«Ukraina – Rossiya emas». Natalya Poklonskaya shov-shuvli intervyu berdi
2014 yil Rossiya nazoratiga o‘tgan Qrimning sobiq prokurori Natalya Poklonskaya rossiyalik jurnalist Katerina Gordeyevaga intervyu berdi. Rossiyada hamon siyosiy lavozimni egallab turgan Poklonskaya Ukrainadagi urush haqida savollarga javob qaytargan. Uning aksar aytgan fikrlari Rossiya rasmiy pozitsiyasiga zid va sobiq prokuror bundan qo‘rqmasligini aytgan.
- Ma’lumot uchun: Natalya Poklonskaya 1980 yil 18 mart kuni Ukrainaning Lugansk viloyatida tug‘ilgan. 2012-14 yillarda Ukraina bosh prokuraturasida katta prokuror vazifasida ishlagan. 2014-16 yillarda Rossiya nazoratiga o‘tgan Qrim avtonomiyasida (keyinchalik respublikasi) prokuror bo‘lgan. 2016-21 yillarda Rossiya Davlat dumasida deputat bo‘lib faoliyat olib borgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, Kremlga nisbatan tanqidiy qarashlari sabab 2021 yil oktyabrda Rossiyaning Kabo Verdedagi elchisi lavozimiga o‘tkazilgan. Ammo keyinchalik shaxsiy sabablar bilan bu vazifani qabul qilmagan. 2022 yil fevralidan «Rossotrudnichestvo» davlat agentligi rahbarining o‘rinbosari. Ukrainada davlatga xiyonatda ayblanib, qidiruvga berilgan.
«Vatanim – Ukraina»
Suhbat avvalida jurnalist Poklonskayadan video qanday rangdagi fonda ketishini xohlashi haqida so‘ragan. Sobiq prokuror Ukraina bayrog‘idagi havorangni tanlab, bu tinchlik ramzi ekanini aytgan.
Poklonskaya 2014 yilgi Qrimda bo‘lib o‘tgan referendumdan keyin hozirgacha qo‘riqchi bilan yurishi, chunki hayotiga bir necha marta tahdid bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir marta uyini portlatib ketmoqchi bo‘lishgan.
Poklonskaya suhbat davomida Rossiya fuqarosi ekani, ammo ukrain millatiga mansub ekanini ta’kidlagan: «Men Rossiya fuqarosiman, lekin ukrainman. Vatanim – Ukraina, nega buni tan olmasligim kerak? Buni aytishimdan ko‘pchilik hayron qoladi, ayniqsa ura-urachi vatanparvarlar. «O, Poklonskaya ukrain ekanini tan oldi», deb baqirishadi. Nima, men ispanmanmi? Rus yoki ukrain deb millat ajratish to‘g‘ri emas».
«Ukraina bu – Rossiya emas»
Poklonskayaning aytishicha, oxirgi 8 yil davomida Ukrainada jamiyat o‘zgargan. Jurnalist suhbatdoshga shunday savol bilan murojaat qilgan: «Rossiya Ukrainaga kirganda ukrainaliklar ular natsizmdan qutqarishga kelishdi, deb rossiyalik harbiylarni xursand bo‘lib kutib oladi, degan gaplar bo‘lgandi. Ko‘rib turibmizki bunday bo‘lmadi».
Poklonskaya bu haqida eshitganini aytib, shunday javob bergan: «Bilasizmi, Ukraina bu – Rossiya emas. U yerda jamiyat boshqacha yashaydi. Oxirgi sakkiz yilda ular o‘z jamiyatini yaratgan. Men bu sakkiz yil davomida Ukrainada yashamadim, ammo odamlar o‘zlari tuzgan jamiyatda, o‘zlari to‘g‘ri deb bilgan jamiyatda yashamoqda.
Masalan, mendan bir yil yoki bir oy avval [Ukrainaga kirgan rus armiyasini] ukrainaliklar gul bilan kutib oladimi, deb so‘rashsa, yo‘q deb javob berardim. Chunki u yerdagi jamiyat chindan boshqacha. Shu sabab ukrainaliklar ba’zi nashrlarda yozilgani kabi gul bilan kutib olmaganini tushunaman. Bizda esa (Rossiyada) bu haqda g‘alati gaplar aytilmoqda».
«2014 yilgacha hammasi joyida edi»
Gordeyeva: Rossiya Ukrainani millatchilardan tozalash uchun borganini aytishmoqda, siz bunga nima deysiz? Ukrainada chindan millatchilik kayfiyati bormi?
Poklonskaya: 2014 yildan keyin Ukrainada millatchilik kayfiyati qanday o‘zgarganini bilmayman, chunki bu vaqt davomida u yerda yashamadim, lekin 2014 yilgacha hammasi joyida edi. Faqat Maydan voqealarini aytish mumkin. Unda provokatorlar qatnashishdi. Ha, bu millatchilikning yuqori ko‘rinishi. Ammo millatchilik har qanday jamiyatda bo‘lishi mumkin. Asosiysi, bu millatchilik chegaradan chiqmasligi kerak.
«Ukrainada meni dushman deb e’lon qilishgan, lekin baribir ukrainlarni yaxshi ko‘raman»
Poklonskayaning aytishicha, Ukrainada u haqida nima deyishlaridan qat’i nazar ukrainaliklarni o‘z millatdoshi deb biladi va ularga imkon qadar yordam beradi. Sobiq prokurorning aytishicha, o‘z tashabbusi bilan Ukrainaga dori-darmon vositalari yubormoqda.
