Jahon | 14:22 / 25.04.2021
55606
13 daqiqa o‘qiladi

«Mossad»dan MRBgacha. Dunyoning eng kuchli razvedka tashkilotlari haqida

Dunyoning deyarli har bir davlatida ma'lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish bo‘yicha vakolatli tashkilotlar mavjud. Ular o‘z mamlakatlarining manfaatlarini har tomonlama - iqtisodiy, siyosiy va harbiy jihatdan himoya qiladilar. Dunyoning eng kuchli razvedka tashkilotlari qaysilar ekanini bilasizmi?

© Greg E Mathieson Sr/MAI/Shutterstock

Razvedka idoralari haqida ma'lumotlar juda kam. Ularning ba'zilari o‘zaro ma'lumot almashish uchun kelishuvlarga ega. Boshqalari esa o‘ta maxfiy va hech kim bilan mavjud axborotni bo‘lishishni istamaydi. Kun.uz solishtirma manbalar va ma'lumotlar asosida ularning eng kuchli o‘ntaligi haqida ma'lumot to‘pladi.

1.Pokiston razvedka xizmati (ICI)

Xizmatlararo razvedka boshqarmasi (ICI) – Pokistonning bosh razvedka agentligi hisoblanadi. Bosh qarorgohi Islomobodda joylashgan.

Agentlik 1947–1948 yillardagi Hindiston-Pokiston urushidan so‘ng Pokiston armiyasi, harbiy-havo kuchlari va dengiz floti o‘rtasida razvedka ma'lumotlarini yig‘ish va muvofiqlashtirishdagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tashkil qilingan.

Tashkilot o‘tgan asrning 80-yillarida sovet-afg‘on urushi davrida global miqyosda shuhrat qozonadi. Agentlik Markaziy razvedka boshqarmasi bilan yaqindan hamkorlik qilib, afg‘on mujohidlarining sovet ittifoqiga qarshi kurashishida yordam ko‘rsatgan. O‘shandan beri tashkilot mintaqada terrorizm bilan bog‘liq mojarolarga bevosita va bilvosita aralashib keladi. Ba'zi manbalarga asoslanib, xalqaro hamjamiyat tashkilotni afg‘on muxolifati a'zolarini Pokiston lagerlarida o‘qitish uchun mas'ul bo‘lganlikda ayblaydi.

Sovet ittifoqi parchalanganidan so‘ng, ICI Afg‘onistondagi fuqarolar urushi paytida «Tolibon» hukumatini Shimoliy alyansga qarshi strategik yordam va razvedka ma'lumotlari bilan ta'minlab turgan.

Pokistonning sobiq bosh vaziri Benazir Bxutto bir paytlar agentlikni «davlat ichidagi davlat» deb ta'riflagan. Razvedka mutaxassislarining fikriga ko‘ra, ICI’ga ustunlik beradigan narsa — bu oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan qarorlar va shaffoflikning yo‘qligi. Hozirda tashkilotga general-leytenant Fayz Hamid rahbarlik qiladi.

2. «Mossad» (Isroil)

«Mossad» («Razvedka va maxsus operatsiyalar instituti» ma'nosini anglatadi) – Isroil milliy razvedka agentligi. Tashkilot 1949 yil 13 dekabrda bosh vazir Ben Gurionning tavsiyasiga binoan Markaziy muvofiqlashtirish instituti sifatida tashkil etilgan. 1951 yilda u qayta tashkil etilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri bosh vazirga bo‘ysunadigan bosh vazir idorasining bir qismiga aylantirilgan. Tashkilotning asosiy idorasi Tel-Avivda joylashgan.

«Mossad»ning o‘ziga xos jihati shundaki, u Isroilning demokratik institutlaridan butunlay ajralib turadi. Hech qanday qonun uning rolini yoki maqsadini belgilamaydi. Bundan tashqari, tashkilot hatto Isroilning konstitutsiyaviy qonunlaridan ham ozod qilingan. Uning direktori to‘g‘ridan to‘g‘ri va faqat bosh vazirga bo‘ysunadi.

Tashkilotning taxminiy yillik budjeti 2,73 milliard dollar atrofida bo‘lib, uning tarkibida 7 mingdan ziyod kishi faoliyat olib boradi. Ayni paytdagi bosh direktori Yossi Kohen.

