Rossiya kolonnasi Kupyanskka yorib kirgan, ammo Ukraina uni yakson qilganini aytmoqda. Nimalar ma’lum?
13 noyabr kuni kunduzi Rossiyaning zirhli texnikalari kolonnasi Xarkiv oblastining Kupyansk shahriga yorib kirishga muvaffaq bo‘lgan, dastlabki ma’lumotlarda bu harbiylar shaharning sharqiy chekkalarida o‘rnashgani aytildi. Ammo ukrain harbiylari ko‘p o‘tmay bu desant yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
Kupyansk — Xarkiv oblastidagi muhim temiryo‘l va transport tuguni hisoblanadi. U keng ko‘lamli urushning dastlabki kunlarida bosib olingan, ammo Ukraina qurolli kuchlari 2022 yil kuzida shaharni ozod etgandi.
Oskol daryosining ikki sohilida joylashgan bu shahar Ukraina qurolli kuchlarining mustahkamlangan hududiga aylantirildi va Kiyevga Rossiya Luhansk oblastida egallab hududlar ichkarisiga, birinchi navbatda — Svatove va Kreminna shaharlari tomon hujum amaliyotlarini tayyorlash imkoniyatini qoldirgandi.
Shu tufayli Rossiya armiyasi uchun o‘zi egallagan hududlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ukrainlarni Kupyanskdan va Oskol sharqiy sohilidan siqib chiqarish muhim edi. Rossiyaliklar 2023 yil kuzida ushbu rejani amalga oshirishga kirishgan.
Shundan buyon Rossiyaning yurish amaliyotlari Kupyanskning o‘zi tomonga ham, undan janubroqdagi hududlarga ham davom etmoqda, RF armiyasi joriy yil oktyabrida shahardan janubda Oskol daryosi bo‘yiga yetib bordi va ukrainlarning bu sohildagi platsdarmini ikkiga ajratib qo‘ydi.
Ko‘p vaqtdan buyon harbiy harakatlar ketayotgan front chizig‘i shahardan 7-9 km masofadan o‘tadi. Rossiya aviatsiyasi har kunlik aviazarbalari bilan bu shaharni ham vayrona holatga keltirgan.
Chorshanba kuni nimalar ro‘y berdi?
13 noyabr kuni RFning to‘g‘ridan to‘g‘ri Kupyansk chegarasiga bostirib kirishga ilk urinishi haqida ma’lum qilindi.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi xabar berishicha, chorshanba kuni soat 14:30 dan rossiyalik harbiylar Kupyansk yo‘nalishida ukrain mudofaasini yorib o‘tishga harakat qila boshlagan. «Raqibning shturmchi guruhlari to‘rt to‘lqinda ukrain himoyachilari pozitsiyalariga hujum qildi. Dushman 15 taga yaqin texnikadan foydalandi. Xususan, tanklar, jangovar zirhlangan mashinalar va UR-77 minalardan tozalash qurilmalari», — deyilgan Bosh shtab xabarida.
Bundan tashqari, Ukraina QK ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik askarlarning bir qismi Ukraina qurolli kuchlari askarlari kabi kiyinib olgan. Bosh shtab bunday harakatlar urush olib borish qonun-qoidalarini buzish ekanini va harbiy jinoyat sanalishini qayd etgan. Rossiya rasmiy manbalari Ukraina qurolli kuchlarining bu da’vosi yuzasidan munosabat bildirmagan.
Ukraina rasmiylari ishontirishicha, Ukraina qurolli kuchlari raqibning barcha zirhli texnikalarini yo‘q qilib,
jonli kuchlarining «katta qismini» o‘ldirgan.
Ukraina mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan DeepState tahlil markazi Rossiya amaliyoti yuzasidan nisbatan batafsil ma’lumot bergan. Markaz rossiyaliklar kolonnasi harakatini qayd etgan dron videosini ham taqdim etgan. Keyinroq Kupyanskdagi jang videosi frontning mazkur uchastkasi uchun mas’ul bo‘lgan Hududiy mudofaa kuchlarining 114-brigadasi tomonidan e’lon qilindi.
DeepState ma’lumotiga ko‘ra, rossiyaliklar Liman Perviydan yo‘lga chiqqan ikkita kolonnada hujum uyushtirgan. Ya’ni RFning zirhlangan guruhlari Kupyanskka qadar 9 km masofa bosib o‘tgan.
