O‘zbekiston | 16:48 / 07.05.2021
39170
7 daqiqa o‘qiladi

«Hali ham kech emas» - Diniy ulamo o‘zbekistonlik siyosatchilarni vijdon erkinligi haqidagi qonunni qayta ko‘rishga chaqirdi

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun atrofida tortishuvlar davom etar ekan, taniqli diniy ulamo Mubashshir Ahmad O‘zbekiston rasmiylari: siyosatchi, deputat va senatorlarga murojaat bilan chiqdi.

4 may kuni Qonunchilik palatasi deputatlari «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, qabul qilgandi.

Deputat Inomjon Qudratovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, qizg‘in muhokamalarga boy o‘tgan majlisda qabul qilingan qonun loyihasi 10 kun muddatda Senatga yuboriladi.

O‘zLiDeP vakili Rasul Kusherbayev kecha, 6 may kuni e'lon qilingan maqolasida ushbu qonun muhokamasi jarayonlariga ham to‘xtalib, «Milliy tiklanish» partiyasi diniy ta'limni kengaytirish taklifiga qarshilik bildirganini ma'lum qildi.

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish jarayonida aynan «Milliy tiklanish» partiyasi vakillari diniy ta'lim muassasasida ta'limni kengaytirish masalasiga qarshi chiqdi? Diniy bilim, shu jumladan, muqaddas Islom dini haqida ta'lim olish faqat diniy soha xodimlari uchun emas, aholi, shu jumladan, ota-onalar uchun ham erkin bo‘lishi zarurligini ta'kidlagan Doniyor G‘aniyev va meni nima uchun qo‘llab-quvvatlashmadi? Aksincha, ular buni terrorizm, radikalizm bilan bog‘ladi, yurtdoshlarimizga bu masalada ishonishga erta, degan qarash bilan diniy ta'limda erkinlik berilishiga qarshi chiqdi, faqat diniy idora xodimlari uchun diniy ta'lim olish mumkin, degan eskirgan qolipni yoqladi», – dedi deputat.

Bugun, 7 may kuni Alisher Qodirov o‘z Telegram kanali orqali partiya mamlakatda diniy ta'limni kengaytirish taklifiga nega qarshilik bildirganini izohladi.

Unga ko‘ra, Milliy tiklanish bu boradagi asosiy xavfni missionerlikda ko‘rmoqda.

«Agar qonunga «...vakolatli idora tomonidan ijozat berilgan, professional diniy bilimga ega mutaxassis diniy ta'lim berishi mumkin» degan norma kiritilsa, o‘rgatish Islomdagidek murakkab bo‘lmagan, e'tiqoddan ko‘ra siyosiy-strategik maqsadlarga xizmat qiladigan minglab missionerlarga millionlab hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan yoshlarimizning ongiga yashil yo‘lak qilib bergan bo‘lamiz. Tasavvur qilib ko‘ring, bitta ulamo diniy maktab ochib 100 ta qorako‘zga Ummul Qur'onni yodlatgunicha, 100 ta missioner 100 ta maktab ochib minglab bolalarimizning yetilmagan tafakkurini ostin-ustun qilib yuboradi.

Muqaddas Islom sobitlik bilan kundalik yashaladi va sabr bilan o‘rganiladi. Musulmon tug‘ilgandan o‘limigacha eshitadi, o‘qiydi va tafakkur qiladi. Bu jarayonni qonun taqiqlay olmaydi.

Takror aytaman, bu norma qabul qilinsa, qonunning barcha talablarini bajargan holda, katta homiylarga ega bo‘lgan missionerlar oqimi 3-5 yil ichida minglab, agar millionlab bo‘lmasa, dinidan, qadriyatidan uzilgan zombi yoshlar qatlamini oldimizga to‘kib tashlaydi» – ta'kidladi Qonunchilik palatasi vitse-spikeri.

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun atrofida shu kabi tortishuvlar davom etar ekan, taniqli diniy ulamo Mubashshir Ahmad O‘zbekiston rasmiylari: siyosatchi, deputat va senatorlarga murojaat bilan chiqdi.

Mubashshir Ahmad

Unga ko‘ra, Senatga yuborilayotgan va hali qabul qilinmagan qonunda ham bir qator kamchiliklar borki, uni to‘g‘rilashga hali imkon bor.

«O‘zbekistonda din sohasidagi eng katta muammo nima desa, men xususiy diniy ta'lim, degan bo‘lardim. Boshqa muammolar undan keyin keladi va uning natijasi bo‘ladi. Bu muammoni yechmaganimiz tufayli, yana ko‘plab eski va yangi muammolarga duch kelaveramiz. Diniy ta'lim o‘ta cheklangani tufayli jamiyatimiz past diniy saviyada qolaveradi. Axloq-odob taqchil, jinoyatchilik urchigan zamonimizda din qo‘li bog‘liq holatda, islohchilik ta'siridan mosuvo holatda qolaveradi. Eng alamlisi, insoniy fitrat - diniy ma'rifatga yo‘lini qilib intilganlar, yana fanatiklar, o‘rta asrlardan qolgan «hujra»lardagi «qoloq» jinoyatchilar, deya tasvirlanaveradi» – deydi ulamo.

Mubashshir Ahmadning fikricha, «bundan missionerlar foydalanib qoladi» degan bahona bilan xususiy ta'limga ruxsat berishdan qo‘rqilmasligi kerak. Chunki diniy ta'limdagi erkinlik – e'tiqod erkinligi bilan uzviy tushunchadir.

«Biz uchun ana shunday eng katta masala «bundan missionerlar foydalanib qoladi», degan bahona bilan taqiqlansa, men hayotimdagi eng katta taassuf va pushaymonlikda qolaman. Chunki aytganimdek, bizning eng katta muammomiz arzimagan bahona bilan «ko‘zdan nari qilingan» bo‘lsa, qolaversa Alisher Qodirov o‘z saylovoldi uchrashuvlarida, diniy masalalarga taalluqli qonunlar muhokamasida, bizni fraksiya majlislariga chaqirishni va'da bergandilar. Eng yomoni – missionerlar bilan qo‘rqitish vazifasini Alisher akaning o‘zlari bajaribdilar, qoyil.

Men tushunmayman, nega biz o‘zligimizdan, ajdodlarimiz e'tiqodidan va umuminsoniy qadriyat bo‘lgan Islomdan bu qadar qo‘rqamiz?! Dunyoda bizchalik manqurt, otasidan voz kechgan - oqpadar va insoniy qadriyatlardan qo‘rqadigan millat bormikan?!

Men qonunbuzarlikka chaqirmayapman. Lekin buzuq qonunni tuzatishga chaqiraman. Nazarimda hali ham kech emas. Qonunni hali Senat tasdiqlashi kerak. Oqil, ziyrak va insonparvar elitamiz, siyosatchilarimiz, deputatlarimiz va senatorlarimizga murojaat qilaman: qonunning shu moddasiga o‘zgartirish kiritaylik! Jamiyatimiz vujudida toza qon oqishiga to‘siq qo‘ymaylik! Xalqimizning Ilohiy ta'limotning musaffo buloqlaridan qonib ichishiga mone bo‘lmaylik! Illo kelajak avlodning bu dunyodagi la'nati va u dunyodagi hasratiga bois bo‘lib qolamiz. Allohning diniga to‘sqinlik qilib, balo va ofatlarga duchor bo‘lgan qavmlar qatorida turib qolamiz. Alloh asrasin!» – deya yozadi Mubashshir Ahmad Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida.

Mavzuga oid