Xalqaro kuzatuvchilar tashkilotni «chuqur davlat» deb ta'riflashadi. Tashkilot haqidagi ma'lumotlar 90-yillarning o‘rtalarida keng jamoatchilikka ma'lum bo‘lgan. «Mossad»ning eng mashhur operatsiyasi — 1972 yilda Myunxen Olimpiadasida Isroil sportchilarini qo‘lga olgan Falastinning «Qora sentabr» tashkilotining yo‘q qilinishi deb baholanadi. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, Isroilning bosh vazirlari aynan tashkilotda xizmat qilgan xodimlar orasidan tanlab olinadi.

3. Markaziy Razvedka Boshqarmasi (CIA, AQSh)

Central Intelligence Agency (CIA) © Shawn Thew/EPA/Shutterstock

Markaziy Razvedka Boshqarmasi (ing: Central Intelligence Agency, CIA) – AQSh hukumatining razvedka faoliyati bilan shug‘ullanuvchi agentligi.

MRBning tashkil qilinish tarixi 1942 yildan boshlanadi. O‘sha kezlarda AQSh hukumati razvedka faoliyati bilan shug‘ullanadigan markazlashgan tashkilot tuzishga ehtiyoj sezadi va shu tariqa Strategik xizmatlar boshqarmasi yuzaga keladi. AQSh prezidenti Franklin D. Ruzveltni Buyuk Britaniya maxfiy razvedka xizmatining (MI6) Ikkinchi jahon urushidagi muvaffaqiyatli harakatlari ruhlantirgan. 1947 yilning 26 iyulida AQShda «Milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun» qabul qilinadi. Aynan shu qonunga ko‘ra, AQShda 1947 yilning 18 sentyabridan Markaziy razvedka boshqarmasi tashkil topadi.

MRBning tarixda eng mashhur operatsiyalaridan biri «Tsiklon» nomi bilan Afg‘onistonda amalga oshirilgan. Operatsiyaning vazifasi SSSRga qarshi kurashayotgan afg‘on mujohidlarini harbiy qurol-aslahalar bilan ta'minlash bo‘lgan va bundan ko‘zlangan maqsad sovet ittifoqi iqtisodiyotini Afg‘onistondagi qurolli to‘qnashuvlarga tortish evaziga zaiflashtirish edi.

Taxminlarga ko‘ra, ushbu operatsiya doirasida Qo‘shma Shtatlarning turli arab mamlakatlaridan kelgan yollanma askarlarni moliyalashtirishi keyinchalik «Al-Qoida» tashkilotining paydo bo‘lishiga zamin yaratgan.

Bundan tashqari, 1979 yilning noyabr oyida Eronda sodir bo‘lgan inqilob natijasida 1980 yilda Erondagi olti nafar amerikalik diplomatni evakuatsiya qilishga qaratilgan «Argo operatsiyasi» ham keng jamoatchilik tomonidan e'tirof etilgan.

MRB sovuq urush paytida SSSRga qarshi kurashish uchun 20 million dollarga baholangan ayg‘oqchi mushuk yaratgani haqida ma'lumotlar bor.

Hozirda tashkilot doirasida 22 mingdan ortiq xodim xizmat qiladi. MRBning yillik budjeti haqida aniq ma'lumotlar mavjud emas, ammo ba'zi manbalar bu raqamlarni 20 milliard dollardan ortiq deb ko‘rsatishgan.

4. Federal xavfsizlik xizmati (FSB, Rossiya)

Federal Security Service (FSB) © SGr/Shutterstock

Federal xavfsizlik xizmati – o‘z vakolatlari doirasida Rossiya Federatsiyasining xavfsizligini ta'minlash vazifalarini bajaradigan maxsus xizmat. Tashkilot SSSR KGBning asosiy huquqiy vorisi hisoblanadi. 1995 yilda tashkil topgan tashkilotning bosh ofisi Moskva shahridagi Lubyanka maydonidagi KGBning sobiq bosh ofisi hisoblanadi.

Tashkilot dastlabki tergov va surishtiruv, tezkor qidiruv va razvedka faoliyatini amalga oshiradi. Tashkilotga 1998 yilda Rossiyaning amaldagi prezidenti Vladimir Putin rahbar etib tayinlangan.

