23:04 / 16.10.2019
5
34471

Muhojirlar elchixonadan qo‘rqadimi? - Elchi Turkiyadagi o‘zbekistonliklarning muammolari haqida

Vatanga munosabat, insonlar ongidagi islohotlar, Nodira Qodirova o‘limi. Nima uchun Turkiyadagi o‘zbeklar konsullikda ro‘yxatda turmaydi, ular qachon elchixonaga murojaat qiladi? Konsullikda ro‘yxatda o‘tganlarning O‘zbekistonga qaytarib yuborilishi rostmi? Bir yilda O‘zbekistondan Turkiyaga qancha fuqaro tashrif buyurmoqda?

Vatanga munosabat, insonlar ongidagi islohotlar, Nodira Qodirova o‘limi. Nima uchun Turkiyadagi o‘zbeklar konsullikda ro‘yxatda turmaydi, ular qachon elchixonaga murojaat qiladi? Konsullikda ro‘yxatdan o‘tganlarning O‘zbekistonga qaytarib yuborilishi rostmi? Bir yilda O‘zbekistondan Turkiyaga qancha fuqaro tashrif buyurmoqda?

O‘zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher A'zamxo‘jayev Kun.uz muxbiriga intervyu berib, yuqoridagi masalalar yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Alisher aka, endi bugungi kun mavzusiga kelaylik. Bu O‘zbekistonda ham Turkiyada ham ayrim OAV va deputatlar tomonidan ko‘tarilayotgan mavzu. Nodira Qodirova mavzusi. Yaqinda ikki deputatning, xususan, Kun.uz saytida fikrlari chiqdi. Shunga nisbatan munosabatingiz va nuqtayi nazaringiz qanday?

«Birinchidan, hozirgi kunda butun respublika, O‘zbekiston jamiyati prezident rahbarligida yangi islohotlarni amalga oshirmoqda. Biz sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish tizimida va boshqa xalq xo‘jaligi tizimlarida islohotlarni boshladig-u, lekin asosiy islohotimiz, bu har bir insonning miyasida bo‘ladigan islohotni hali boshlay olmayapmiz. Boshlangan bo‘lsa ham sekin-sekin bo‘lmoqda.

Hozirda, barcha vazirlik, qo‘mita va boshqa davlat tashkilotlari yangidan ishlash jarayonini boshdan kechirmoqda. Bu jarayonda, ya'ni jamiyatimizning ulg‘ayishida, mulkka munosabatda, ta'lim sohasidagi o‘zgarishlarda, yoshlar masalalarida deputatlarimizning ham roli katta. Butun jamiyatimizning roli katta.

Masalan, so‘nggi 25-30 yil mobaynida deputatlarimiz yaxshi, ijobiy qonunlarni qabul qilishganida, balki bizning yoshlar O‘zbekistondan hech qayerga ketmasmidi?! Rossiyaga bormasdi, Turkiyaga ishlashga kelmasdi. Masalan, men 20 yil tadbirkorlik qilganimda Qashqadaryo, Surxondaryo, umuman, boshqa viloyatlardan ham ishchi ololmasdim. Shunaqa zo‘r, mebelga ishqiboz bo‘lgan yigitlarni olib kelardim, o‘zim yurist bo‘lganim uchun qonunga bo‘ysunardim, bekitib ishlatishni yomon ko‘rardim, rasmiy qog‘ozda turadigan joyini, yotoqxonasini qildik, shuni ro‘yxatga olinglar, (deb ko‘rsatsak ham) ruxsat bo‘lmasdi. Ularning Turkiyaga kelishiga ruxsat bor edi. Mana hozirda, janob Erdo‘g‘an O‘zbekistonga munosabati yaxshiligidan 3 oyga (bir kirishda mamlakatda qolish muddati nazarda tutilmoqda, bundan avval, o‘zbekistonliklar 1 oy davomida yashashlari mumkin edi. Bunda ro‘yxatda turish talab qilinmaydi – tahr.) cho‘zib berdi.