«Ukrainada mendan dushman yasab olishgan, lekin men baribir ukrainlarga yordam berishda davom etaman, chunki ularni yaxshi ko‘raman. O‘zimni ukrain millatining bir qismi deb bilaman. Hozir bo‘layotgan voqealar shunchaki fojia, bunday vaqtda qo‘limdan keladiganini qilib ukrainaliklarga yordam yuboryapman. Ularni o‘zim ham berolmayman, chunki men bilan uchrashish taqiqlangan.
Hozir «Rossotrudnichestvo» agentligi xodimi sifatida insonparvarlik yuklari yuborish bilan shug‘ullanyapman. Bu haqda hech kim menga ko‘rsatma bergani yo‘q, o‘zim tashabbus qildim. U yerda odamlar qiynalmoqda, ularning hammasi ham banderachilar emas, ularga yordam berish kerak», degan Poklonskaya.
«Yanukovichga ovoz bermaganman»
Poklonskayaning aytishicha, Maydan voqealaridan norozi bo‘lgan: «Men ham korrupsiyasiz hayotda yashashni, hammasi o‘zgarishini istardim, lekin bu tarzda o‘zgartirishni emas. Tartibsizliklar boshlangan vaqtda davlat nazoratni qo‘liga olishi kerak edi. Men hech qachon ovoz bermagan bo‘lsam ham, Yanukovich prezident edi. Men shunday tushunaman: qonunchilik barchasini nazorat qilishi shart».
«Qrim o‘z tanlovini amalga oshirdi»
Poklonskayaning aytishicha, Qrimning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi qrimliklarning o‘z tanlovi bo‘lgan: «Hozirgi voqealarni Qrimdagi referendum bilan bog‘lamagan bo‘lardim, chunki unda hammasi tinch bo‘lgan, odamlar o‘z fikrini aytgan. Kiyev bizga qilgan ishlaridan kelib chiqsak, o‘shanda referendum yagona chiqish yo‘li edi».
«Urush bo‘lmasin» degan suratni joylaganim uchun meni ekstremistga chiqarishdi»
Poklonskayaning aytishicha, Rossiya hukumatida aytilayotgan pozitsiyaga zid so‘zlarni aytayotganini biladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga gumanitar yordam yuborayotganda bolalardan biri chizgan suratga ko‘zi tushgan. Unda «Urush bo‘lmasin» deb yozilgan. Poklonskaya bu suratni o‘z sahifasiga joylagan. Shu sabab Rossiya tergov qo‘mitasiga uning ustidan ariza tushgan. «Shu suratni joylaganim uchun meni ekstremist deb atashdi», deydi sobiq prokuror.
Zelenskiy haqida
Poklonskayaning aytishicha, Vladimir Zelenskiy bilan shaxsan tanish emas va u bilan faqat prokuraturada ishlayotgan vaqtida konsertda ko‘rishgan. Sobiq prokuror Zelenskiyning qilayotgan ishlari haqida gapirar ekan, u avvalo insonlar hayotini o‘ylashi kerakligini aytgan: «Ha, Yevropada uni qahramon deb ko‘rsatishmoqda, lekin men avvalo insonlar hayotini saqlab qolish haqida o‘ylagan bo‘lardim. Har qanday narsa evaziga».
Poklonskaya Zelenskiy Rossiya tomonidan ilgari surilayotgan talablarga rozilik bildirishi kerakligiga ishora qilgan. «Xalq uni tushungan bo‘lardi», deb qo‘shimcha qilgan suhbatdosh.
Poklonskaya intervyu davomida ikki marta ketma-ket urush so‘zini ishlatgach, hazil qilishga ham ulgurdi: «Uzr, bu so‘zni ishlatish mumkin emas-ku, maxsus harbiy amaliyot», deb kulgan sobiq prokuror. Rossiyada mamlakatning Ukrainadagi harakatlarini urush deb atash taqiqlangan.
Poklonskaya deputatlik faoliyati haqida ham gapirar ekan, Rossiyada ular g‘alati holatda ishlashiga to‘xtalgan: «Deputatlar bir qarashda erkin ishlashadi, lekin biror qonun qabul qilinishi kerak bo‘lsa, u qabul qilinadi. Ha, men abortlar to‘g‘risidagi qonun loyihasiga, pensiya islohoti to‘g‘risidagi loyihaga qarshi ovoz berganman. Chunki shunday deb hisoblaganman. Balki men tug‘ma deputat emasdirman. Hozirgi holatda ham shunday. Men bunday bo‘lishini istamayman», degan Poklonskaya.
«Men bayram qiladigan holatda emasman»
Jurnalist Poklonskayadan 2022 yil 18 mart kuni nima qilganini so‘ragan. O‘sha kuni Moskvadagi «Lujniki» stadionida Vladimir Putin ishtirokidagi Qrim qo‘shib olinganining 8 yilligi munosabati bilan Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini qo‘llovchi shou-konsert o‘tkazilgandi: «Yo‘q, meni u yerga taklif qilishmadi. O‘sha kuni mening tug‘ilgan kunim edi. Birga ishlaydigan do‘stlar bilan tushlik qildik, u yerda restoran xodimlari sovg‘a sifatida tort olib kelishdi. Keyin uyga bordik, oddiy kunni o‘tkazib uxladik. Bo‘lib o‘tayotgan voqealar vaqtida tug‘ilgan kunimni ham, boshqa qandaydir sanani ham nishonlaydigan holatda emasman», dedi Poklonskaya.
Mavzuga oid
14:00 / 16.11.2024
Umerov: Ukraina Rossiya tomonidan egallab olingan barcha yerlarni qaytarib olmoqchi
13:46 / 16.11.2024
Jurnalistlar Ukrainada 78 ming rossiyalik askar halok bo‘lganini tasdiqladi
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
19:41 / 15.11.2024