O‘zbekiston | 16:12 / 27.03.2021
9376
6 daqiqa o‘qiladi

Respublikadagi ilk raqamli bojxona posti qanday ishlaydi? 

Yantarb uskunasi, interfaol monitor va inson a'zolarini skaner qiluvchi qurilma. Davlat bojxona qo‘mitasi OAV vakillari uchun respublikadagi eng yirik bojxona postlaridan biri bo‘lgan «Yallama» chegara bojxona postiga press-tur tashkil etdi.

Bojxona sohasini shaffoflashtirish, tizimda axborot-kommunikatsiya vositalarini joriy qilishga doir samarali ishlar amalga oshirilgan. Buning natijasida respublikaga kirib kelayotgan yuk transport vositalarining kirishi va chiqishini onlayn nazorat qilish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.

Yuk transport vositalarining kirish tartibi qanday?

Yuk avtotransport vositasi Qozog‘istonning «Qosimboyev» chegara bojxona postidan «Yallama» chegara bojxona postiga kirib kelishi bilanoq avtomatlashtirilgan dezinfeksiya qilish ishlari amalga oshiriladi. So‘ngra, zamonaviy Yantar uskunasi vositasida transport vositasida respublika hududiga kirib kelishi mumkin bo‘lgan radiofaol moddalar bor-yo‘qligi nazoratdan o‘tkaziladi. Mabodo, shunday moddalar bor bo‘lsa, 5 soniyada bojxona postiga ishora yuboriladi va xatar tartibi e'lon qilinadi.

Shu vaqtning o‘zida yuk mashinasi o‘qlariga tushayotgan og‘irlik hamda transport vositasining umumiy vazni o‘lchanadi, shu vaqtda transport vositasini avtomatik aniqlash tizimi ishlaydi, uning davlat raqami suratga olinib, barchasi Markazlashgan holda yagona serverga joylanadi. Haydovchi chegara nazoratidan o‘tgach, bojxona ko‘rigidan o‘tadi va O‘zbekiston hududiga kiradi.

Bu ishlarning barchasiga 15 daqiqa, bojxona nazoratiga esa, 5 daqiqa vaqt sarflanadi.

«Vazirlar Mahkamasining 912-sonli qaroriga muvofiq, har bir avtotransport vositasi harakati uchun jami 15 daqiqa sarflanadi. Bojxona rasmiylashtiruvlariga 5 daqiqa berilgan. Bojxona ko‘rigidan o‘tgach, hududdan tashqariga chiqib ketadi. «Yallama» chegara bojxona posti bir kunda 1000tagacha yuk transport vositalariga xizmat ko‘rsata oladi. Pandemiyadan avval, bu postdan bir kunda 600-700ta yuk mashinalari o‘tgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 300-350tani tashkil etmoqda», - deydi smena boshlig‘i.

 Davlat Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Do‘stmuhammadov transport vositalarining kirib kelish tartibi, ularning skaner qurilmasidan o‘tkazilishi, ma'lumotlarning qay tartibda qayta ishlanishiga doir ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

DBQ boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Do‘stmuhammadov

«Yuk mashinasi kelgach, dezbarerda zararsizlantirilgach, avtomatik ravishda radiofaol moddalarga tekshiriladi, avtomobil raqami kamera orqali qayd etilib, qaysi davlatga tegishli ekanligiga doir ma'lumotlar bazaga kiritiladi. Transport vositasi og‘irligi o‘lchanib, keyingi bojxona nazorat tekshiruvi uchun navbatga turadi. E'tiborli tomoni bu tekshiruvlarning hech birida yuk mashinasi to‘xtamaydi, aksincha harakatini davom ettiraveradi. Bu ishlarning barchasi soniyalarda amalga oshiriladi», - deya so‘zlab berdi Do‘stmuhammadov.

 Uning bildirishicha, O‘zbekistonga kirgan va undan chiqayotgan, respublika hududidan tranzit ravishda harakatlanayotgan har bir yuk mashinasiga doir markaziy apparatga yuborilgan ma'lumotlar yillar davomida saqlanadi. Qolaversa, bojxona tizimi faoliyatini shaffoflashtirish maqsadida interfaol xizmatlar tashkil etilgan. Post hududida haydovchilarga qulaylik taqdim etish maqsadida bepul Wi-Fi tarmog‘i orqali bojxona tizimiga kirib, o‘zlariga kerakli barcha ma'lumotlarni olish imkoniyati taqdim etilgan.

 «Yuk mashinasi 10 soniya ichida skanerlandi. Bu nima uchun kerak? Bu amaliyot respublikaga kirib, uning hududidan o‘tib ketmoqchi bo‘lgan yuk mashinasining shaffof tarzda, biror joyda yukini tushirmasdan yoki ortiqcha biror yuk olmasdan chiqib ketishini nazorat qilish uchun zarur», - dedi Do‘stmuhammadov.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i, bojxona xizmati polkovnigi Otabek Choriyevga ko‘ra, 4 yillar avval ham mazkur bojxona postidan katta o‘lchamdagi yuklarni olib o‘tishda qiyinchiliklar mavjud bo‘lgan.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Otabek Choriyev  

«Bugungi kunda post hududi avvalgi 1,2 gektardan 5 gektargacha kengaytirilgan bo‘lib, yirik gabaritli yuk avtomashinalari ham o‘ta oladigan sharoitlar barpo qilindi. Kirish-chiqish darvozalari 4tadan 11tagacha yetkazildi. Bojxona inspektori barcha ma'lumotlarni tahlil qilgan holda tranzit tartibda harakatlanayotgan yuk mashinasi haydovchisiga O‘zbekiston hududini tark etishi rejalashtirilgan postgacha yetib borish vaqtini belgilab beradi», - deydi Otabek Choriyev.

Bojxona postidan fuqarolar o‘tishida ham yashil va qizil yo‘laklar tashkil etilgan bo‘lib, fuqaro metallodetektor arkasidan o‘tgandayoq, unda xavfli yoki taqiqlangan buyumlar bor-yo‘qligi aniqlanadi. Bundan tashqari, insonning ichki a'zolarida giyohvand moddalar yoki boshqa zararli buyumlar olib kirish yoki chiqishga urinishlarning oldini olish maqsadida insonning ichki a'zolarini skaner qila oladigan qurilma ham o‘rnatilgan. Ya'ni, dunyo bojxona xizmatlarida qanday zamonaviy qurilmalardan foydalanilayotgan bo‘lsa, «Yallama» chegara bojxona postida ham xuddi o‘sha uskunalar ishlatilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil yanvar-mart oylarida «Yallama» chegara bojxona posti orqali jami 13 540ta avtotransport vositasi harakatlangan, 1 mlrd 541,5 mln so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlari davlat budjetiga o‘tkazilgan.

Shu bilan birga, yuk avtotransport vositalarining vaqtini tejash maksadida bojxona organlari tomonidan avtotransport vositalarini inspeksion ko‘rik majmuasi orqali nazoratdan o‘tkazish imkoniyati yaratilgan. 3 322ta transport vositasi yil boshidan buyon IKM ko‘rikdan o‘tkazilgan. Bojxona postida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, noqonuniy tovar-moddiy boyliklar kirib kelishining oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Xususan, o‘tgan 2020 yil davomida 64 ta holatda 3 mlrd 677,5 mln so‘mdan ortiq tovarlarning noqonuniy kirib kelishining oldi olingan.

Mavzuga oid