Jahon | 09:42 / 18.09.2023
9323
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va O‘zbekiston bosh vazirlari Moskvada muzokara o‘tkazadi 

18 sentabr kuni Moskvada Rossiya va O‘zbekiston bosh vazirlari Mixail Mishustin va Abdulla Aripov ikki davlat hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazadi. Tomonlar keng ko‘lamli masalalarni, jumladan, gaz sohasida hamkorlikni muhokama qiladi.

Foto: Sputnik / Aleksandr Astafev

TASS xabariga ko‘ra, bosh vazirlar savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-humanitar hamkorlikni, shuningdek, sanoat, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish masalalarini muhokama etishi kutilmoqda.

«Sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, fan va ta’lim sohalaridagi hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi hamkorlikni faollashtirishga alohida e’tibor qaratiladi», — deyilgan Rossiya hukumati xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, Toshkent va Moskva 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo iqtisodiy hamkorlik kompleks dasturini amalga oshiryapti. Energetika ikki tomonlama hamkorlikning asosi bo‘ladi.

Xabarda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi gaz sohasida hamkorlikni kengaytirish Markaziy Osiyoning energetik xavfsizligini ta’minlovchi mamlakatlarning ham milliy, ham mintaqaviy manfaatlariga javob berishi aytilgan.

Bo‘lajak yig‘ilish materiallarida ko‘rsatilishicha, 2022 yil yakuniga ko‘ra Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 8,7 milliard dollarga yetgan va 2021 yilga nisbatan 26 foizga oshgan. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida bu ko‘rsatkich 14 foizdan ortiq o‘sib, 5,2 milliard dollarni tashkil etdi.

Rossiya tomonining fikricha, «jahon iqtisodiyotidagi notinchlik sharoitida Rossiya va O‘zbekiston savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalari jadal rivojlanmoqda».

Mavzuga oid