Birinchi kolonnada ikkita zirhlangan tyagach (MT-LB), BMP va tank bo‘lgan. Ikkinchi kolonna tarkibi noma’lum, chunki u ukrain pozitsiyalariga hujum qilganida qorong‘i tushgandi.
DeepState yozishicha, bitta MT-LB Kupyanskka kelish yo‘lidagi o‘rmondayoq zarbaga uchragan, boshqasi shaharning sharqiy chekkasigacha yetib kelgan va Nekrasov ko‘chasida yo‘q qilingan. Undan 15 nafarga yaqin rossiyalik harbiy tushib, atrofga tarqalgan va qo‘shni uylarga bekingan.
Shu ko‘chada rossiyaliklar tanki ham yo‘q qilingan. DeepState ma’lumotiga ko‘ra, shaharga kirgan RF harbiylarining bir qismi joylashuvi aniqlangan va ular yo‘q qilingan. Rossiya qo‘mondonligi yuborgan qo‘shimcha kuchlarga ham aniq zarba berilgan, deya ta’kidlaydi ukrainlar loyihasi.
14 noyabr tongidagi holatga ko‘ra, RF desanti Kupyanskda o‘rnashib qololmadi va uloqtirib tashlandi, deb ma’lum qilgan ukrain rasmiylari va davlat idoralari. Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko shahardagi vaziyat — «nazorat ostida» ekanini ma’lum qilgan.
«Hozirda dushman Kupyanskda o‘rnashib olgani haqidagi ma’lumot haqiqatga mos kelmaydi. Dushmanning shunday urinishi bo‘ldi, ammo rossiyaliklar yo‘q qilindi. Ertalabki holatga ko‘ra, vaziyat mudofaa kuchlari nazorati ostida», — deya xabar qilgan u.
Rossiya rasmiy manbalari «Kupyanskdagi yorib o‘tish» haqida ma’lumot bermagan.
Ammo ayrim Z-muxbirlar, masalan, «Voyenkor Kotenok» (396 ming obunachisi bor) Kupyanskdagi janglar hali ham davom etayotgani haqida yozgan. Kanal muallifi ishontirishicha, rossiyalik shturmoviklar Zaoskolyaning bir qismini egallab turibdi va Svatovega olib boruvchi yo‘lni to‘sib qo‘yishga urinmoqda.
«Hozirda Ukraina qurolli kuchlari Svatovega boruvchi qattiq qoplamali yo‘lni amalda o‘z nazoratiga olgan shturmchi guruhimizni yo‘q qilish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda. Ularga yordam uchun Petropavlovkadagi garnizon yuborilgan», — deya yozgan bloger.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘mondonligi shahar shturmini qo‘llab-quvvatlash va nazorat hududini Gnilitsa daryosidan Kupyansk shimoli-sharqiga va Petropavlovka shimoliga qadar kengaytirish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda.
Nega bunday bo‘ldi?
Ammo Rossiya kolonnasi qanday qilib deyarli qarshilikka uchramasdan mudofaa chizig‘idan o‘tgan va barcha tomondan ishonchli himoyalangan bo‘lishi kerak bo‘lgan shaharga bostirib kirgan?
DeepState tahlilchilari Ukraina qurolli kuchlari qismlari Kupyansk shimolidagi o‘rmonzor bo‘ylab «g‘alati» joylashtirilganiga e’tibor qaratmoqda.
«So‘nggi oylarda tutashuv liniyasi barcha bo‘linmalar uchun jumboq bo‘lib qoldi. Ukraina qurolli kuchlari va dushmanning jangovar saflari shunchaki o‘rmon bo‘ylab tarqoq joylashtirilgan, ikki tomon ham rotatsiyalar amalga oshirgan, o‘rmondagi urush esa „g‘alati“ ko‘rinishda», — deyilgan ukrainlar proyekti sharhida.
DeepState huquq-tartibot organlaridan frontning mazkur uchastkasiga javobgar bo‘lgan brigada qo‘mondonligi harakatlarini o‘rganishni so‘ragan.
Ukrainalik harbiy bloger Oleksandr Karpyuk (Serg Marco) hisoblashicha, Kupyansk yo‘nalishi yorib o‘tilishiga Ukraina qurolli kuchlarining minalovchi bo‘linmalaridagi taqchillik sabab bo‘lgan. Ular oldindan raqibning shturm guruhlari kelishi mumkin bo‘lgan yo‘llarni minalashtirishi kerak edi.
U shuningdek, shturm vaqtida raqibga hujum qilishi mumkin bo‘lgan FPV-dronlar ekipajlar yetishmasligiga ham e’tibor qaratgan.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024