O‘zbekiston | 18:49 / 06.06.2020
23443
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston oliy ta'lim tizimini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi O‘zbekiston-Koreya xalqaro universitetida bo‘ldi.

Mazkur ta'lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Bu yerda o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida ilg‘or o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha o‘zbek, koreys va ingliz tillarida olib boriladi.

Universitet 4000 talabani qabul qilish imkoniyatiga ega. Tugayotgan o‘quv yilida birinchi kursda 720 nafar yigit-qiz ta'lim oldi. Koreya Respublikasidan 11 nafar tajribali pedagog jalb qilingan bo‘lib, kelgusida 43 nafarga yetadi.

Joriy yilda mazkur xalqaro ta'lim dargohi uchun yangi bino qurildi. Buning uchun 10 million dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb etilgan.

Shavkat Mirziyoyev universitet rektori Pak Jun Xu va koreyalik o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi. O‘quv dasturi va mazmuni, yoshlarning fanlarni o‘zlashtirishi bilan qiziqdi.

Muassasada gumanitar hamda texnik-muhandislik yo‘nalishlarida ta'lim beriladi. Xususan, turizm menejmenti, maktabgacha ta'lim, menejment va kompyuterlashtirilgan buxgalteriya hisobi, koreys tili va adabiyoti fanlari o‘qitiladi. Shuningdek, mashinasozlik muhandisligi, kelajak avtomobilsozligi injiniringi, elektrotexnika va elektronika muhandisligi, arxitektura muhandisligi, kompyuter muhandisligi, energetika va kimyo muhandisligi bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi.

«Bizda 1-kursda umumiy fanlar o‘qitilib, maktab dasturi qaytariladi. Yoshlar bir yil umrini yo‘qotib, qiziqishi so‘nib ham qoladi. Rivojlangan davlatlarda bunday emas, birinchi yildan mutaxassislik fanlariga o‘tib, amaliyotga muhim o‘rin beriladi. Natijadagi farqni hayot ko‘rsatib turibdi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga Janubiy Koreya universitetlaridagi o‘quv dasturlari va soatlarini o‘rganib, mamlakatimiz oliy ta'lim tizimini qayta ko‘rib chiqish, talabalarni amaliyotga maksimal yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid