O‘zbekiston | 13:10 / 05.06.2021
5261
2 daqiqa o‘qiladi

Gazprombank «O‘ztransgaz» AJ loyihasini 300 mln dollarga moliyalashtiradi

 «O‘ztransgaz» AJ hamda Rossiyaning Gazprombank o‘rtasida 300 mln AQSh dollari miqdorida qisqa muddatli bridj-moliyalashtirish yuzasidan kelishuv imzolandi. Mazkur kelishuvga Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro iqtisodiy forum doirasida erishilgan.

 Qayd etilishicha, mazkur mablag‘lar 545 km uzunlikdagi gaz quvurlarini qurish, ta'mirlash, rekonstruksiya qilishni ko‘zda tutgan «2021-2022 yillarda O‘zbekiston gaztransport tizimini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish dasturi»ni amalga oshirish hamda «Gazli» kompressor stansiyasini kapital ta'mirlashga yo‘naltiriladi.

 «Gazprombank O‘zbekistonning ishonchli hamkori sifatida neft va gaz sanoatida qator yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etadi. Biz o‘zaro manfaatli hamkorlikning rivojlanayotganidan mamnunmiz hamda mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqyapmiz»,- degan «Gazprombank» boshqaruv raisi o‘rinbosari Aleksey Matveyev.

 Loyihani navbatdagi bosqichda yetakchi xalqaro moliyaviy institutlarni jalb qilgan holda moliyalashtirish yoxud davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida uzoq muddatli moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

  «O‘ztransgaz» AJ Matbuot xizmati

Mavzuga oid