Hukumat Chirchiq shahri bo‘yicha yangi qaror qabul qiladi

Foto: rutraveller.ru
Vazirlar Mahkamasining “Respublika bo‘ysunuvidagi Toshkent viloyatining Chirchiq shahrini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 4 iyundagi PF-5738-son Farmoni bilan yuklatilgan aniq vazifalar ijrosini ta'minlash uchun Chirchiq shahrida 2020-2022 yillarda bajariladigan asosiy tadbirlar quyidagilar etib belgilandi:
birinchidan, Toshkent viloyati Chirchiq shahrining Bosh rejasini tanqidiy o‘rganib, yo‘l-transport infratuzilmasi, shoh ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar qurilishi, parklar, bulvarlar, zamonaviy savdo markazlari, infratuzilma obektlari va sanoat zonalarini joylashtirish masalalarini muhandislik tarmoqlari bilan birgalikda ko‘rib chiqib, takliflarni tayyorlash hamda yaqin 3-5 yillik shaharsozlik vazifalarini belgilab olish;
arxitekturaviy qiyofani zamonaviylashtirish, ko‘p qavatli uy-joy fondini sifat jihatdan yaxshilash, kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatishni joriy etish;
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, xususan ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini qaytadan qurish, avtomobil yo‘llari va ichki ko‘chalar holatini yaxshilash, shahar ko‘chalaridagi massivlarda tungi yoritish tizimlarini yangidan zamonaviy holatga keltirish;
ichki va shaharlararo yo‘nalishlarda harakatlanuvchi jamoat transportlarining yangi yo‘nalishlarini tashkil etib, aholiga sifatli va qulay transport xizmatlarini ko‘rsatishni tashkil etish;
avtomobil transportida yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi yangi xususiy korxonalar tashkil etishga ko‘maklashish hamda tashuvchilar tomonidan zamonaviy jamoat transport vositalarini xarid qilish uchun imtiyozli bank krediti mablag‘larini ajratish;
ikkinchidan, shaharda ekologik muhitni yaxshilash, aholi salomatligiga salbiy ta'sirni kamaytirish choralarini ko‘rish, ko‘kalamzorlashtirish, daraxtlarni o‘tqazish va yashil maydonlar, gulzorlar tashkil etish tadbirlarini amalga oshirish;
bunda, mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun shaharlarda ochiq va yopiq yer osti sug‘orish tizimlarini barpo etib, irrigatsiya tarmoqlarini bugungi kun talabida qayta tiklash;
uchinchidan, ijtimoiy soha muassasalari holatini yaxshilash, binolarini ta'mirlash, hududlarini obodonlashtirish, jihozlarini yangilash, mutaxassislarni malakasini va xizmat madaniyatini oshirish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini keskin oshirib, bu sohada xususiy sektor ulushini ko‘paytirish;
zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish klinikalari va tashxis markazlarini barpo etish;
xotin-qizlarni turli kasblarga o‘rgatish hamda qizlarni hayot maktabiga tayyorlashga ixtisoslashgan o‘quv markazlari faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish;
to‘rtinchidan, aholining ma'naviyati va madaniyatini o‘stirish bilan aloqador tizimli tadbirlarni amalga oshirish, xususan qarovsiz qolgan va zarur darajada foydalanilmay turgan madaniyat va san'at saroylarini yangidan ta'mirlab, soha uchun zarur bo‘lgan jihozlar bilan ta'minlash;
beshinchidan, o‘sib kelayotgan yoshlarni sportga keng jalb etish uchun davlat umumta'lim maktablarining sport maydonlari hamda sport zallarida darsdan tashqari vaqtlarda davlat sherikchilik asosida tashabbuskorlar, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda aholining keng qatlami, ayniqsa yoshlarni sportga jalb etish;
oltinchidan, shaharlar ichidan oqib o‘tuvchi suv bo‘yi hududlarini obodonlashtirish, aholi ko‘ngil ochar maskanlarini, sayilgohlarni barpo etish;
ko‘p qavatli uylar orasida sun'iy qoplamali futbol, basketbol maydonlari va maydonchalari, bolalar maydonchalarini barpo etish hamda dam olish, hordiq chiqarish o‘rindiqlarini o‘rnatish;
yettinchidan, aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun zamonaviy parklar barpo etib, ularda zamonaviy ko‘ngil ochar xizmat ko‘rsatish turlarini tashkil etish;
sakkizinchidan, aholining ish bilan bandligini oshirish hamda keyingi 3 yilda ishsizlik darajasini 5 foizgacha pasaytirish maqsadida, tadbirkorlarni jalb etgan holda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash tarmog‘ini jadal rivojlantirish;
sanoat tarmoqlarini rivojlantirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hajmini keskin oshirish, mahalliy xomashyodan eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali shahar iqtisodiyotiga valuta tushumini ko‘paytirish borasida samarali ishlarni tashkil etish;
mavjud kichik sanoat zonalari ishtirokchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, yangi hududlarda istiqbolli loyihalarni joylashtirish yo‘li bilan sanoat zonalarini tashkil etish;
to‘qqizinchidan, soliqqa tortish bazasini kengaytirish orqali mahalliy budjetga daromadlar tushumini keskin oshirish.
Quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi Respublika bo‘ysunuvidagi Toshkent viloyatining Chirchiq shahrini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi:
Chirchiq shahrini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining moliyalashtirish manbalari;
sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini kompleks rivojlantirish, sanoat mahsulotlari, jumladan eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni oshirish, tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari, xususan ayollar uchun ish o‘rinlarini yaratish, bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan bino-inshootlardan, yer maydonlaridan samarali foydalanish hamda mahalliy budjet daromadlarini oshirish tadbirlari;
muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini jadal rivojlantirishga hamda aholining turmush sharoitini yaxshilashga zamin yaratuvchi kompleks tadbirlar;
maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini moddiy-texnik ta'minotini yuqori darajaga ko‘tarish, ushbu sohalarda ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati hamda qamrovi darajasini keskin oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga asos yaratuvchi xalq ta'limi, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ma'rifat sohalari bo‘yicha kompleks tadbirlar;
obodonlashtirish, ekologik muhitni yaxshilash, shahar aholisiga munosib yashash sharoitini yaratish bo‘yicha kompleks tadbirlar;
ko‘p qavatli o‘y-joylarni boshqarish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini tubdan oshirishga qaratilgan tadbirlar.
Dastur parametrlari bajarilishini ta'minlash bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tijorat banklari faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring qilish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlanadi.
Maktabgacha ta'lim vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyat hokimligi bilan birga bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi “Maktabgacha ta'lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3651-son qarorida ko‘rsatilgan tartibda Chirchiq shahridagi 2 ta sobiq (12 va 24-son) maktabgacha ta'lim muassasasi bino-inshootlarini qayta tiklash maqsadida davlat-xususiy sherikchiligi asosida “nol” xarid qiymatida tashabbuskor tadbirkorlarga berilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Toshkent viloyat hokimligi bilan birgalikda 2020 yil I-choragida Chirchiq shahar hududida joylashgan ko‘chalarni, xiyobonlarni hamda mavjud qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari hajmidan kelib chiqib, normativ hujjatlar asosida Chirchiq shahar obodonlashtirish boshqarmasining shtat birligi va moddiy-texnik bazasini qayta ko‘rib chiqadi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “Hududgazta'minot” AJ, Toshkent viloyati hokimligi Chirchiq shahrining “Sharq” va “A.Navoiy” massivlarida Turkiya Respublikasining “MIMSAN group” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan issiqlik qozonlarini suv va gaz tarmoqlariga ulanishini hamda ishga tushirilishini ta'minlaydi.
Toshkent viloyati xokimligi Chirchiq shahri, A.Temur ko‘chasida harbiy xizmatchilar oila a'zolari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 martdagi PQ-2858-son qarori asosida qurilgan ko‘p qavatli uylarning atrofini obodonlashtirish, irrigatsiya tizimlarini tortish, yer osti tik qudug‘uni hamda tungi yoritish tizimlarini qurish ishlarini yakunlaydi.
“O‘zkimyomanoat” AJ, “Maksam-Chirchiq” AJning shaharda ekologik vaziyatni yumshatish va yaxshilash maqsadida Chirchiq shahar “Nur” mahallasi hududidagi markaziy alleyasida rekonstruksiya qilish, markazlashgan magistral sug‘orish tizimini yaratish, “yashil maydon” tashkil etish, ko‘p yillik manzarali ko‘chat, daraxt va gullar ekish, maysazor va daraxtzorlarni sug‘orish uchun yomg‘irlatib sug‘orish tizimini yaratish, mavjud irrigatsiya tarmoqlari tizimini ta'mirlash, zamonaviy energiyatejamkor tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.
Toshkent viloyati hokimligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi Chirchiq shahar FXDYo bo‘limining yangi binosini qurish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi Chirchiq shahrida ekologik muhitni yaxshilash, ayniqsa ko‘p qavatli uylar joylashgan mahallalardagi maydonlarda manzarali – havoni tozalovchi, kislorod beruvchi daraxtlarni o‘tqazish, maysazorlar va gulzorlarni tashkil etib, aholiga munosib yashash sharoitlarini yaratish maqsadida, “O‘zshaharsozlikLITI” DUK tomonidan ishlab chiqib, tasdiqlangan sxema asosida shaharni sug‘orish tizimini barpo etish uchun 2020-2022 yillarda investitsiya dasturi doirasida zarur mablag‘larni ajratilishini ta'minlaydi.
Toshkent viloyati hokimligi Chirchiq shahri sug‘orish tizimini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va loyiha-smeta hujjatlari asosida Investitsiya dasturiga kiritgan holda moliyalashtirish hamda ijroga qaratilishini ta'minlaydi.
Mavzuga oid

22:35 / 30.01.2025
Chirchiqda yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil etgan shaxs ushlandi

21:11 / 09.01.2025
Chirchiqda 4 yoshli qizining o‘limida gumonlanayotgan ayol qamoqqa olindi

21:28 / 07.01.2025
Chirchiq daryosi hududida tabiatga 674 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi

09:30 / 07.12.2024