Light | 15:44 / 31.08.2019
53234
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ham ta'siri sezilayotgan magnit bo‘ronlari qay darajada xavfli?

Foto: Depositphotos

So‘nggi yillarda “magnit bo‘ronlari” degan tushuncha ko‘p qo‘llanila boshlandi. Ayrim ommaviy axborot vositalarida, xususan telekanallarda ob-havo ma'lumoti bilan birga magnit bo‘ronlari haqida ham qisqa ma'lumotlar berila boshlandi. Xo‘sh, aslida bu qanday jarayon va uning bizga ta'siri qanaqa?

Ayrimlarimiz boshimiz og‘rishi, qon bosimimiz oshishini tushunib-tushunmay magnit bo‘ronlari bilan bog‘laymiz. Bu taxminga asos bor, faqat qisman. Magnit bo‘ronlarining Yer sayyorasiga turli-tuman ta'sirlari keng o‘rganilgan va inson salomatligida salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi ham o‘z isbotini topgan. Faqat gap bu bo‘ronlarning davomiyligi, kuchliligi va qaytalanish chastotasi kabi omillarga bog‘liq.

Umumiy ma'lumot: magnit (aniqrog‘i geomagnit) bo‘ronlari Quyoshda paydo bo‘lgan chaqnashlar oqibatida hosil bo‘lgan shamol bilan mikrozarralar uchib kelib, Yerning elektromagnit qatlamiga ta'sir qilishidir. Biz aynan mana shu ta'sirot oqibatlarini his qilamiz. Odatda bunday jarayonlar o‘rtacha 6-7 soat davom etadi. Chaqnashdan so‘ng Yerning elektromagnit qatlami o‘rtacha 3 sutka davomida o‘z holiga qaytadi.

Magnit bo‘ronlari haqida dastlabki tadqiqotlarni ingliz olimi Richard Kerrington o‘tkazgan. 1859 yilda u Quyoshdagi chaqnashlarni kuzatish asnosida bu jarayondan bir necha soat o‘tib geomagnit faollik keskin oshishini aniqlagan.

Magnit bo‘ronlarining qaytalanish soni Quyosh holatiga bevosita bog‘liq. Quyosh minimumi kuzatilgan yillarda bunday jarayonlar yiliga atigi 1-2 marta kuzatilsa, Quyosh faolligi yuqori darajaga chiqqan yillarda bu ko‘rsatkich 50 martagacha yetishi mumkin. Shu bois umumiy o‘lchov uchun 11 yillik sikl o‘rganiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra 75 yil umr kechirgan inson o‘rta hisobda 2250 marta magnit bo‘ronlarini boshdan kechiradi yoki umrining 15 yilini shu jarayon ostida kechiradi. Shu bois bu tabiiy hodisani vahima bilan qabul qilishga o‘rin yo‘q. Misol tariqasida o‘tgan asrning so‘nggi choragi (1976-2000 yillar) davomida 798 marta magnit bo‘ronlari kuzatilgan. 

Magnit bo‘ronlarining salomatlikka ta'siri bo‘yicha turli-tuman tadqiqotlar o‘tkazilgan va ularning aksariyati yurak-qon tomir tizimiga taalluqli. Bu borada kardiolog shifokor Ramesh Hamroyev ma'lumot beradi:

– Asosan yurak-qon tomir tizimi xastaliklaridan aziyat chekuvchi kishilar magnit bo‘ronlari chog‘ida ehtiyot bo‘lishlari darkor. Inson organizmida Mendeleyev davriy jadvalining ko‘pgina elementlari mavjud. Jumladan, temir moddasi ham. U qizil qon tanachalari (eritrotsitlar) tarkibida bo‘lib, manfiy zaryadga ega. Fizikadagi bir xil zaryadlangan zarrachalarning o‘zaro itarilish qonuniga ko‘ra, tomirda qonning erkin harakati yuzaga keladi. Shu temir moddasiga magnit bo‘roni ta'sir qilganida esa zaryadlar o‘zgaradi. Bir-birini itarish o‘rniga torta boshlagan tanachalar tomirlarda qonning erkin harakatini qiyinlashtiradi. Natijada qon bosimi ortadi. Qon bosimining oshib turishi tomirlar ichki devorining shikastlaydi.

Shikastlangan devorchalarga qonning shaklli elementlari yopishib, tomirlarda tromb hosil qiladi. Surunkali xastaliklarga, ayniqsa yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, gipertoniya va gipertenziyaga chalingan bemorlarda infarkt hamda insult kabi asoratlarning xavfi ortadi. Buning oldini olish uchun esa bemordan shifokor tavsiya qilgan qonni suyultiruvchi va boshqa dori vositalarni o‘z vaqtida qabul qilish, faol turmush tarzini kechirish, yuqori kaloriyali taomlarni meva sabzavotlar bilan almashtirish shuningdek, sog‘lom turmush tarziga rioya etish talab qilinadi.

Bundan tashqari tabiat injiqligi nerv tolalarini ham chetda qoldirmaydi. Magnit bo‘roni natijasida organizmda adrenalin va noradrenalin gormonlari ishlab chiqariladi. Bu gormonlar sog‘lom insonda bosh aylanishi, mushaklarda og‘riq, uyquchanlik yoki uyqusizlik, kayfiyatning o‘zgaruvchanligi, asabiylik, bosh aylanishi kabi belgilarni yuzaga keltirsa, xastalikka moyilligi bor bemorlar va qariyalarda miyaga qon quyilishi xavfi ortishi mumkin...

Tabiatning bu hodisasini o‘rganish va prognozlash bo‘yicha ma'lumot olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi("O‘zgidromet")ga telefon orqali murojaat qildik. Ma'lum bo‘lishicha, bu markaz magnit bo‘ronlarini prognozlash, ularning ta'sirini o‘rganish bilan bevosita shug‘ullanmas ekan.

O‘zbekistondagi Astronomiya institutida Quyosh faolligi bo‘yicha uzluksiz tadqiqotlar olib boriladi.

Magnit bo‘ronlari nafaqat inson organizmiga, balki turli-tuman texnologiyalardagi ish jarayoniga ham ta'sir o‘tkazadi. Xususan, aloqa kanallari va vositalari, yo‘ldoshlar navigatsiya tizimlari, kosmik kemalar, samolyotlar harakati, elektr uzatish tarmoqlari kabilar ishida uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Ma'lumot o‘rnida: Magnit bo‘ronlarining turli xil ranglar bilan belgilanuvchi 8 darajasi belgilangan. Aynan bugun va ertaga, ya'ni 31 avgust va 1 sentabr kunlari O‘zbekiston osmonida qizil rang bilan belgilanuvchi beshinchi darajali – yengil magnit bo‘ronlari kuzatiladi.

Abror Zohidov.