«Eng yaxshi xizmat – uni olganingizni bilmay qoladigan xizmatdir». DXMlardagi xizmat turlari 500 ga yaqinlashadi. Buning qanday oqibatlari bor?
Hozirda Davlat xizmatlari markazlari kuniga o‘rtacha 70 ming kishiga xizmat ko‘rsatmoqda. Kelasi yil oxirigacha taqdim qilinayotgan davlat xizmatlari soni 310 dan 450 ga yetkaziladi. Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev Kun.uz'ga taqdim qilgan maqolasida xizmatlar sonining oshishi fonida – kutish vaqti va xodimlar ish yuklamasi ortishi kabi qator risklarni hisobga olish, foydalanuvchilar uchun maksimal qulayliklarni saqlab qolishga qaratilgan ishlar haqida gapirib berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan 5 yil davomida davlat xizmatlari sohasini isloh qilishga qaratilgan 20 ga yaqin prezident hujjatlari va 170 dan ortiq hukumat qarorlari qabul qilingan va bu tizimda katta o‘sishga olib kelgan.
“Natijada davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi modernizatsiya qilingan: 2018 yil Davlat xizmatlari markazlari faoliyat boshlagan paytda dastlab 37 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirda 310 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
2018 yilda kuniga o‘rtacha 15-17 ming fuqaro Davlat xizmatlari markazlarida xizmatlardan foydalangan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 70-75 mingni tashkil etmoqda. Ayrim xizmatlar natijalarini olish uchun kelgan fuqarolar bilan qo‘shib hisoblaganda tashrif buyuruvchilar soni 100-115 mingni tashkil etadi.
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan hozirga qadar 52 mlndan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Eng e’tiborlisi, Davlat xizmatlari markazlarida ish hajmi qariyb 4 baravarga ko‘paygan bo‘lsa-da, xodimlar soni ko‘paytirilmadi”, — deydi Meliyev.
Bundan tashqari tezkorlikni oshirish maqsadida, xizmatlar “oson”, “o‘rta” va “murakkab” toifalarga ajratilgani navbatda turish vaqtini sezilarli darajada qisqartirdi. Ushbu tartib Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida joriy etilgan. Fuqarolar ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar, davlat xizmatlaridan eksterritorial tamoyil bo‘yicha foydalanish imkoniyatining yaratilgani ham foydalanuvchilar sonini oshishiga va qulaylikka olib keldi.
«Yevropa Ittifoqi hamda BMTning Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida DXMga tashrif buyuruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, fuqarolarning 90 foizi ko‘rsatilayotgan xizmatlardan qoniqish hosil qilib, markaz xodimlari faoliyatini a’lo baholagan».
Vazir o‘rinbosari fuqarolar DXM faoliyatidan qoniqish darajasi yuqoriligi o‘zlariga bildirilayotgan ishonch va mas’uliyat deb baholagan. Ma’lum bo‘lishicha, yil oxirigacha ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari kamida 350 taga, kelgusi yil oxiriga qadar 450 taga yetkazishga harakat qilinmoqda.
Ko‘rsatilayotgan xizmatlar sonining oshishi bir qator risklar, xususan, murojaatchilar ko‘payishi hamda xizmatdan foydalanishda kutish vaqtining ortib borishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, o‘z navbatida markaz xodimlarining ish yuklamasi yanada ortishiga olib keladi. Meliyevga ko‘ra, bunda foydalanuvchilar uchun maksimal qulayliklar yaratish uchun quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda faoliyat kuchaytirilmoqda:
“Birinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini biznes jarayonlarini reinjiniring qilish (BPR) usullarini qo‘llagan holda maqbullashtirish. Misol uchun, fuqarolarning nikohi yoki nikohdan ajralganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olish uchun Davlat xizmatlari markazlari xodimi dasturda so‘rovnoma yaratish uchun 11 ta maydonchani to‘ldirib, bunga 3 daqiqa vaqt sarflagan bo‘lsa, BPR natijasida bunga 30 soniya vaqt sarflanishiga erishildi.
Ikkinchidan, fuqarolarning xizmatlardan onlayn foydalanish ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan tushuntirish va amaliy choralarni kuchaytirish. Bu yo‘nalishda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan alohida dastur ishlab chiqib, amaliyotga joriy etishni, rejalashtiryapmiz. (DXM taqdim qilayotgan barcha 310 dan ortiq davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish mumkin, faqat ID karta olish, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, yuridik shaxslarni qayta tashkil etish xizmatlari mustasno).
Uchinchidan, ayrim ko‘rsatilishi oson bo‘lgan davlat xizmatlarining Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilishi bilan bir qatorda xususiy sektor tomonidan ham ko‘rsatilishini tashkil qilish.
To‘rtinchidan, 2022 yil 1 avgustdan davlat xizmatlaridan foydalanishda shaxsni identifikatsiya qilishning «Mobil-ID» tizimi joriy etildi. Tizimdan bugunga kelib, 1,1 million ortiq fuqarolar foydalanmoqda. Face ID, Finger Print kabi identifikatsiya qilishning muqobil usullarini joriy etish ustida faol ish olib boryapmiz.
Davlat xizmatlaridan foydalanishda arizachiga xizmatning natijasi haqida xabar yuborish tartibi yo‘lga qo‘yildi, bu bilan fuqarolarning DXMga takroran borishining oldi olindi.
Beshinchidan, proaktiv va kompozit xizmatlar turlarini ko‘paytirish. Proaktiv davlat xizmatlari bu — davlat tashkilotlarining o‘z tashabbusi bilan fuqarolarga muayyan vaziyatda yoki muayyan fakt vujudga kelganda fuqarolarning murojaatisiz davlat xizmatini ko‘rsatish hisoblanadi.
Estoniyalik mutaxassis Marten Kayvatsning “Eng yaxshi xizmat bu — hatto uni olganingizni bilmay qoladigan xizmatdir” degan fikriga qo‘shilamiz.
Fuqarolarning ortiqcha ovora bo‘lmasligi hamda idorama-idora sarson bo‘lib yurishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida xizmatlarni “kompozit shaklda” ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bu bitta so‘rov asosida o‘zaro bog‘liq davlat xizmatlarini kompozit shaklda, ya’ni bir paytda taqdim etishdir.
Xulosa qilib aytganda, hozirda biz davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida o‘z imkoniyatlarimiz, istiqbollarimizni muntazam baholab borgan holda global raqobatga kirishmoqdamiz. Xususan, 2030 yilga kelib davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ilg‘or 20 ta davlat qatoriga qo‘shilish harakatidamiz”, — deydi adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev.
Mavzuga oid
09:43 / 24.07.2024
Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslari yanada takomillashtirilmoqda
18:02 / 11.07.2024
Hokim va hokim o‘rinbosarlari uchun manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar o‘tkazildi
11:40 / 02.07.2024
Haydovchilik guvohnomasini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi
12:46 / 01.05.2024