Jahon | 18:46 / 20.09.2023
42609
6 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘ endi to‘liq Ozarboyjon «bag‘rida»: buyog‘iga hududdagi armanlar taqdiri nima kechadi?

O‘zini mustaqil davlat deb e’lon qilgan, biroq jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmagan Qorabog‘dagi arman ayirmachilari nihoyat taslim bo‘lishdi. 1988 yilda boshlangan mojarodan so‘ng Qorabog‘ to‘liq Ozarboyjon yurisdiksiyasiga o‘tmoqda. Xo‘sh, qorabog‘liklar endi Ozarboyjon tarkibida qanday yashashadi?

Qorabog‘lik qochqinlar najot istab Xo‘javanddagi aeroportga borishgan. Bu yerda Rossiya tinchlikparvar kuchlari shtabi joylashgan.

Kuzatuvchilarda endi buyog‘iga armanlar ozarlar bilan totuv yashay olarmikan, ozarboyjonlar Qorabog‘dagi armanlarni qisishtirmaydimi, ularni Armanistonga ko‘chishga majbur qilmaydimi, degan xavotirlar mavjud.

Eng avvalo, Qorabog‘ hududida yashab kelayotgan armanlar bundan sarosimaga tushib qolishgan. Ularning orasida shoshilinch Qorabog‘ni tark etishga kirishganlari ham bor.

Bungacha ham «Arsax» (armanlar Qorabog‘ni shunday atashadi) mustaqilligini tan olmagan, nihoyat Qorabog‘ Ozarboyjonning bo‘linmas hududi ekaniga iqror bo‘lgan Armaniston Respublikasi ham sulh muzokaralarida qorabog‘lik millatdoshlari bo‘lgan armanlar kelgusida Ozarboyjon tarkibida xavfsiz yashashi, bosimga uchramasligini talab qilib keladi.

Ozarboyjon 1992 yildan keyin Armaniston va dunyoning turli chekkalaridan hududga ko‘chirib keltirilgan armanlarni deportatsiya qilishiga avvaldan shama qilib keladi. Faqat ajdodlari azaldan shu hududda yashab kelganlargagina Ozarboyjon fuqaroligi taqdim etiladi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Armaniston va Rossiya u yoqda tursin, Suriya, Livan va Turkiya kabi davlatlardan ham millati arman bo‘lgan fuqarolar Qorabog‘ga ko‘chib kelib joylashishgan.

Ularning aksariyati Birinchi va Ikkinchi Qorabog‘ urushida va turli partizanlik harakatlarida Ozarboyjonga qarshi jang ham qilishgan.

Ozarboyjon va armanlar o‘rtasidagi munosabatlar sof milliy ixtilof. Milliy ixtiloflar sobiq SSSRning boshqa respublikalarida ham yuz bergan. Lekin Abxaziyada gurjilar, Gurjistonda abxazlar bemalol yurishadi. Dnestrbo‘yida moldovanlar, Moldovada ruslar bosimga uchramasdan bemalol umrguzaronlik qilishadi.

Lekin ozarboyjon va arman millati o‘rtasida munosabat unday emas. Masalan, Armanistonda birorta ozarboyjon yo‘q. Qorabog‘ hisobga olinmasa, aholisi 10,2 mln bo‘lgan Ozarboyjonda ham armanlar soni u qadar ko‘p emas: turli hisob-kitoblarga 15–20 ming atrofida. Qorabog‘ bilan qo‘shib hisoblansa Ozarboyjondagi armanlar soni 120 ming chiqadi.

Bu ixtilof Ozarboyjonda uzoq yillardan beri nishonlanadigan milliy bayramlarda ham o‘z aksini topgan. Masalan, bu yerda 26 fevral Xo‘jali genotsidi, 31 mart esa 1918 yilda arman millatchilari tomonidan ozarboyjonlar genotsid qilingan kun sifatida nishonlanadi. Albatta, bunday bayramlarning keng nishonlanishi ham kelgusida silliq integratsiyaga xalaqit beradi va xavotirlarni kuchaytiradi.