Maxfiy ma'lumotlarga ko‘ra, tashkilotning 350 mingdan ortiq xodimi mavjud.

Tashkilot «Qrimni anneksiya qilish operatsiyasi» hamda Rossiyaning Kavkaz qismidagi harakatlarida faol ishtirok etgan.

FSBning hozirgi rahbari – Aleksandr Bortnikov.

5. Ingliz harbiy razvedkasi (MI6, Buyuk Britaniya)

Secret Intelligence Service (MI6) © Shutterstock

MI6 – Britaniya tashqi razvedka xizmati. Tashkilot eng qadimgi razvedka idoralaridan biri bo‘lib, qirolicha Yelizaveta I davrida davlat kotibi bo‘lgan Ser Frensis Valsingem tomonidan 1569 yilda tashkil etilganidan beri turli shakllarda mavjud hisoblanadi. Hozirgi shaklida 1909 yilda qo‘mondon Mansfild Kamming tomonidan Birinchi jahon urushi boshlanishidan oldin razvedka faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan. Tashkilot Birinchi jahon urushi davrida keskin o‘sishni boshdan kechirdi va 1920 yilga kelib hozirgi nomini rasman qabul qilib olgan.

90-yillarning boshlariga qadar MI6 haqidagi ma'lumotlar Britaniya hukumati tomonidan rasmiy ravishda rad etib kelingan. Faqatgina 1994 yilga kelib, Buyuk Britaniya parlamenti razvedka xizmatlari to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishi natijasida MI6 faoliyati uchun huquqiy asos yaratilgan.

Tashkilot «Z» razvedka belgisi asosida Ikkinchi jahon urushi davrigacha dunyoning turli mamlakatlarida diplomatlar, san'at namoyandalari va oddiy usta-hunarmandlar shaklida razvedka aloqalarini muvaffaqiyatli olib borgan va shuhrat qozongan.

Ikkinchi jahon urushi paytida tashkilot «20» («XX») qarshi razvedka dasturini qabul qilib, fashistlar Germaniyasiga dunyodagi vaziyat haqida noto‘g‘ri ma'lumotlarni yetkazib turgan.

MI6’ning 2000-yillardagi faoliyati ba'zi tashkilotlar tomonidan qiynoqlar va inson huquqlariga putur yetkazish sifatida baholangan. Tashkilot faoliyati haqida suratga olingan «Agent 007» filmi butun dunyoda mashhur hisoblanadi.

Tashkilotning shtab-kvartirasi Londonda joylashgan. Taxminiy yillik budjeti 3 milliard dollardan ortiq hisoblanib, 2500dan ortiq xodim faoliyat olib boradi.

6. Bundesnachrichtendienst (BND, Germaniya)

Bundesnachrichtendienst (BND) – Germaniyaning xorijiy Federal razvedka xizmati. Uning bosh qarorgohi Berlinda joylashgan. Umuman olganda, tashkilotning Germaniya va chet mamlakatlarda 300dan ortiq filiali mavjud. BND to‘g‘ridan to‘g‘ri Germaniya kansleriga bo‘ysunadi.

Tashkilot sovuq urush davrida 1956 yil G‘arbiy Germaniyada general-mayor Raynxard tomonidan tashkil etilgan. Dastlabki davrlarda MRB bilan yaqindan hamkorlikda faoliyat olib borgan.

Bugungi kunda BND Germaniya rahbarlariga milliy xavfsizlikka tashqi tahdidlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yetkazib beradi. Tashkilotda 6 mingdan ortiq xodim xizmat qilishi taxmin qilinadi. Hozirgi rahbari – Bruno Kal.

7. Davlat xavfsizlik vazirligi (Xitoy)

Ministry of State Security (MSS) © Adrian Bradshaw/EPA/Shutterstock

Davlat xavfsizlik vazirligi – Xitoyning razvedka ishlarini olib boradigan tashkiloti hisoblanib, 1983 yilda tashkil etilgan.

Tashkilotda Xitoyning kommunistik hukumatini ag‘darish yoki boshqa yo‘l bilan tarqatib yuborish maqsadi bilan dushman sifatida ko‘rilishi mumkin bo‘lgan davlatlar to‘g‘risida razvedka ma'lumotlari yig‘iladi.

