O‘zbekiston | 20:24 / 16.06.2024
10472
14 daqiqa o‘qiladi

Aeroportdagi deportlar va harbiy sohadagi hamkorlik istiqbollari - Turkiya elchisi bilan suhbat

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev iyun oyi boshida Turkiyaga rasmiy tashrifini amalga oshirgandi. Anqarada qaysi mavzular muhokama qilindi va natijalar qanday bo‘ldi?Prezidentlar mudofaa sohasida, shuningdek, Kaan qiruvchi samolyotlar masalasini ham muhokama qilganmi? Kun.uz shu kabi savollar bilan Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar bilan suhbatlashdi.

O‘zbekiston prezidentining Turkiyadagi tashrifi vaqtida siz ham Anqarada edingiz, ikki mamlakat rahbarlari uchrashuvida eng asosiy kelishuv va yutuqlar haqida aytib o‘tsangiz?

Shu yil 6 iyun kuni Anqara shahrida ikki davlat o‘rtasida oliy darajali strategik kengashning (ODSK) 3-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirok etish uchun O‘zbekiston prezidenti janob Shavkat Mirziyoyev yirik delegatsiya hamrohligida Anqaraga bordi. Aloqalarimizning barcha jabhalari ikki tomonlama muzokaralarda muhokama qilib o‘tildi. Munosabatlarimiz yangi darajaga ko‘tarildi. Ular tobora kuchayib, rivojlanib bormoqda. Bularni biz muhokamalar natijasida erishilgan bitimlarda ko‘rmoqdamiz. Amalga oshirilgan muloqotlar natijasi o‘laroq 18 ta bitim tuzilib, bitta qo‘shma bayonot imzolandi.

Shu tariqa, munosabatlarimizning qator tomonlarini qamraydigan yangi qadamlar bo‘yicha muayyan qarorlar qabul qilindi. ODSK – prezidentlar rahbarligi ostida o‘tkaziladigan eng yuqori darajali maslahatlashuv mexanizmidir. ODSK yig‘ilishlari chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokamaga qo‘yiladi hamda tegishli yo‘l xaritalari tuzib olinadi.

Hozir bir narsani bemalol aytish mumkinki, bu ODSK yig‘ilishidan so‘ng keyingi 7 yil mobaynida tobora jadallashib kelayotgan Turkiya-O‘zbekiston aloqalari yap-yangi bosqichga ko‘tarildi. Bunda, albatta, ikki mamlakat yetakchilari janob Erdo‘g‘an va janob Mirziyoyevning katta hissasi bor.

Rasmiy muzokaralar ikki bosqichda amalga oshirildi. Ularning bittasi ikki yetakchining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lsa, ikkinchisi delegatsiyalararo kengaytirilgan muzokaralar edi. Shu uchrashuvlar natijasida yo‘l xaritasi tuzib olindi.

Shuningdek, bu tashrif chog‘ida prezidentlar rafiqalarining dasturiga ham keng o‘rin berildi. Ular ham uchrashib, o‘z sohalarida munosabatlarni rivojlantirish yo‘llarini muhokama qilib oldi.

Janob prezident Mirziyoyev 6 iyun kuni, dasturning tonggi qismida Turkiyaning mudofaa sanoati korxonalaridan “TUSAŞ” (Tusash)ni borib joyida shaxsan ko‘rdi. Dasturning bu qismi mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish nuqtayi nazaridan foydali bo‘ldi deb hisoblaymiz.

Hech shubhasiz, tashrifning eng muhim tomoni, ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida hamkorlik rivojlantirilishi maqsadida 5 iyun kuni biznes-forum o‘tkazilgani edi. 6 iyun kuni esa ikki yetakchi ishtirokida ishbilarmonlar kengashi degan yangi format tashkil etildi. Bitimlar, biznes-forum hujjatlari, yangi formatdagi ishbilarmonlar kengashiga qarasangiz, tashrifda ustuvorlik iqtisodiy sohani ilg‘orroqqa olib ketishga qaratilganini bilasiz.

Shuningek, ODSK tadbirlari chog‘ida prezidentimiz janob Erdo‘g‘an O‘zbekiston prezidenti janob Mirziyoyevni Turkiya Respublikasi davlat nishoni bilan mukofotladi. Mukofot juda jo‘shqin marosim bilan o‘z egasiga topshirildi. Yuqorida darajali bunday mukofot topshirilishi munosabatlarimiz kelgan darajaning tabiiy natijasi edi fikrimcha.

Bu nimadan dalolat beradi? 2017 yildan buyon O‘zbekiston darhaqiqat o‘z davlatida, mintaqasida va xalqaro miqyosda kuchli ilg‘or siljishni bajara oldi. Bunda katta rolni prezident Mirziyoyev o‘ynadi. Prezident «Yangi O‘zbekiston», «Uchinchi Renessans» yondashuvlari bilan davlatni oldinga qarata boshlab ketdi. Hozir O‘zbekiston o‘z mintaqasida tinchlik manbayi, qo‘shnilari bilan aloqalarni tinchlik poydevori ustiga o‘rnata olgan, munosabatlarni o‘zaro iqtisodiy manfaat asosida rivojlantirgan mamlakatdir. Biz bunga yuqori baho beramiz va to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu sa’y-harakatlar jarayonida biz doimo birgamiz, yoningizdamiz.

Aytib o‘tganimdek, keyingi 7 yilda ikki tomonlama aloqalar ancha taraqqiy etdi. Ham O‘zbekiston erishgan cho‘qqilar, ham ikki tomonlama munosabatlarimiz erishgan saviyaga yuqori baho berish uchun prezident Mirziyoyevga ushbu davlat nishoni (Turkiya davlatining eng yuksak davlat nishoni) topshirildi.

Siz yuqorida aytgan «Turkiyaning oliy darajadagi nishoni» qanday shaxslar uchun beriladi?

Aytganimdek, bu mukofot Turkiyaning eng yuqori darajali davlat nishoni bo‘lib, juma kam insonlar unga loyiq deb topiladi. Lekin biz uchun eng muhimi – bu mukofot janob Mirziyoyevga prezidentimiz tomonidan topshirilishi. Moziydan kelgan birligimizning bugungi kunining ko‘rsatkichi, deb hisoblayman. Ikki tomonlama munosabatlarda, aytib o‘tganimdek, har ikkala prezidentining sa’y-harakatlari katta. Davlat nishoni topshirib, yuqori baholashimizni namoyon etdik. G‘ururlandik, albatta. Turkiya O‘zbekiston munosabatlariga nazar tashlasangiz, tarixda hech ham bo‘lmagan saviyaga erishganini, tarixda hech bo‘lmaganidek turfa xillashganini, ildam rivojlanayotganini bemalol ayta olamiz. Bugungi kun darajalariga yetib kelishimizda ikki prezidentning sa’y-harakatlari ko‘p. Shuning uchun biz uchun chuqur mazmunli mukofotlash edi.

Prezident tashrifi chog‘ida TUSASh mudofaa korxonasiga bordi va kadrlarda Kaan qiruvchi samolyotlarini ham ko‘rish mumkin edi. Ikki davlatning mudofaa hamkorligi to‘g‘risida nima deysiz?

— Aytib o‘tganimdek, ikki tomonlama munosabatlarimiz har sohada rivojlanmoqda, buni aytib o‘tdim. Mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlik ham buning bir parchasi. Prezident Mirziyoyev janoblari 6 iyun kuni TUSASh korxonasiga tashrif buyurib, yangi Kaan samolyotini joyida ko‘rib chiqdi. Yuqori baho berganini aytib o‘tdi.

Biz esa mudofaa sanoatidagi bu salohiyatimizni qardosh O‘zbekiston bilan o‘rtoqlashishga doimo tayyormiz. Buni doimo muloqotlarimizda o‘zbek qardoshlarimizga yetkazamiz. O‘z zafarlarimiz bilan o‘rtoqlashish, ishlab chiqarish kuchlarini O‘zbekistonda rivojlantirish asosiy maqsadimiz. Bu sohadagi keyingi yillardagi muloqotlarimiz tobora ortib bordi. Ular juda samarali davom etmoqda. O‘zbekistondan Turkiyaga, Turkiyadan O‘zbekistonga kelgan delegatsiyalar ko‘p. Bularning natijalarini yaqin kelajakda barchamiz ko‘ramiz deb umid qilaman.

Kaan qiruvchi samolyotlarini O‘zbekiston ham sotib olishi mumkinmi?

— Hozir sizga aniq bir narsa ayta olmayman. Lekin O‘zbekistonda uchuvchisiz parvoz apparatlari va boshqa mudofaa mahsulotlariga qiziqish katta. Bu qiziqish yaqin kelajakda o‘z mevalarini, albatta, keltiradi.

— Mehnat muhojirlari va Turkiyaga tashrif buyurgan o‘zbekistonliklarni deport qilish holatlari ancha ko‘paydi, buning aniq sabablari mavjudmi?

— Dastavval Turkiya-O‘zbekiston aloqalari miqyosi qay darajaga erishganini to‘g‘ri tushunib olish kerak. Raqamlarga murojaat qilsak, o‘tgan yili (2023) Turkiyadan O‘zbekistonga 106 ming atrofida turk fuqarosi keldi, O‘zbekistondan esa Turkiyaga 470 mingdan ortiq kishi borgan. Bir yilda. 2024 yilning birinchi yarmida deyarli 250 ming o‘zbekistonlik Turkiyaga bordi. Haftasiga 90 ga yaqin reyslar amalga oshirilyapti. O‘zbekistonning qator shaharlaridan reyslar tashkillashtirilgan: Toshkent, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus, yaqinda Qarshidan ham reyslar qo‘yildi. Haftasiga 90 ta reys kichik raqam emas. O‘ta zich o‘zaro qatnov bor. Bundan tashqari, 50 mingdan oshiq o‘zbekistonlikning Turkiyada rasmiy doimiy yashash ruxsatnomasi bor.

Endi, Turkiya aeroportlarida joriy qilingan xavfsizlik choralari bo‘yicha. Keyingi paytlarda sodir etilgan teraktlardan so‘ng, oxirgisiga Moskvada guvoh bo‘ldik, Turkiyada xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Turkiyaning bu sohada katta tajribaga egaligini bemalol ayta olamiz. Keyingi 40-50 yildan buyon Turkiya terrorga qarshi ayovsiz kurash olib boradi, jahonda bu borada eng katta tajribaga ega mamlakatmiz. Ancha yaxshi tajribalar bular. Turkiyadagi vaziyatga qarab bunga o‘zingiz ham baho berishingiz mumkin.

Shu sababli, terror tahdidini hech qachon yoddan chiqarmasligimiz, ogoh bo‘lishimiz kerak. Bu tahdidning dini va millati yo‘qligini ham doimo ta’kidlab kelganmiz. Terror bu – doimo terror. Buni bir bora boshidan o‘tkazgan odam u bilan kurashda salbiy tomonlarni ham qabul qilishga majbur bo‘ladi. Turkiya-O‘zbekiston aloqalarining umumiy holatiga qaraganimizda, keyingi paytda aeroportdan qaytarib yuborilgan fuqarolar soni ko‘payganini sezyapmiz. Lekin aytishim kerakki, bu yilning birinchi yarmida Turkiyaga borgan 250 ming atrofida o‘zbekistonlik nisbatida kam sonli fuqarolar deportatsiya qilingani shohidimiz.

Biz bundan xavotirdamiz, albatta. Chunki ikki qardosh xalq sifatida biz butun diqqatimizni ijobiy kun tartibiga jamlaganmiz. Hurmatli prezident Mirziyoyevning tashrifi buning yaqqol dalili. Qanday qilib munosabatlarni yanada yaxshilasak bo‘ladi, shu masala ustida bosh qotiryapmiz. Shu bilan birga, bir-birimizning huzurimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan unsurlarga ham tezda yechim topa olish tarafdorimiz. Bu holatni biz hozir jiddiy deb baholayapmiz, o‘zbek idoralar bilan holat ustida ish olib boryapmiz, Turkiyada idoralararo muzokaralar olib borildi, 6 iyun tashrifidan avval Turkiyadan O‘zbekistonga yirik delegatsiya keldi, biz joriy qilgan qoidalarimizni tushuntirdik, o‘zaro ma’lumot almashinish ahamiyatini tushuntirdik, ishonamanki, kelgusida birgalikda sa’y-harakatlarimiz bilan bunaqa chegaradan qaytarib yuborishlar masalasini bartaraf qilamiz.

Bu yerda muhimi, umumiy manzarani nazardan chetdan qoldirmaslik kerak, mediada ko‘tariladigan ba’zi masalalar munosabatlarning faqatgina bir tomoni, lekin aloqalarga raxna solib qo‘yishi yoki ularga salbiy tus berishi mumkin. Biz bu masalalarga hecham ko‘z yummaymiz, ko‘rmaslikka olmaymiz, jiddiy qabul qilamiz. O‘zbekistonning tegishli idoralari bilan buni muhokama qilyapmiz. Lekin shunda ham munosabatlarimiz faqat oldingan qarab rivojlanmoqda. Ularning salohiyati buyuk. Davlat rahbarlarimiz ham doimo buni ta’kidlashadi.

— Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz O‘zbekistonga kelganda mehnat muhojirlari masalasida yangilik bo‘ladi degan edi, bu qanday yangilik va u qachon amalga oshadi?

— Hozir har ikkala mamlakatning tegishli idoralari aynan shu masalada hamkorlik qilyapti. Ma’lumotlar bilan almashinishga katta ahamiyat beryapti. Muzokaralar davom etyapti. Maslahatlashyapti. Muhtaram vitse-prezidentimiz shularni ko‘zda tutgan. UningO‘zbekistonga tashrifidan so‘ng Turkiyadan yirik delegatsiya faqatgina shu masala bo‘yicha O‘zbekistonga amaliy tashrif amalga oshirdi. Aloqador idoralar bilan bu masala muhokama qilindi.

Xabarim bor, bundan oldin bu muzokaralar Turkiyada boshlangandi. Bundan buyon ham shu masalada hamkorlik davom etadi. Bu yerda maqsad biz joriy qilgan tizimning O‘zbekiston tomonidan yaxshi tushunilishi va mahalliy sharoitlarda o‘z tizimlari joriy etilishi. Bu juda muhim. Chunki terror bugun Turkiyada, ertaga RFda, indinga boshqa davlatda xuruj qilishi mumkin. Buni avvaldan bashorat qilib ko‘ra olish, oldindan chora ko‘ra olish muhim va biz shuning uchun harakat qilyapmiz. Buni bajarayotib qardoshimiz O‘zbekiston bilan ma’lumot-hujjatlar bilan o‘rtoqlashishni unutmaymiz.

— Turkiya bugungi kunda global kuchga intilish jarayonida katta kuch markazlari bilan munosabatlarini qanday muvozanatlashtiryapti?

— Turkiya o‘z mintaqasida o‘ynayotgan hozirgi roli uning tarixi va geostrategik pozitsiyasidan kelib chiqmoqda. Jahon va xalqaro hamjamiyatning kun tartibidagi bugungi masalalar, muammolarning deyarli barchasi Turkiyaning atrofida ro‘y bermoqda. Bu esa bizning milliy manfaatlarimizni qiziqtiradi. Bu borada Turkiya hozir faol tashqi siyosat yuritmoqda. Bu siyosat milliy manfaatlarga tayangan. Janob Erdo‘g‘anning «Dunyo beshdan ko‘p» degan iborasi shu jihatdan alohida mazmun-mohiyatga ega. Biz qator masalalarda Falastin, Bolqon, Yaqin Sharq, Eron, RF, Ukraina va boshqa ko‘p masalalarda faol siyosat yuritib, baholiqudrat o‘z hissamizni konstruktiv tarzda dunyo hamjamiyatiga taqdim etmoqdamiz. Hozir Turkiyaning naqadar faolligini ko‘rishning eng oson yo‘li bu Turkiya TIV vazirining oxirgi haftada tashrif buyurgan joylari, ishtirok etgan tadbirlari, olib borgan muloqotlarini kuzatish. Kun tartibi naqadar zichligini ko‘rish mumkin. Bu bizga Turkiyaning o‘z mintaqasida va xalqaro miqyosda egallagan pozitsiyasi, o‘rni haqida katta ma’lumot taqdim etadi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi

Mavzuga oid