O‘zbekiston | 08:38 / 05.08.2021
4248
3 daqiqa o‘qiladi

«Yoshlar daftari»ga kiritilganlarga o‘qish uchun kompensatsiya to‘lanadi

Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat Prezidentning “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 20 apreldagi PF-6208-son farmoniga muvofiq qabul qilingan.

Birinchidan, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari tomonidan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 12-bandiga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, to‘ldirilishicha, kasb-hunar kolleji oilasi “Temir daftar”ga kiritilgan o‘quvchi yoshlarga olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatdagi ishlab chiqarish amaliyoti davri uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik subsidiya ajratadi.

Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2009 yil 8 apreldagi 102-son qarori quyidagi mazmundagi 3-2-band bilan to‘ldirildi: “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub'yektlariga davlat mulkini ijaraga olishda ijara to‘lovlari bo‘yicha Prezidentning 2021 yil 20 apreldagi PF-6208-son Farmoniga 1-ilovada belgilangan imtiyozlar qo‘llanilishi ta'minlansin”.

Uchinchidan, Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 11 martdagi 132-son qarorining 3-bandi 7-xatboshisiga o‘zgartirishlar kiritildi. Aynan, belgilanishicha, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, ammo bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berish uchun foydalaniladi. Shuningdek, bu mamlakatimizdagi professional va oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga (ilgari - mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari) ham taalluqli.

Boshqa o‘zgartirishlar ham kiritildi.

Mavzuga oid