Ya'ni, yosh o‘zbek yigit-qizlarimiz 90 kun davomida Turkiyada ishga ham kira oladi. Ammo, ular o‘zbeklarga kamroq (maosh) beradi, bizda esa bu katta pul. Ular bu yerda ishlashmoqda. Turkiyaga kelganlarning biri elchixonaga keladi, ikkinchisi kelmaydi. Bu vatanga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqadi.

Biz qonunlarni, vatanimizga bo‘lgan munosabatni vatanda o‘zgartirsak, albatta, u inson xorijga kelgach, mana bu yerda mening elchixonam bor, bu yerda mening bayrog‘im hilpirab turibdi, bular meni himoya qiladi, deya qo‘rqmasdan kiradi. Hozirgi kunda 10 nafar o‘zbekistonlikdan bittasi kiryapti, (konsullik hisobida turishi nazarda tutilmoqda – tahr.) qolgani chetda qochib yuribdi. Biz nima uchun elchixonaga kelmasliklari yuzasidan anonim so‘rov o‘tkazganimizda, aytishdiki, biz borsak, sizlar hibsga olib, ertasiga samolyot bilan O‘zbekistonga qaytarib yuborar ekansizlar. (Aslida) bunaqa narsa yo‘q. Kelinglar, saytimizga kiringlar», - deya qayd etdi Alisher A'zamxo‘jayev.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi bevosita savolga qaytar ekan, Nodira Qodirova ishi bo‘yicha qilingan ishlar yuzasidan ham axborot berdi.

«Endi bevosita savolga qaytsak. Men o‘zim yuristman. (Huquqshunoslikda – tahr.) Aybsizlik prezumpsiyasi bor. Siz Anqara prokuraturasi vakillari bilan ham ko‘rishib keldingiz. Biz haftasiga 2 marta ko‘rishib kelyapmiz. Ular «bu ishni, qizimizning turgan joyi deputat (ning uyi) bo‘ladimi, oddiy turk vatandoshi (ning uyi) bo‘ladimi, farqi yo‘q, biz obektiv ravishda o‘rganamiz, barchadan dalolatnomalarni olamiz, dalillarni chaqiramiz, barcha bilan suhbat qilib bo‘lganimizdan so‘ng, birinchi navbatda elchixonaga axborot beramiz», deb aytishdi.

Bu borada har xil fikrlar bor. Lekin, ko‘chadagi gapni ommaga tarqatish, menimcha, noo‘rin narsa. Inonamanki, bu ishda biz oxirigacha nazoratda turamiz, oxirigacha yetkazamiz va obektiv ravishda bu narsaga baho berishimiz kerak. O‘zingiz ham guvoh bo‘ldingiz. Elchixona bo‘ladimi, Tashqi ishlar vazirligi bo‘ladimi, parlament yoki migrantlar masalalari bilan shug‘ullanadigan Mehnat vazirligi bo‘ladimi, bu muammoga global jihatdan qarashimiz kerak.

Axir, rahmatli Nodiraxonning o‘limi bu yilgi birinchisi emas. Adashmasam o‘n to‘rtinchi (bu raqam Anqaradagi konsullik orqali qayd etilganlari – tahr.) o‘lim bo‘ldi. Afsuski, buning o‘zi bo‘lmaydi. Konsulimizga ham bu narsa oson emas. Vafot etgan fuqaroni O‘zbekistonga yuborish, qarindoshlarini topish va mablag‘ masalalarida Konsul qiyin vaziyatlarda qoladi. Qo‘pol qilib aytganda murdalarni O‘zbekistonga yuborishning o‘zi bir xunuk narsa. Ularning moliyaviy tomoni bor, uy-joyi bor», - deya ta'kidladi Alisher A'zamxo‘jayev.

U, shuningdek, masalaning taajjublanarli tomoni ham borligini bildirib, Istanbulda Turkiyadagi migrantlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi yirik markaz ochilishi rejalashtirilayotganini ham ma'lum qildi.

