Vazir o‘rinbosari: bug‘doy narxlari 20 kunlarda joyiga keladi
Oxirgi bir haftada O‘zbekistonda un narxi oshishi kuzatildi. Bu Qozog‘istonda eksport bug‘doyi narxining qimmatlashgani fonida ro‘y bermoqda. Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosarining aytishicha, qozoq bug‘doyi vaqtinchalik to‘xtab qolgani uchun qisqa vaqtlik ajiotaj bo‘lishi mumkin. “Narxlar 20 kunlarda joyiga keladi”, dedi u.
Birjada narxlar oshgan
So‘nggi 1 oy ichida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasidagi savdolarda birinchi navli un narxi 6,5 foizga, 3-sinf bug‘doy narxi 7,3 foizga qimmatlashgan.
Xususan, 15 avgust kuni o‘tkazilgan savdo yakunlari bo‘yicha, 1 tonna birinchi navli un narxi 3 mln 805,9 ming so‘mni, 1 tonna 3-sinf bug‘doy narxi 2 mln 500,6 ming so‘mni tashkil qilgan.
14 sentabr holatiga, un narxi 4 mln 54,1 ming so‘mgacha, bug‘doy narxi 2 mln 683,3 ming so‘mgacha qimmatlashgan.
Mahalliy tadbirkorlar nima deydi?
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida bug‘doy uni savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor so‘nggi kunlarda narxlar ancha oshganini tasdiqladi.
“Bir necha kun ichida ulgurji narxi 215 ming so‘mdan sotilgan mahalliy unlar 250 ming so‘mga, 310-315 ming so‘mdan sotilgan Qozog‘istondan import qilinuvchi unlar 400 ming so‘mga qimmatladi. Yetkazib beruvchilarimizning aytishicha, narxlar yanada oshishi mumkin ekan. Bunga nima sabab bo‘layotganini aniq bilmayman, menda bu borada ma’lumot yo‘q”, dedi tadbirkor.
Samarqand viloyati Jomboy tumanida faoliyat olib boruvchi boshqa bir tadbirkor ham narxlar sezilarli oshgani haqida gapirdi.
“Avval bir qop unni 260-270 ming so‘mdan sotayotgan bo‘lsam, endi narx 440-450 ming so‘mga chiqdi. Bu Qozog‘iston uni. O‘zimizda chiqadigan va Qozog‘iston uni bilan aralashtiriladigan unlar ham 430 ming so‘mdan sotilyapti. Bu unlar narxi 240-250 ming so‘m atrofida bo‘lardi. Narxlar 2 haftadan beri ko‘tarilib kelyapti”, – deydi u.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan birining yozishicha, 10 kilogrammlik Qozog‘istonning “Oltin don” nomli uni bir kunda qariyb 30 mingga qimmatlashgan.
“Oltin don” degan qozoqlarning unini sotib olardim. Deyarli har ikki kunda 10 kgdan. 75 ming so‘m edi. Juda sifatli un. Bugun 106 ming bo‘libdi shu”, deya yozadi u.
Toshkent shahridagi ayrim novvoyxonalarda ham yopilgan non bahosi 3500 so‘mdan 5000 so‘mgacha oshgan.
Qozog‘istonda eksport bug‘doy narxi qimmatlashgan
Eldala.kz ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda noqulay ob-havo va taklifning kamligi fonida bug‘doy narxi sezilarli darajada qimmatlashgan. Xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilinuvchi sifatli 3-sinf bug‘doy bahosi hafta boshida tonnasiga 285 dollardan sotilgan bo‘lsa, hafta oxiriga kelib uning narxi 320 dollargacha oshgan.
“Bozorda takliflar kam va treyderlar kelgusida bug‘doy narxining tonnasiga 340 dollargacha o‘sishini prognoz qilishmoqda. Ob-havoning yaxshilanishi bozordagi ajiotajga barham berib, narxlarni pasaytirishi mumkin, yoki aksincha, hosilning kutilganidan past bo‘lishi hukumat eksportni cheklaydi, degan xavotirlarni paydo qilishi va narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston ichki bozorida narxlar o‘zgarmagan. Mamlakatning Qostanoy viloyatidagina hosilning bir qismi yomg‘ir ostida qolgan, ammo buning umumiy hajmga ta’siri juda ham kam.
Avvalroq, Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smailov 22 avgust kuni o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida 2023 yil yakuniga ko‘ra, mamlakatda bug‘doy hosili rejadagidan kam bo‘lishini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, bunga qurg‘oqchilik sabab bo‘lgan.
“Narxlar 20 kunlarda joyiga qaytadi”
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Anvar Karimovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bug‘doy mahsulotlariga bo‘lgan ichki talabni qondirish uchun yetarli miqdorda zaxira shakllantirilgan.
“Bozorlarda 1 qop O‘zbekiston uni 210-220 mingdan, Qozog‘iston 1-nav uni 330-340 mingdan sotilmokda. Qozog‘iston uni 285 mingdan boshlanadi narxi, 350 minggacha. Asosiy bozorlarda narxlar shunday.
O‘tgan yili ham sentabr oyida Qozog‘iston bug‘doyi narxi ko‘tarilib, oktyabrga borib pasaygan. Bu yilda yetishtirilgan hosil va 8 oy davomida import qilingan bug‘doy un mahsulotlariga bo‘lgan talabni bemalol qondiradi. Qozoq bug‘doyi vaqtinchalik to‘xtab qolgani uchun ajiotaj bo‘lishi mumkin, narxlar 20 kunlarda joyiga keladi”, dedi Anvar Karimov.
Mavzuga oid
13:41 / 02.11.2024
Toshkent viloyatida bolalar uchun berilgan oziq-ovqatni bog‘chadan olib ketayotgan mudira ushlandi
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
10:59 / 20.10.2024
JSST salomatlik uchun xavfli bo‘lgan 5 turdagi oziq-ovqatlar ro‘yxatini e’lon qildi
11:40 / 18.10.2024