Jahon | 15:01 / 12.05.2024
15349
5 daqiqa o‘qiladi

Belgorodda ko‘p qavatli uy pod’yezdi quladi

Gubernator bunda Ukraina qurolli kuchlarini ayblagan. Xarobalar ostida o‘nlab kishilar qolgani aytilmoqda. Qutqaruv ishlari vaqtida odamlar ustiga binoning tom qismi ham qulab tushdi.

Sputnik / Profimedia

12 may tongida Belgorod shahrining Shchorsa ko‘chasida o‘n qavatli turar joy binosining pod’yezdlaridan biri qulab tushdi. Bu shahar Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yoppasiga o‘qqa tutilishi ortidan sodir bo‘ldi, deya ma’lum qilgan Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov. 

Hudud rahbarining so‘zlariga ko‘ra, snaryad to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib urilishi oqibatida Xarkov tog‘idagi 55-sonli uy pod’yezdi o‘ninchi qavatdan birinchisiga qadar qulagan. Shahar o‘qqa tutilishi arafasida raketa xavfi haqida ogohlantiruvchi signal berilgandi.

Telegram-kanallarda kuzatuv kameralaridan olib tarqatilgan videolarda pod’yezd qulashi aks etgan. Kadrlarda uyning quyi qismida portlash ro‘y berganini ko‘rish mumkin. Baza telegram-kanaliga ko‘ra, dastlabki ma’lumotlarda zarba «Olxa» baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali yo‘llangani aytilgan. 

Voqea joyida qutqaruv ishlari olib borilmoqda. Shahar favqulodda xizmatlari ma’lum qilishicha, xarobalar ostida o‘nlab kishilar qolib ketgan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, qutqaruv ishlari vaqtida binoning tom qismi qutqaruvchilar va ko‘ngillilar ustiga qulab tushgan.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha 13 kishi jarohatlangani tasdiqlangan. Xarobalar ostidan olib chiqilganlarning ikki nafari bolalar. Qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot kelib tushmagan. Telegram-kanallarda yetti kishi halok bo‘lgani haqida yozilgan.

Tergov qo‘mitasi terakt (JK 205-moddda) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. «12 may kuni Ukraina qurolli tuzilmalari hujumi oqibatida Belgorod shahrida snaryad ko‘p qavatli turar joy binosiga urilgan. Hodisa oqibatida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jabrlanganlar bor», — deyiladi idora bayonotida. 

RF mudofaa vazirligi 12 may kuni soat 11:40 atrofida Belgorod shahri Ukraina qurolli kuchlari tomonidan «Tochka-U» taktik raketa kompleksi, «Olxa» hamda RM-70 «Vampir» baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari qo‘llangan hujumiga yo‘liqqani haqida xabar qildi. Harbiy idoraning tasdiqlashicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari «Tochka-U» tizimining oltita raketasi, «Vampir» tizimining to‘rtta reaktiv snaryadi va «Olxa» tizimining ikkita reaktiv snaryadini urib tushirgan. «„Tochka-U“ taktik raketa kompleksining urib tushirilgan raketalaridan birining parchasi Belgorod shahridagi turar joy binosiga shikast yetkazgan», — deyilgan vazirlik xabarida.

Sputnik / Profimedia

Ukraina hukumati RF kuchishlatar idoralarining Kiyev Belgorod o‘qqa tutilishiga aloqadorligi to‘g‘risidagi bayonotlariga rasman munosabat bildirmagan. Shu bilan bir vaqtda, ukrain nashrlarida Belgorodda qulagan uy ichkaridan portlatilgani to‘g‘risida versiya tarqalgan. Bundan tashqari, Ukraina IIV rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenko Belgorodda uy vayron bo‘lishi rossiyaliklar samolyotidan aviabomba tushib ketishi oqibatida ro‘y bergan bo‘lishi mumkinligini aytgan. «Yuqori ehtimol bilan, bu ruslarning Xarkivni bombardimon qilish uchun ketayotgan samolyotidan tushib ketgan FAB bo‘lgan, bunaqasi avval ham bir necha bor kuzatilgandi, — deya yozgan u o‘z telegram-kanalida. — Shuningdek, men bu Rossiya tomonidan Ukrainaning tinch shaharlarini o‘qqa tutish va eskalatsiyani kuchaytirishga qaratilgan provokatsiya bo‘lishi mumkinligini istisno etmayman».

Yelizaveta Demidova / TASS / Profimedia
Yelizaveta Demidova / TASS / Profimedia
Yelizaveta Demidova / TASS / Profimedia
TASS / Profimedia

Belgorod Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan buyon muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda. Shaharga zarbalar intensivligi 2024 yil bahorida, RF prezidentligi saylovi, rossiyaliklar tomonidan Ukraina energetika obektlari bo‘ylab yopirilma zarbalar va Rossiya qo‘shinining Xarkiv oblastida boshlagan yirik yurishi fonida sezilarli darajada oshdi. 11 may kuni ham Vyacheslav Gladkov Belgorod o‘qqa tutilishi oqibatida tinch aholi vakillaridan bir kishi halok bo‘lib, 29 kishi jarohatlangani haqida xabar qilgandi. Gubernatorning ma’lumotiga ko‘ra, bir kun oldingi hujum vaqtida shaharda 85 ta ko‘p qavatli uylardagi 300 dan oshiq kvartira shikastlangan.

Mavzuga oid