Tarixga qarasak, armanlar istiqomat qilgan Qorabog‘ hududi SSSR chog‘ida Ozarboyjon tarkibidagi Tog‘li Qorabog‘ avtonom oblasti edi. U bitta shahar, beshta rayondan iborat bo‘lgan: Stepanakert shahri hamda Askeran, Hadrut, Mardakert, Martuni va Shusha rayonlari. 1989 yilda avtonom oblastdagi 189 ming aholining 76,92 foizi arman, 21,52 foizi ozarboyjon, qolgan 1,56 foizini boshqa millatlar tashkil etgan.

Ozarboyjon SSR tarkibidagi Tog‘li Qorabog‘ avtonom oblastining ma’muriy bo‘linishi hamda urushgacha armanlar va ozarboyjonlar kompakt yashagan hududlar. 1989 yil

Ayni paytda Ozarboyjon Respublikasining ma’muriy hududiy bo‘linishiga ko‘ra Qorabog‘ hududi alohida ajratib ko‘rsatilmagan. Ya’ni Ozarboyjonda armanlarga alohida avtonomiya berish kun tartibida yo‘q. Holbuki, Ozarboyjonda aholisi asosan ozarboyjonlardan iborat bo‘lgan Naxichivon avtonom respublikasi bor.

Ozarboyjonning hozirgi ma’muriy hududiy bo‘linishi xaritasi

Joriy ma’muriy bo‘linishga ko‘ra Xonkandi (Stepankert) shahri alohida ma’muriy birlik, eski TQAOning shimoliy qismi Tartar (xaritada — 56), Kelbajar (26) tumanlari hududiga qo‘shib yuborilgan, eski tumanlardan Shusha (54), Xo‘jali (63), Xo‘javand (64) o‘sha chegaralarda qolgan.

To‘g‘risini tan olish kerak, ayni sharoitlarda Qorabog‘ armanlariga alohida avtonomiya berish — mojaroning kelgusida ham avj olishi uchun zamin yaratadi. Biroq, katta ehtimol bilan, Ozarboyjon baribir armanlar o‘z ona tilida ta’lim olishi uchun sharoit yaratib beradi. Ya’ni ularni majburlab «ozarboyjonlashtirish»ga qo‘l urmaydi, degan ishonch yuqori.

Qolaversa, mahalliy boshqaruvda ham armanlarga rahbarlik lavozimlari berilishi mumkin. Chunki busiz inoq va ittifoq yashashning iloji yo‘q. Eng muhimi, Ozarboyjon va Qorabog‘ armanlari o‘rtasidagi muzokara jarayonlarida na Armaniston, na Rossiya, na Turkiyaning ishtirok etayotgani. Eng to‘g‘ri yo‘l — yuzma-yuz o‘tirib muzokara o‘tkazish va kelishish edi. Shu yo‘l tanlandi.

Bundan buyog‘iga Ozarboyjonda urush bo‘lmaydi. Rasmiy Boku hududga investitsiya kiritib, infratuzilmani rivojlantirishni boshlaydi. Albatta, bundan birinchi navbatda Qorabog‘da istiqomat qilib kelayotgan aholi yutadi. Betakror tabiati hamda yillar davomida dovrug‘i jahonga ketgan go‘sha butun dunyoda turistlarni jalb qilishi mumkin.

Navbatdagi vazifa – Zangezur koridorini ochish va Armaniston iqtisodiyotiga katta foydasi tegadigan loyihalarni amalga oshirish hisoblanadi. Armaniston Ozarboyjon va Turkiya bilan munosabatlarni tiklab, bundan katta foyda olishi mumkin.

Darvoqe, Qorabog‘da endi Rossiya tinchlikparvar kuchlariga ehtiyoj yo‘q. Ular hududni sekin tark etaversa ham bo‘ladi. Voqealar Armaniston ham Gyumri shahridagi Rossiya harbiy bazasini yopishiga qarab ketmoqda.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid