O‘zbekiston | 21:38 / 05.04.2024
8298
7 daqiqa o‘qiladi

5 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

To‘qayevning Xivaga tashrifi, g‘oliblar e’lon qilingan tashabbusli budjet, internetda tarqalgan yana bir shubhali loyiha, festivalda namoyishi taqiqlangan hujjatli film, Andijondagi haydovchilar o‘limiga sabab bo‘lgan YTH - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.

Mirziyoyev va To‘qayev Xivada uchrashuv o‘tkazdi

Xiva shag‘rida uchrashgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etishdi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, har tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari mashinasozlik, energetika, transport va logistika, konchilik, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish yuzasidan Bosh vazirlar o‘rinbosarlari, Hukumatlararo komissiya huzuridagi ishchi guruhlar hamraislarining hisobotlarini tinglashdi.

«Tashabbusli budjet»ning 2024 yil birinchi mavsumi g‘oliblari e’lon qilindi

Ushbu mavsum uchun tuman (shahar) budjetlari hisobidan 3,39 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

Bu mavsumda respublika jami 35 575 ta taklif kelib tushgan, ulardan 2270 tasi g‘olib deb topilgan.

Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov X ijtimoiy tarmog‘ida g‘olib bo‘lgan loyihalarni tabrikladi. 

Uzbekistan Airways Rossiyaga ketayotganlardan o‘zi bilan isiriq olmaslikni so‘radi

Uzbekistan Airways Rossiyaga jo‘nab ketayotgan yo‘lovchilarga mamlakatda isiriq giyohvand moddalarni o‘z ichiga olgan va nazorat qilinadigan o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilganini eslatdi

Toshkentdagi Abdulqosim Eshon madrasasiga hojatxona qurib olingani aniqlandi

Chilonzor tumanidagi Abdulqosim Eshon madrasasi ichki qismiga o‘zboshimchalik bilan hojatxona qurilishi oqibatida yodgorlikka 65,6 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Internetda yana bir shubhali loyiha: «Sun Eco» odamlarni quyosh panellariga pul tikishga chaqiryapti

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini «Sun Eco» kompaniyasi deb tanishtirgan loyiha odamlarni quyosh panellarini ishlab chiqarishga investitsiya kiritishga chaqirib, har kuni 2 dollar daromad olish mumkinligiga ishontirmoqda. Ular O‘zbekiston hukumati bilan 10 yillik shartnoma tuzganini aytyapti, lekin bu yolg‘on. 

KUN RAQAMI

2023 yilda O‘zbekistonda 3,1 MILLION TONNA meva va rezavorlar yetishtirilgan. Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, meva va rezavorlar yetishtirish hajmi 2022 yilning mos davriga nisbatan 4,1 foizga oshgan

2023 yilda budjetdan ajratilgan subsidiyalar miqdori keskin oshgan

O‘tgan yil davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 29 trln 255 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Bu 2021 yilga nisbatan 5,2 barobarga, 2022 yilga nisbatan 2,4 barobarga ko‘p

O‘zbekistonga 2 oyda qancha yengil avtomobil import qilingani aytildi

O‘zbekiston 2024 yilning yanvar-fevral oylarida xorijdan qiymati 383,1 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 17 ming 553 dona yengil avtomobil import qilgan.

O‘zbekistonga 2024 yilning 2 oyida eng ko‘p yengil avtomobil import qilingan davlatlar:

·      Xitoy – 12 808 ta;

·      Koreya – 4 176 ta;

·      AQSh – 455 ta;

·      Yaponiya – 29 ta;

·      Germaniya – 27 ta. 

2023 yilda O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar miqdori kamaydi

So‘nggi 5 yilda faqat pandemiya kuzatilgan 2020 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimida qisqarish kuzatilgan edi

Toshkentdagi festivalda Ukrainadagi urushga oid hujjatli film namoyishi to‘xtatildi. Vazirlik izoh berdi

Toshkentda rossiyalik rejissyor Vitaliy Manskiyning Ukrainadagi urush haqidagi «Sharqiy front» nomli hujjatli filmi namoyishi to‘xtatilgan. Rejissyor bu Madaniyat vazirligi buyrug‘i bilan bo‘lganini aytgandi.

Vazirlik filmni namoyish etishda bir qancha talablar buzilganini qayd etib, shu bilan birga uni to‘xtatish o‘z vakolatiga kirmasligini bildirdi

«Tashabbusli budjet»da ovoz yig‘ishga majburlagan Qiziltepa tumani hokimi o‘rinbosari jarimaga tortildi

O‘lmas Istamov tumandagi tashkilotlar rahbarlarini «Tashabbusli budjet»da ovoz yig‘ishga majburlagani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya ma’lum qildi

KUN FOTOSI

Toshkent shahridagi ekoparkda sakura gulladi. 

Magistratura bosqichiga chet tili sertifikati talabi qo‘yilgani sabab OTMlar moliyaviy zarar ko‘rgan

Oliy ta’lim vazirligi hisobotiga ko‘ra, 2021 yildan davlat OTMlarining magistratura bosqichiga o‘qishga kirish uchun chet tili sertifikatining majburiy qilib qo‘yilishi kvotalarning ochiq qolishiga, oqibatda moliyaviy mustaqil OTMlarning zarar ko‘rishiga sabab bo‘lgan

DXX AQShga noqonuniy yo‘llar bilan yuborishni va’da qilgan shaxslarni qo‘lga oldi

O‘zbekistonning Toshkent, Andijon, Samarqand, va Jizzax shaharlarida fuqarolarni Meksika orqali AQShga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Angren shahar IIB JQB xodimi giyohvand modda savdosiga aralashgani uchun qamoqqa olindi

Dastlabki surishtiruvlarda jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi giyohvand moddani sherigi bilan sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, xodim va uning sherigi qamoqqa olingan

Andijon viloyatidagi YTHda ikki haydovchi halok bo‘ldi

Xo‘jaobod tumanida Cobalt haydovchisi quvib o‘tish qoidalarini buzib, yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqqan va o‘z yo‘lidan kelayotgan Damas’ga urilgan. Damas haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va o‘zi bilan bir yo‘nalishda yonma-yon kelayotgan, «Moskvich-412»ga borib urilgan.

Cobalt va Damas haydovchilari og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay ularning ikkisi ham vafot etgan.

Mavzuga oid