«Yana bir ajablanarli joyi shundaki, har bir o‘lim holatini Tashqi ishlar vazirligi Axborot xizmati xabar qilib boradi. Lekin 13ta o‘limga birorta deputat, birorta fuqaro o‘z fikrini bildirmasdan, Turkiya sariq matbuoti deputat hukmron AK partiyasiga a'zo bo‘lgani uchun shov-shuv ko‘targanini bayroq qilib ko‘tarib yuribdi. Oldin qayerda edinglar?! Shu paytgacha bizga nimaga yordam bermadinglar? Bizlar (bunaqa – tahr.) qayg‘uni qachondan beri ko‘tarib yuribmiz. Biz bu masala bo‘yicha katta xatlar yozganmiz. Xudoga shukr, bizni (rahbariyat – tahr.) eshitishayapti va yordam berishmoqda. Bu masala bo‘yicha (O‘zbekiston –tahr.) Ichki ishlar vazirligining katta guruhi 4 marta kelib ketdi. Bu yerdagi migrantlar bo‘yicha qo‘shma komissiya ham tuzilgan. Yaqinda Istanbulda migrantlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi yirik markaz tashkil etiladi. Davlat rahbari ruxsat berdilar bunga. Moliyaviy masalalari hal bo‘lib, markaz ochilgach, Turkiyadagi yoshlarimizning davlatga ishonchi ortadi va muammolari yuzasidan murojaat qila boshlaydi.

Mana kecha o‘zingiz ko‘rdingiz, elchixonaga 30ga yaqin kishi keldi konsullik masalalarida. Har kuni shu ahvol. Ammo, afsuski, ular bir muammosi chiqqanidan keyin kelishmoqda-da hozir. Bizga Turkiyaga kelgan zahoti murojaat qilmayapti, (konsullikda ro‘yxatda turmayapti –tahr.) Yo bo‘lmasa, saytimiz bor.

Albatta, qonunga bo‘ysunuvchan yigit-qizlarimiz, bugungi kunda mingga yaqin yoshlar Turkiya universitetlarida tahsil olsa, ularning barchasi bizda ro‘yxatda. Telegram guruhimiz bor. Ular suhbatlashib turamiz, har oy elchixonada yoki boshqa shaharda to‘planamiz. Qorabug‘da bo‘ldi, Istanbul, Anqara, Eskishaharda bo‘ldi», - dedi A'zamxo‘jayev.

Ma'lumot uchun: 2019 yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida Turkiyaning Istanbul va Anqara shaharlarida turli sabablar bilan 70ga yaqin o‘zbek vatandoshi vafot etgan. Shundan 14 nafari Anqara konsulligida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, Istanbuldagi konsullikda 50dan ortig‘i qayd qilingan. Ularning ayrimlari Turkiyada dafn etilgan, ba'zilari vatanga olib kelingan. Shu bilan birga, ma'lum qilinishicha, hozirda O‘zbekistondan bir yilda 130-140 ming fuqaro Turkiyaga borayotgan bo‘lsa, shundan 35-40 ming kishi Turkiyada qolib ketmoqda.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi rasmiy veb-sahifasi: http://www.uzembassy.org.tr/

Telefon: 90-312 441-38-71

Faks: 90-312 442-70-58

E-mail: uzbekistanemb@gmail.com

Manzili: 06550, Sancak Mah., 549 Sokak, № 3, Yıldız - Çankaya, Ankara.

Istanbuldagi bosh konsullik Turkiyaning 14 viloyatidan tashqari Bolgariya, Ruminiya va Kiprning Turkiyaga qarashli qismiga xizmat ko‘rsatadi.

Manzili: Levent Mah. Levent Cad. Lale Sok. No:8 Beşiktaş / İSTANBUL

Telefon: 0212 323 20 37

Email: uzbekconsul@yahoo.com

Veb-sayt: http://uzconsulate.org.tr/

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top