Iqtisodiyot | 14:28 / 02.08.2021
14806
5 daqiqa o‘qiladi

Xufiyona iqtisodiyot, koronainqiroz va vaksinatsiya. Moliya vaziri o‘rinbosari xalqaro nashrga intervyu berdi

Odilbek Isoqov 2020 yilgi koronainqiroz va karantin cheklovlari davrida respublika iqtisodiyoti o‘sishiga ta'sir qilgan omillar, joriy yil va kelgusida kutilayotgan iqtisodiy natijalar to‘g‘risida fikr bildirdi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov O‘zbekistonning moliyaviy barqarorligi va kelajakdagi o‘sish istiqbollari bo‘yicha IntelliNews nashriga intervyu berdi.

Pandemiya davrida iqtisodiy o‘sishga qanday erishildi?

Odilbek Isoqov dastlab o‘tgan yilgi koronainqiroz davrida respublika iqtisodiyoti nimalar hisobiga o‘sishga erishganiga to‘xtalgan.

«O‘zbekiston iqtisodiyoti 2020 yilda 1,7 foiz o‘sdi. Bu mintaqadagi sanoqli davlatlarda kuzatilgan ijobiy ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, hukumat va xalqaro moliya institutlari kutganidan ham yaxshiroq natija edi.

Buning asosiy omillaridan biri qishloq xo‘jaligining normal holatda ishlagani bilan bog‘liq. Ya'ni ushbu tarmoq iqtisodiyotning uchdan bir qismini tashkil etadi. Ikkinchidan, ishlab chiqarish kompaniyalarining karantin cheklovlari vaqtida ham ishlashi ta'minlandi. Albatta, metall va tog‘-kon sanoati, energetika va kommunal xizmatlar, neft va gaz kabi tarmoqlar iqtisodiyot tayanchidir.

O‘tgan yili avtomobil ishlab chiqarish ham o‘sdi va yangi mashinalarning ichki savdosi oshdi. Katta to‘ylar uchun sarflanmagan pullarning bir qismi (karantin cheklovlari vaqtida taqiqlangan) avtomobillar va boshqa mahsulotlar sotib olish uchun sarflangan», deydi vazir o‘rinbosari.

2021 yilda O‘zbekiston iqtisodi qancha o‘sishga erishishi mumkin?

Isoqovga ko‘ra, 2021 yilda respublika iqtisodiyotida sezilarli o‘sish bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

«O‘zbekiston hukumati bu yil iqtisodiyot 5 foiz va undan ko‘proq o‘sishini kutmoqda. JP Morgan va Standard & Poor's kabi ba'zi moliyaviy xizmatlar taxminlari bundan ham ijobiy. Iqtisodiyot o‘sib borishi natijasida mamlakatda ish o‘rinlari yaratiladi, shu bilan birga daromadlar darajasi ham oshadi.

2023 yilga borib muvozanatli konsolidatsiyalangan budjetga erishishini maqsad qilganmiz. Umidimiz shuki, umumiy moliyaviy balans 3 foiz ostida qoladi. Bu nolga aylanishi mumkin, lekin biz buni yaqin kelajakda tasavvur qila olmaymiz.

Davlatning bu yilgi qarz olish miqdori (budjet qonuniga muvofiq) 5,5 mlrd dollarga teng bo‘ladi. Shundan 500 mln dollar g‘azna obligatsiyalari va veksellari (mahalliy qarzlar) uchun ajratiladi. 5 mlrd dollar tashqi qarz bo‘lib, uning 3,3 mlrd dollari investitsiya xarajatlariga sarflanadi», deya ta'kidlagan u.

Vaksinatsiya - bu yechim

Moliya vaziri o‘rinbosari shuningdek, koronavirusga qarshi emlashning muhimligi bo‘yicha fikrlarini aytgan.

«Emlash darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda hayot normal holatga qaytmoqda. Vaksinatsiya - bu yechim. Biz odamlarni emlashga faol harakat qilyapmiz. Jarayonni 65 yoshdan oshgan fuqarolardan boshladik.

Endi 18 yoshdan yuqori har bir inson emlanishi mumkin va buni amalga oshirish uchun ko‘pgina emlash nuqtalari tashkil qildik. Hatto bozorlarda emlash uchun xonalar mavjud.

Bu haqiqatan ham harakatni tezlashtiradi, lekin qarshiliklar, vaksina samarasiga qarshi fitnalar ham yo‘q emas. Hozirgacha mamlakatga 5 mln dozadan ortiq vaksina olib kelindi», deydi mutasaddi.

Xufiyona iqtisodiyotga chek qo‘yish nega muhim?

Odilbek Isoqov intervyusida O‘zbekiston iqtisodiyotiga tushov bo‘layotgan eng katta muammolardan biri – yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yish masalasida ham fikr bildirgan. 

«Mahalliy tahlil markazlaridan biri respublikadagi yashirin iqtisodiyot hajmini real iqtisodiyotning 55 foiziga to‘g‘ri kelishini ma'lum qildi.

Ham budjet daromadlari, ham iqtisodiyotning shaffofligi bilan bog‘liq bo‘lgan muhim o‘zgarish, bu hukumatning budjet moliyaviy imkoniyatlarini oshirishga bo‘lgan sa'y – harakatlari hisoblanadi.

Kompaniyalarni yashirin iqtisodiyotdan olib chiqish iqtisodiyot uchun katta ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratadi. Soliq ma'muriyati, soliq kodeksi ishlamoqda. Hozirda ko‘plab firmalar yashirin iqtisodiyotdan rasmiy shaklga o‘tmoqda. Bu mamlakat iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim jarayon», deya ta'kidlagan Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov.

Mavzuga oid