi. Budjet, resurslar taqchilligi, korrupsiya oshib ketgani Belousovni qo‘yishni taqozo qilgan bo‘lishi kerak.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top