Shuningdek, mamlakatda internetni senzuralashda va aholini tashqi dunyodan uzib qo‘yishda ushbu tashkilot katta rol o‘ynaydi.

Bundan tashqari, XDXV iqtisodiy josuslikda ishtirok etishda ham ayblanib keladi. Xalqaro tahlilchilar Huawei, Mi, Tencent kabi IT-gigantlarini ham tashkilotga xizmat qilishda gumon qiladi.

Tashkilotda 100 mingdan ziyod xodim mavjudligi taxmin qilinadi. Tashkilotning bosh qarorgohi Pekinda joylashgan va uning butun dunyoda ma'lum bo‘lgan 17ta byuro yoki bo‘limlari mavjud.

8. Tadqiqot va tahlil qanotlari ( RAW, Hindiston)

Bosh shtab-kvartirasi Nyu-Dehlida joylashgan Hindiston Tadqiqot va tahlil markazi 1968 yilda tashkil topgan. Tashkilot paydo bo‘lishiga 1962 yildagi Xitoy-Hindiston urushi va 1965 yildagi Hindiston-Pokiston urushi paytida razvedka ma'lumotlarini yig‘ishdagi bo‘shliqlar sabab bo‘lgan. O‘sha paytdagi bosh vazir Indira Gandining razvedka agentligi tashkil qilishga bo‘lgan qat'iy talabi tashkilot paydo bo‘lishida muhim rol o‘ynagan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, RAW dunyoning turli joylarida sakkiz mingdan ortiq hududiy dala bo‘limlariga egalik qiladi. Shuningdek, agentlik boshqa razvedka idoralari bilan ham hamkorlikda faoliyat olib boradi. Xususan, u Pokistonning yadro dasturini kuzatish borasida Markaziy razvedka boshqarmasi va Mossad bilan muntazam ravishda aloqada bo‘lib turadi.

9. Tashqi xavfsizlik bosh boshqarmasi (DGSE, Fransiya)

Directorate General for External Security © Martin Bureau, AFP

Mintaqadagi boshqa razvedka idoralari singari, Fransiyaning Tashqi xavfsizlik bo‘yicha bosh boshqarmasi (DGSE) Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, 1947 yilda paydo bo‘lgan. Bungacha ham mamlakatda Napoleon davrida va urushgacha bo‘lgan davrda mayda razvedka tashkilotlari faoliyat olib borgan.

O‘tgan asrning 60-yillarida agentlik marokashlik inqilobchining o‘g‘irlanishi va taxminiy o‘ldirilishi haqidagi ma'lumotlar jamoatchilikka ma'lum bo‘lganidan keyin tanqidlarga uchragan.

Bugungi kunda tashkilotning asosiy yo‘nalishi mamlakat uchun harbiy va strategik qarorlarni qabul qilishda yordam berish uchun chet el manbalaridan ma'lumot yig‘ishga qaratilgan. DGSE, ayniqsa, iqtisodiy josuslik harakatlari bilan mashhur. DGSE bosh qarorgohi Parijning 20-okrugida joylashgan. Tashkilotda olti mingdan ortiq odam ishlaydi.

10. Kanada xavfsizlik razvedka xizmati (CSIS, Kanada)

Canadian Security Intelligence Service © Sean Kilpatrick

Kanada xavfsizlik razvedka xizmati (CSIS) Kanadaning milliy xavfsizligiga tahdidlar to‘g‘risida ma'lumot yig‘ish bilan shug‘ullanadi. 1984 yilda tashkil topganidan beri u yashirin va oshkora operatsiyalarni mamlakat ichida va tashqarisida olib boradi.

Tashkilot shtab-kvartirasi Ottava shahrida joylashgan hamda parlament va jamoat xavfsizligi vaziriga bo‘ysunadi. 2020-21 yillarda CSIS’ning budjeti 651 million dollarni tashkil etishi ma'lum qilingan.

Agentlik bir necha bor tanqidlarga duch kelgan. 1990-yillarda tashkilot Kanada fuqarolarini josuslikda ayblangan. O‘tgan yilda esa irqchilikni kuchaytirgani uchun tanqid qilingan.

Internet manbalari asosida Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid