O‘zbekiston | 10:14 / 24.08.2020
114803
13 daqiqa o‘qiladi

1 sentyabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti o‘z an'anasiga muvofiq 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Pensiya va nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshiriladi
Pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshiriladi.

Shuningdek, 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 262 470 so‘m;
  • yoshga doir eng kam pensiyalar – oyiga 513 350 so‘m;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa – oyiga 513 350 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 315 030 so‘m etib belgilanadi.

Asos: «Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni.

Xorazm viloyati va Toshkent shahri o‘rtasida eksport qiluvchilarga temir yo‘l yuk qatnovi tariflariga 50 foiz chegirma joriy etiladi
«Xorazm viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga asosan eksport qatnovlarda Xorazm viloyati va Toshkent shahri o‘rtasida eksport qiluvchilarga temir yo‘l yuk qatnovi tariflariga 50 foiz chegirma joriy etiladi.

Doimiy propiskaga oid nizom o‘z kuchini yo‘qotadi
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish, propiskadan chiqarish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 maydagi 320-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotadi.

Asos: «Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 28 dekabrdagi 1049-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi hukumat qarori.

Fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatidadoimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha «Manzil» tizimi orqali ro‘yxatga olish boshlanadi.

Shuningdek, 2020 yil 1 sentyabrdan quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi:

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan istiqomat qilish muddati 15 kun hisoblanadi;
  • doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni rasmiylashtirish bir kun ichida amalga oshiriladi;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda avvalgi doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqish tartibi bekor qilinadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishini rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga ro‘yxatga olish shtampini bosish amaliyoti bekor qilinadi;
  • doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda harbiy xizmatga majburlarning mudofaa ishlari bo‘limlariga harbiy hisobdan chiqish va harbiy hisobga turish uchun borishi tartibi bekor qilinadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tomonidan soliq idoralarida hisobga olingan ijara shartnomasi haqida ma'lumot taqdim etilganda vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishda uy-joy egasining roziligi talab etilmaydi.

Asos: «Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni.

Tibbiyot OTMlarida «Tibbiy-profilaktika va jamoat salomatligi» fakulteti tashkil etiladi
Sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi sohasida bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida «Tibbiy-profilaktika va jamoat salomatligi» fakulteti tashkil etiladi.

Asos: «Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni.

Fanlar akademiyasining O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va uning «Toshkent muzeyi» filiali xodimlarining ish haqi Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi
«O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga binoan Moliya vazirligi Fanlar akademiyasining O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va uning «Toshkent muzeyi» filiali rahbar va ilmiy xodimlarining ish haqini Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari rahbar va ilmiy xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiradi.

Davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi madaniyat saroylarida to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etiladi
Davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etiladi.

Madaniyat vazirligi tomonidan xarid qilingan, ommaviy ijroga mo‘ljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlarni xususiy teatrlarda ham sahnalashtirish va ijro etishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, 2020 yil 1 sentyabrdan quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi:

  • ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) tomonidan o‘tkaziladigan tomosha tadbirlariga ommaviy tadbir o‘tkazish uchun ruxsatnoma va ruxsat berish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish talab etilmaydi, bunda tadbir tashkilotchilari uni o‘tkazish joyi va vaqti to‘g‘risida ichki ishlar organlarini kamida 10 kun oldin yozma ravishda xabardor qiladi;
  • ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) tomonidan o‘tkaziladigan tomosha tadbirlarida jamoat tartibi va yong‘in xavfsizligini to‘lov undirilmagan holda ta'minlaydi;
  • davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi madaniyat va istirohat bog‘lari, sport inshootlari, sayilgohlar va boshqa ochiq hududlarda ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) tomonidan tomosha tadbirlari o‘tkazish uchun ijara va boshqa turdagi to‘lovlar undirilmaydi;
  • nomoddiy madaniy meros obektlarini (dorboz, askiya va lapar) asrash va ulardan foydalanish faoliyati o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiradi (madaniyat markazlari tarkibida faoliyat yuritayotgan shaxslar bundan mustasno) va ularning ushbu faoliyatdan olingan daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tatbiq etilmaydi.

Asos: «Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni.

Barcha auksion savdolari natijalari QR-kod (matrik shtrixli kod)ni qo‘llash orqali rasmiylashtiriladi
Shuningdek, «E-IJRO AUKSION» tizimida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy qilinadi:

  • «mobil identifikatsiya qilish» bilan shaxsni identifikatsiyalash imkonini beruvchi mobil ilovalar orqali auksionda ishtirok etish;
  • davlat mulki obektlarini ijaraga berish shartnomasini ijaraga beruvchi va ijarachi o‘rtasida elektron shaklda (shu jumladan elektron raqamli imzo orqali) ikki tomonlama tuzish orqali rasmiylashtirish;
  • savdolarda mavjud bo‘lgan lotlar haqida batafsil ma'lumotlarni o‘z ichiga oluvchi doimiy yangilanib turadigan va agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan elektron katalogni yaratish.

Asos: «Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori.

Davlat tashkilotlari tomonidan o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berish tartibi joriy etiladi
Davlat boshqaruvi organlari, ularning hududiy bo‘linmalari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berish tartibi joriy etiladi.

Asos: «Elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori.

Undirilishi umidsiz deb e'tirof etilgan soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom kuchga kiradi
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (bundan buyon matnda Soliq kodeksi deb yuritiladi), Fuqarolik kodeksi va «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq undirilishi umidsiz deb e'tirof etilgan soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibini belgilaydi.

Asos: Davlat soliq qo‘mitasining «Undirilishi umidsiz deb e'tirof etilgan soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori.

Chegara bojxona postlarida «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi joriy etiladi
«Bojxona ma'muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident farmoniga muvofiq, chegara bojxona postlarida «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi joriy etiladi.

Avtomatik tarzda shakllantiriladigan qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi
Soliq va statistika hisobotlari ma'lumotlari, shuningdek, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi ma'lumotlari (qurilishi tugallangan obektlar hajmi, shaharsozlik qonunchiligini buzish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarning mavjudligi va ularning ijrosi hamda boshqa mezonlar) asosida qurilish ishlari hajmlari va obektlariga muvofiq tabaqalashtirilgan holda avtomatik tarzda shakllantiriladigan qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi.

Asos: «O‘zbekiston Respublikasining qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni.

Davlat buyurtmasi asosida bosma mahsulotlarni nashrga tayyorlash va chop etish O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari ham qatnashishi mumkin bo‘lgan tartibda amalga oshiriladi
Davlat buyurtmasi asosida bosma mahsulotlar, shu jumladan, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashrga tayyorlash va chop etish, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari ham qatnashishi mumkin bo‘lgan, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda mazkur tartib korporativ buyurtmachilar uchun ham majburiy hisoblanadi.

Asos: «Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori.

Bir qator shaharlardagi tibbiyot OTMlarida PhD va DSc ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashlar tashkil etiladi
Nukus, Andijon, Buxoro, Samarqand, Urganch va Farg‘ona shaharlarida joylashgan tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida belgilangan tartibda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashlar tashkil etiladi.

Asos: 2018 yil 29 iyundagi «Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori.

NTMlar tomonidan kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha davlat namunasidagi hujjat davlat talablari asosida ta'lim olgan bitiruvchilarga beriladi
Lisenziya asosida faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat ta'lim tashkilotlari tomonidan kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta'lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjat davlat talablari asosida ta'lim olgan bitiruvchilarga beriladi.

Asos: «Nodavlat ta'lim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori.

Mavzuga oid