Jahon | 13:00 / 28.05.2024
8546
9 daqiqa o‘qiladi

Rafahdagi qirg‘in va uni qoralayotgan jahon, Rossiyada sovuq urgan hosil - kun dayjesti

O‘tgan kun mobaynida dunyoda sodir bo‘lgan muhim voqealar, hodisalar, bayonotlar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirib o‘tamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil G‘azo janubidagi Rafahga hujum qildi, kamida 45 kishi qurbon bo‘lgani aytilmoqda. TsAXAL tomonidan raketa zarbasi yo‘llangan obekt HAMAS tomonidan foydalanilganini iddao qilgan.

HAMAS nazoratidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi raketa zarbasi oqibatida vafot etgan 45 kishining 23 nafari ayollar va bolalar bo‘lgani, yana 249 nafar falastinliklar yaralanganini xabar qilgan. Rafah g‘azoliklar jon saqlayotgan bo‘lgadagi oxirgi shahar bo‘lib turgandi. Bu shahar asosan qochoqlar lagerlari va palatkalardan iborat.

Isroil raketasi qochoqlar lageri hududiga borib tushgan. TsAXAL uni qonuniy nishon deb atagan va zarbaga uchragan obekt HAMASga tegishli bo‘lganiga ishonch bildirgan.

«Zarba xalqaro huquqqa mos tarzda, aniq nishonga uruvchi o‘q-dori yordamida, kerakli razvedka ma’lumoti asosida amalga oshirilgan. Bu hududdan HAMAS foydalangani aniq», deyiladi TsAXAL bayonotida.

Kamida sakkizta raketa yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:45 atrofida lager hududiga borib tushgan. Qurbonlarning aksari Tal as Sulton hududidagi palatkalarda tiriklayin yonib ketganini yozgan.

Isroil harbiy prokurori Tomer Iyerushalmi Rafahga amalga oshirilgan bu raketa zarbalari jiddiy o‘rganilayotganini aytdi. Prokurorga ko‘ra, zarba oqibatida urushga aloqador bo‘lmagan odamlar jabrlangani aniqlansa, TsAXAL qattiq pushaymon bo‘ladi. O‘z navbatida TsAXAL ham raketa zarbasi oqibatida tinch aholi vakillari yonib ketgani haqidagi xabarlardan boxabar ekani, holat o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.

HAMAS yetakchisi Usoma Hamdan ham bayonot bilan chiqish qilgan.

«234 kundan buyon Isroil okkupatsiyasi va xalqimizga nisbatan agressiyasi davom etmoqda. 36 mingdan ziyod farzandlarimiz o‘ldirildi, 81 ming kishi yaralandi.

Rafahdagi qirg‘in va boshqa ommaviy qotilliklar G‘azoda xavfsiz hududlar borligi to‘g‘risidagi Isroil va AQShning tasavvurlarini yo‘qqa chiqaradi.

So‘nggi ikki kun ichida amalga oshirilayotgan ommaviy qirg‘inlar Netanyahu hukumatining Xalqaro sud qarorlariga bo‘ysunmasligini e’lon qilishini bildiradi.

Okkupatsiya kuchlarining Rafahdagi qirg‘in joyida qurollangan insonlar bo‘lgani haqidagi so‘zlari uyatsizlarcha bayonot bo‘lib, fuqarolarning fotosuratlari va jangovar harakatlar borayotgan joydan uzoqligi bilan rad etiladi.

Biz Rafahda sodir bo‘lgan va G‘azoda yuz berayotgan voqealar uchun to‘liq mas’uliyatni Amerika ma’muriyati zimmasiga yuklaymiz”, — degan Usoma Hamdan.

Rafahga hujumni qoralash

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron birinchilardan bo‘lib Isroilning Rafahga hujumini qoralab chiqdi.

«Rafahda ko‘plab odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan Isroil hujumidan g‘azabdaman. Bu operatsiya to‘xtashi kerak, G‘azoda tinch aholi uchun xavfsiz joyning o‘zi qolmadi. O‘t ochishni to‘xtatish va xalqaro huquqqa amal qilishga chaqiraman», degan Makron.

Ta’kidlash joizki, Makron urush boshlanganidan buyon Isroilning harakatlarini tanqid qilib kelmoqda.

BMT Bosh kotibi ham zarbani keskin qoralab chiqdi.

«Men Isroilning bu halokatli mojarodan boshpana izlayotgan o‘nlab begunoh fuqarolarning o‘limiga sabab bo‘lgan harakatlarini qoralayman, G‘azo sektorida bu dahshat to‘xtashi kerak», - deb yozdi Antoniu Guterrish X ijtimoiy tarmog‘ida.

Qatar tashqi ishlar vazirligi Rafahga hujumni keskin qoralab, bu hujum sabab Qatar, AQSh va Misr bir necha oydan buyon olib borayotgan tinchlik muzokaralari chippakka chiqishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares Rafahga hujumni Falastindagi tinch aholi uchun yana bir azobli kun deb atadi. Ispan diplomati hujum Xalqaro jinoyat sudi Isroilga Rafahdagi operatsiyani to‘xtatishni buyurganidan keyin sodir bo‘lgani ayniqsa xavotirli ekanini qo‘shimcha qilgan.

