Jamiyat | 16:10 / 25.04.2022
34716
8 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada maktab ta’limi: O‘qituvchi obro‘si, maoshi va namunali jihatlar

Yaponiyada o‘qituvchi bo‘lish uchun litsenziya olish kerak, ko‘chada o‘qituvchi ekaningizni aytsangiz, sizga havas bilan qarashadi. Endi ishga kirgan o‘qituvchilarning oyligi 2,5 ming dollar, deydi yapon davlat maktabida ingliz tilidan dars berib kelayotgan vatandoshimiz Sohibjon Abdullayev.

Sohibjon Abdullayev – tajribali pedagog. Hamyurtimiz 10 yilga yaqin vaqt davomida Yaponiya davlat maktabi va Fukuoka pedagogika universitetida ingliz tilidan dars beradi.

Vatandoshimiz Kun.uz muxbiri bilan suhbatda yapon umumta’limining o‘ziga xos xususiyatlari, o‘qituvchilarga to‘lanadigan maosh, ularning obro‘si balandligining sabablari va keyingi o‘quv yilidan O‘zbekistonda yapon tajribasidagi maktab ochmoqchi ekani haqida so‘zlab berdi.

Yaponiyada bolani 3 oylikdan bog‘chaga berish mumkin

Agar ota-onadan biri ishlasa, ular bolani 3 oylikdan bog‘chaga berishi mumkin va bolalar ham asosiy tarbiyani bog‘chadan oladi. Bog‘chaning o‘ziga xos tartiblari bor: bolalar unga qatnay boshlagandan mustaqillik va jamoaviylikka o‘rgatiladi. Kattalar bolalarini bog‘chaning ichkarisigacha olib kirishi shart emas, kichkintoylarning o‘zi hamma narsalarini mustaqil joylashtirib bog‘cha mashg‘ulotlariga qo‘shiladi, bog‘cha yoshidanoq navbatchilik yo‘lga qo‘yiladi. Va bu maktabda ham davom etadi.

Mening 5 nafar farzandim bor: eng kattasi o‘rta maktabga, 2 nafari boshlang‘ich maktabga, yana 2 nafari esa bog‘chaga boradi. Ular bog‘cha va maktabdan uyga qaytishgach, o‘zbekcha tarbiya berishga, madaniyatimizni o‘rgatishga ham harakat qilamiz.

Bir sinfda 42 nafargacha o‘quvchi bor

Yaponiyada o‘quv yili apreldan boshlanadi. Shu oygacha 6 yoshga to‘lgan bolalar maktabga qabul qilinadi. Boshlang‘ich maktab – 1-6-sinflar, o‘rta maktab – 7-9-sinflar, undan so‘ng yuqori maktab – 10-12-sinflar hisoblanadi.

O‘quvchi boshlang‘ich maktabni bitirgach, o‘z hududidagi o‘rta maktabga, uni tugatgach, yuqori maktabga imtihon asosida olinadi.

Maktablarda har kuni darslar boshlanishi va tugashida yig‘ilish bo‘ladi, bolalar sinfxonalarni o‘zlari tozalashadi.

Maktabda bolalarni kitob o‘qishga o‘rgatuvchi alohida kutubxona darsi bor. Bunda bolalar kutubxonadan kitob olish va foydalanish, uni o‘qish qoidalarini o‘rganadi.

Bir sinfda 42 nafargacha o‘quvchi bo‘lishi mumkin. Bolalar bog‘chadan o‘z-o‘zi bilan ishlashga o‘rgatilgani uchun ko‘p sonli o‘quvchilar bilan ishlash qiyin emas. Masalan, ingliz tilidan yangi narsa o‘rgatsam, har bir o‘quvchidan so‘rab o‘tirmayman, bolalarning o‘zlari guruhlarga bo‘linib, bir-biri bilan savol-javob qiladi. Oraliq va yakuniy nazorat orqali o‘qituvchi ularni baholaydi.

Yaponiyada o‘qituvchi obro‘si nega baland?

Yapon maktablarida ham xuddi bizniki kabi ota-onalar kengashlari bor. Farqli tarafi: bu yerda kengashlarning obro‘si juda baland, ular maktab qabuliga ham jalb qilinadi.

Bundan tashqari, yaponlar ko‘p ishlashadi. Shuning uchun farzandi ta’limini o‘qituvchiga ishonib topshirishadi. O‘qituvchilar esa bu ishonchni oqlashgan. Shuning uchun o‘qituvchining obro‘si juda baland.

Jamoat orasida o‘zimni tanishtirganimda “O‘o‘o‘” deb havas qilishadi va keyingi safar ko‘rishib qolganda “Ustoz” deb chaqirishadi.

O‘qituvchi bo‘lish uchun litsenziya olish kerak

Yaponiyada ham o‘qituvchilar tayyorlaydigan maxsus pedagogika universitetlari bor. Biroq bunday OTMlarni tugatib birdaniga o‘qituvchi bo‘lib ishlash mumkin emas. O‘qituvchi bo‘lish uchun litsenziya talab etiladi. Talabgor xoh pedagogikani, xoh boshqa yo‘nalishni tugatgan bo‘lsin, litsenziya olgachgina maktablarda ish boshlashi mumkin.

Lisenziya olish oson emas, buning uchun maxsus tayyorlanish kerak. Lisenziyaning amal qilish muddati – 10 yil, muddat tugagach, yana qaytadan imtihon topshirib, litsenziyasini yangilaydi.

Yapon o‘qituvchilari qancha oylik oladi?

Yapon maktablarida maosh tajribaga qarab belgilanadi. Dastlab ish boshlaganda o‘qituvchi taxminan 2,5 ming dollar oylik olishi mumkin. Tajribaga qarab o‘qituvchining oyligi oshib boradi. Maktab direktorlari 4-5 ming dollargacha maosh oladi.

Shuningdek, o‘qituvchi ishlayotgan maktabning shahardan chetda, shahar markazida, olisroq hududda ekaniga qarab ham oyliklar farqlanadi.

Lekin o‘qituvchining daromadi xarajatlarini qoplashga bemalol yetadi. Deyarli hamma o‘qituvchining o‘z shaxsiy avtomobili bor.

Maktablardagi ekologik ta’lim

Yapon maktablarida o‘quvchilar tozalash ishlarini o‘zlari qilishadi. Bu tarbiya bog‘chadan boshlab o‘rgatiladi. Tozalash san’at darajasiga chiqqan. Keyinchalik bu jarayon ish joylarida ham davom etadi. Shuning uchun tozalik vaqti yaponlar uchun odatiy hol.

Yaponiyada ishxonalarda farroshlar ishlamaydi. Hatto parklarda chiqindi qutilari ham deyarli yo‘q. Odamlar o‘z chiqindilarini uyiga olib ketishadi.

Bir misol: eng katta o‘g‘lim bog‘chaga boradigan payti bir yil muddatga O‘zbekistonga qaytganmiz. Tanishimizning o‘g‘lim tengi farzandlariga shirinliklar olib borgandik, ular shirinlik qog‘ozlarini yerga tashlab yuborishgan. O‘g‘limning o‘sha paytda o‘z tengdoshlarining chiqindilarni yerga tashlashiga reaksiyasi hech yodimdan chiqmaydi. U tozalikka juda o‘rganib qolgandi.

Xorijlik o‘qituvchi ishga kirishi osonmi?

Yaponiyaning davlat maktabida dars berish oson emas. Ayniqsa, chet tilidan dars o‘tish uchun bu til o‘qituvchining ona tili bo‘lishi kerak. Masalan, ingliz tili o‘qituvchi bo‘lish uchun pedagogning ona tili ingliz tili bo‘lishi lozim.

Menda ijobiy tavsiyanomalar borligi sababli dars o‘tish imkoniga ega bo‘lganman.

O‘zbekistonda yapon maktabi ochamiz

Keyingi yil O‘zbekistonda yapon ta’limiga asoslangan maktab ochishni rejalashtirganmiz. Bu maktabga Yaponiyadan o‘qituvchilar jalb qilamiz. Qolaversa, bolalarimiz yapon maktabida o‘qiyotgani uchun ularning ham tizimdan xabari bor.

Men Yaponiyadan o‘zbek ta’limi uchun o‘zlashtirish mumkin deb hisoblaydigan bir qancha jihatlar bor:

Birinchisi – tartib.

Ikkinchisi – kutubxona darsi. O‘quvchilarga kitobni qanday o‘qish, kitoblar bilan qanday ishlashni o‘rgatish ham kerak deb o‘ylayman.

Uchinchisi – tozalik. O‘quvchilar maktabni o‘zlari tozalashini joriy qilish va bu orqali ekologiyaga yaxshi munosabatni shakllantirish mumkin.

Bundan tashqari, o‘quvchilarni o‘z-o‘zini boshqarishga o‘rgatish tajribasi ham muhim. Bu tartiblarni kelasi yilda O‘zbekistonda ochishni rejalashtirgan yapon maktabida amaliyotda qo‘llashni reja qilganmiz.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi. 

Mavzuga oid