Nurotani kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi ma'qullandi
Vazirlar Mahkamasining “2019-2021 yillarda Navoiy viloyatining Nurota tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, Navoiy viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari tomonidan ishlab chiqilgan 2019-2021 yillarda Navoiy viloyatining Nurota tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi ma'qullandi.
Quyidagilar Dasturning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
tumanni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholining, xususan xotin-qizlar, yoshlar va kam ta'minlangan fuqarolarning bandligini ta'minlash orqali ularning daromadlarini va turmush darajasini oshirish;
kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish orqali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish;
mavjud foydali qazilmalar - marmar, granit konlarini o‘zlashtirish natijasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish va ularni qayta ishlash darajasini oshirish;
muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholini toza ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish;
hunarmandchilik, shu jumladan hudud uchun xos bo‘lgan qadimiy kashtachilik va xalq amaliy san'atini rivojlantirish;
tuman markazi va boshqa aholi yashash joylari me'moriy qiyofasini tubdan o‘zgartirish hamda obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish;
aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va Internet jahon axborot tarmog‘idan samarali foydalanish chora-tadbirlariga oid dastur doirasida 2019-2021 yillarda tumanda raqamli texnologiyalar o‘quv markazini tashkil etish va unda bepul ta'lim berish.
Quyidagilar:
2019-2021 yillarda Navoiy viloyati Nurota tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini moliyalashtirish manbalari;
Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;
2019-2021 yillarda Navoiy viloyati Nurota tumanida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi tomorqasidan samarali foydalanish bo‘yicha loyihalar;
Navoiy viloyatining Nurota tumanida yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilish chora-tadbirlari;
Ta'lim muassasalari, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy infratuzilma obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash chora-tadbirlari;
Sug‘orish tik quduqlari tizimini yaxshilash chora-tadbirlari;
2019-2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joylarni ta'mirlash borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;
2019-2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joylar hududlarini obodonlashtirish borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;
Navoiy viloyati Nurota tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Navoiy viloyati hokimligiga O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda tijorat banklari bilan kelishgan holda loyihalarning qiymati va ish o‘rinlari sonini saqlab qolish sharti bilan Dasturda belgilangan loyihalarning manzilli ro‘yxatiga zaruratga ko‘ra o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berildi.
Tijorat banklariga Dastur doirasida marmar va granit toshlarni qazib olish hamda qayta ishlashni nazarda tutuvchi loyihalarni moliyalashtirish maqsadida mazkur loyihalarning o‘zini o‘zi qoplash davridan kelib chiqib, xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklar kredit liniya mablag‘lari hamda milliy valutadagi kreditlar hisobidan moliyalashtirish tavsiya etildi.
Dastur doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida kreditlar qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan garov ta'minotlari asosida ajratilishi tavsiya etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda Nurota tumanida:
mavjud noruda foydali qazilmalari konlarini o‘zlashtirish uchun salohiyatli investorlarni, birinchi navbatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi investitsiyalarni jalb qilgan holda qazib olish va qayta ishlash;
marmar va granit toshlarini qazib olish va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlardan iborat klasterni barpo etish hamda marmar va granit toshlarni chuqur qayta ishlash orqali jahon standartlariga mos eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish choralarini ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Navoiy viloyati hokimligi 2019 yil 1 oktyabrga qadar Nurota tumanining investitsion jozibadorligi, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy investorlar uchun taklif etilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar haqidagi ingliz va rus tillarida video-taqdimot materiallarini tayyorlash, “Investitsiya portali” va ommaviy axborot vositalariga joylashtirish, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalariga yuborish va ular orqali keng yoritishni ta'minlaydi.
Navoiy viloyati hokimligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Nurota tumanidagi “Chashma” tarixiy-me'moriy majmuasini yanada obod qilish, majmua atrofida qo‘shimcha mehmonxona qurish, unabi va boshqa mevali daraxtlar bog‘ini yaratish choralarini ko‘radi hamda “Chashma” tarixiy-me'moriy majmuasi moddiy madaniy meros davlat kadastriga kiritilganligi va davlat muhofazasiga olinganligini inobatga olib, uning atrofida amalga oshiriladigan barcha qurilish loyihalarini belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligi, Madaniyat vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda 2020 yil 1 fevralga qadar tumanda har ikki yilda an'anaviy tarzda o‘tkazilishi belgilangan “Nurli navolar” xalqaro festivali yuqori saviyada o‘tkazilishini tashkil etish uchun tuman markazida ikki ming o‘rinli zamonaviy amfiteatr binosini yangidan qurish chorasini ko‘radi;
Navoiy viloyati Nurota tumani hokimligi buyurtmachi etib belgilandi;
amfiteatr binosini homiylik mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qurish belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi bir oy muddatda 2019-2021 yillarda Nurota tumanida mavjud 1 350 gektar boshoqli don ekin maydonlarini qisqartirish hisobiga hamda qo‘shimcha 8 650 gektar lalmi va yaylov yer maydonlarida “gibrid turdagi muqobil energiya manbalari”ni qo‘llash asosida tomchilatib sug‘orishni joriy qilgan holda, yuqori daromadli va eksportbop ekinlarni ekish, jumladan intensiv bog‘, yong‘oq, bodom, lista plantatsiyalarini va tokzorlarni barpo etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Bunda, boshoqli don ekin maydonlarini qisqartirib o‘rnida suv tejovchi texnologiyalar joriy etish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladigan yer maydonlarini suv bilan ta'minlash uchun yer osti resurslari joylashuvi bo‘yicha taqdim etiladigan xulosalarga ko‘ra qurilishi talab etiladigan tik sug‘orish quduqlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurish va ekspluatatsiya qilish uchun talab etiladigan mablag‘larning moliyalashtirish manbasi aniq belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Uzumchilikni rivojlantirish agentligi, “Asakabank” aksiyadorlik tijorat banki, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda 3 600 gektarda tokzorlar barpo etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Nurota davlat o‘rmon xo‘jaligining o‘zlashtirilgan yer maydonlariga belgilangan tartibda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 10 dona tik quduq qazish hamda moddiy-texnik bazasini tubdan yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining “Qizilqum” ilmiy-tadqiqot tajriba stansiyasi negizida “Qizilqum ilmiy-tadqiqot tajriba stansiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy ishlab chiqarish markazi bir oy muddatda Fanlar akademiyasining Navoiy viloyati bo‘limiga qarashli “Qizilqum ilmiy-tadqiqot tajriba stansiyasi” davlat unitar korxonasi tomonidan Nurota tumanida 500 gektar yer maydonida, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy ishlab chiqarish markaziga qarashli Buxoro cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklari urug‘chilik ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan yaylov o‘simliklari urug‘chiligini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
Mavzuga oid
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
07:16 / 20.08.2024
Sanoatni boshqarishning vertikal tizimi joriy etiladi
07:40 / 17.08.2024
Kriptologiya sohasida idoralararo ekspert guruhi tashkil etiladi
07:15 / 24.07.2024