«Bunday joyni o‘qqa tutib bo‘lmaydi. Isroilni Rafahdagi operatsiyani tezda to‘xtatishga chaqiramiz», dedi Irlandiya tashqi ishlar vaziri Maykl Martin. U Rafahga hujumni yovvoyilarcha amalga oshirilgan, deb atadi.

Yaqindagina Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olgan Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde ham mamlakat Rafahga hujumni qoralashini ma’lum qildi.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi Isroilni Rafahga hujum qilishdan qaytarish yuzasidan BMT Xalqaro sudining qarorini bajartirish uchun BMT Xavfsizlik kengashini Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirgan.

Eng keskin bayonotni Eron tashqi ishlar vazirligi bergan: «Sionistik tuzilma (ular Isroilni shunaqa atashadi) — bu uzurpator, soxta va jinoyatkorona rejim. Bu bir xavfli o‘sma bo‘lib, toki bu saraton o‘smasi bor ekan, mintaqada hech qachon tinchlik bo‘lmaydi».

Ukrainadagi urush

NATOning parlament assambleyasi Ukrainaga g‘arb qurollari bilan Rossiyaning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hududiga zarba berishga ruxsat berishga chaqirdi.

«Ukraina nimaga ehtiyoj sezsa, uni o‘sha narsalar bilan imkon qadar tezroq ta’minlash, g‘alaba uchun qancha vaqt talab qilinsa shuncha yordam berish kerak», — deyiladi deklaratsiyada.

Qayd qilinishicha, hujjatni alyansga a’zo barcha 32 ta davlatdan kelgan 200 dan ortiq qonun chiqaruvchilar ma’qullashgan.

Hujjatda shuningdek, NATOga a’zo davlatlar hukumatlari «Ukraina o‘zini xalqaro huquqqa asosan himoya qilishini qo‘llab-quvvatlash, alyans bo‘yicha ittifoqchilar tomonidan berilgan qurol-yarog‘larni Rossiya hududidagi qonuniy nishonlarga nisbatan ishlatish borasidagi cheklovlarni bekor qilish”ga chaqirilgan.

Eron Ukrainaga zarba berish uchun Rossiyaga eng yangi aviabombalar yetkazib berayotgani ma’lum bo‘ldi.

BILD nashrining ochiq ma’lumotlar tahlili bo‘yicha eksperti Yulian Ryopke Rossiyaning Kursk oblastida olingan videotasvirni sharhlab shunday degan.

O‘tgan kunlarda bu yerda Eronda ishlab chiqarilgan og‘ir dron Quds Muhojir-6 qulab tushgan. U qanotlari ostida Eronda ishlab chiqarilgan eng yangi Qayum-5 boshqariladigan aviabombalarni olib ketayotgan bo‘lgan.

Eronning o‘zida ham bu aviabombalar qurollanishga 2019 yilda qabul qilingan. Bu bomba televizion nishonga olish qobiliyatiga ega bo‘lib turli maqsadlardagi jangovar kallaklar bilan jihozlanishi mumkin. Uning uchish masofasi 40 kmni tashkil etadi.

Aftidan dron Sumi oblastiga hujum qilishi kerak bo‘lgan, lekin noma’lum sabablarga ko‘ra qulagan.

Avval Rossiya qurolli kuchlari yuqori aniqlikdagi Qayum-5 aviabombalarini Ukrainada qo‘llamagan. Ryopkening so‘zlariga ko‘ra, ulardan foydalanila boshlangani Tehron va Moskvaning harbiy hamkorligi «yangi bosqichga” chiqqanidan dalolat beradi.

Rossiyada favqulodda vaziyat

Rossiyada qariyb 20 mln tonna hosil nobud bo‘lgani uchun qishloq xo‘jaligida favqulodda vaziyat rejimi joriy etilmoqda.

Rossiya qishloq xo‘jaligi vazirligi may oyida ro‘y bergan izg‘irinlar mamlakatning asosiy qora tuproqli hududlarida ekinlarning nobud bo‘lishiga olib kelgani tufayli favqulodda vaziyat rejimi joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda dushanba kuni idora rahbari Oksana Lut ta’kidlab o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi korxonalariga sug‘urta mablag‘larini olishga imkon beradigan favqulodda vaziyat rejimining amal qilish muddati «hozircha aniqlashtirib olinmagan”.

Rossiya don ittifoqining baholashlariga ko‘ra, may oyidagi qor yog‘ishi va muzlamalar Rossiya Federatsiyasining 23 ta sub’yektiga zarar yetkazgan va rossiyalik agrarchilarni 18 mln tonna hosildan mosuvo qilishi mumkin. Shunda ham yil yakuniga ko‘ra yig‘iladigan hosil 129 mln tonnani tashkil etadi. Garchi boshlang‘ich kutilmalar 142–147 mln tonna deb atalayotgan edi.

Bahorgi izg‘irinlar nafaqat donli ekinlarga, shuningdek mevalarning ham nobud bo‘lishiga olib kelgan. Markaziy Rossiyada esa olma va rezavorlar hosili butunlay nobud bo‘lgan. Bryansk, Kursk, Lipetsk va Rostov oblastlarida yertutlarni sovuq urib ketgan. 

Mavzuga oid