15:55 / 23.06.2023
31899

APLda eng ko‘p kutilayotgan 5 transfer. «Arsenal» barchadan ko‘proq sarflaydimi?

Angliya ichki bozorida yaqin vaqtlar ichida amalga oshishi kutilayotgan transferlar.

Foto: Getty Images

Yevropaning ko‘plab klublari kamtarona hayot tarzini davom ettirayotgan mahalda, Angliyada shov-shuvli transferlarni amalga oshirishda davom etishmoqda. Ko‘plab kelishuvlar ro‘y berib bo‘ldi. Masalan, «Chelsi» «RB Leypsig» hujumchisi Kristofer Nkunku transferini e’lon qildi. «Liverpul» «Brayton»dan argentinalik havbek Aleksis Mak Allisterni sotib oldi. Jyeyms Milner erkin agent maqomida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlandi. «Aston Villa» «Lester» bilan shartnomasi muddati tugagan Yuri Tilemansni o‘z safiga qo‘shib oldi.

Yozning katta qismi hali oldinda va katta ehtimol bilan yana ko‘plab katta transferlar amalga oshiriladi. Insayderlar (jumladan Fabritsio Romano va Devid Ornshteyn) ma’lumotiga ko‘ra, keyingi besh yirik transfer APLning ichki bozorida amalga oshiriladi. O‘z o‘zidan aksar holatlar «Chelsi» o‘z futbolchilarini sotishi bilan bog‘liq, chunki bu klubda futbolchilar haddan tashqari ko‘payib ketgan (qolaversa, londonliklar yangi xaridlarni amalga oshirishda davom etmoqda).

Mateo Kovachich, 29 yosh
«Chelsi» → «Manchester Siti»

 Mateo Kovachich Foto: MICHAEL REGAN/GETTY IMAGES

Xorvatiyalik yarimhimoyachi «Chelsi»da besh mavsum o‘tkazdi, ammo endi klubda sotuv davri boshlandi. Yangilanayotgan jamoada Kovachich ketishi kerak bo‘lgan futbolchilar qatorida. Qolaversa, uning shartnomasi keyingi yil yozida tugaydi va klub uni bu yil 30-35 mln funtga sotib qolish imkoniyatidan foydalanishi kerak. Katta ehtimol bilan Mateo «Siti»ga o‘tadi, klub va havbek ikki hafta oldinroq kelishuvga erishgani aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, klublar o‘rtasida ham barcha masala hal bo‘lgan va futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tsa bas. «Siti» aynan maydon markazini kuchaytirishga ehtiyoj sezmoqda, o‘tgan mavsumda bu joyda Rodri, Ilkay Gundo‘g‘an va Kevin De Bryuyne deyarli rotatsiyasiz o‘ynadi. Bernardu Silva ham bor, ammo u ko‘pincha hujum uchligida harakatlanadi. Bu pozitsiyaga futbolchilar yetarli emasligi tufayli markaziy himoyachi Jon Stounz ham tayanch yarimhimoyasiga chiqib o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. Gundo‘g‘anning shartnomasi yakunlanib, «Barselona»ga yo‘l olayotgani tufayli bu zonaga yana bir futbolchi olib kelish shunchaki zaruriyat.

Meyson Maunt, 24 yosh
«Chelsi» → «Manchester Yunayted»

Meyson Maunt Foto: CLIVE ROSE/GETTY IMAGES

Bu «Chelsi» fanatlarini qattiq ranjituvchi transferlardan biri. Maunt – klub tarbiyalanuvchisi. U klub akademiyasiga olti yoshligida kelgan. Frenk Lempard «Chelsi»ni birinchi bor boshqarganida, Mauntni xatolariga qaramay o‘ynatavergan, natijada Meyson 24 yoshiga kelib Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘ldi va Angliya milliy jamoasida 36 o‘yin o‘tkazdi.

2022/2023 yilgi mavsum ushbu yarimhimoyachi uchun o‘ta muvaffaqiyatsiz chiqdi, ko‘plab jamoadoshlari bilan bo‘lgani kabi. Futbolchiga yangi chaqiriqlar kerak va u jamoadoshi Kovachich kabi Manchesterga yo‘l olishi kutilmoqda. Faqat shaharning boshqa jamoasiga. «Chelsi» «qizil iblislar»ning 45 mln funtlik birinchi taklifini ham, 58 mln funtlik ikkinchi taklifini ham rad etgan, ammo insayderlar hamon Mauntni «Yunayted»ning yozgi transferlar oynasidagi asosiy nishoni deb qarashmoqda. Londonliklar futbolchi uchun 60-65 million funt sterling olishni ko‘zlagan.

Kay Havers, 24 yosh
«Chelsi» → «Arsenal»

Kay Havers Foto: CLIVE ROSE/GETTY IMAGES

Havers APLning o‘tgan mavsumida «Chelsi» tarkibida eng ko‘p vaqtni maydonda o‘tkazgan (2579 daqiqa) futbolchi va jamoaning eng yaxshi to‘purari (7 gol) bo‘ldi. U ketishni istayotgani va «Arsenal» bilan besh yillik shartnoma bo‘yicha kelishib olgani ma’lum. Germaniyalik futbolchi «Chelsi» rahbariyatiga keyingi yil muddati tugaydigan  shartnomasini uzaytirmasligini bildirgan. Klub «Arsenal»ning birinchi taklifini qaytargan, ammo ikkinchisiga (uch yil davomida 60 mln funt to‘lab beriladi, ma’lum natijalar uchun 15 mln funt miqdorida bonus ko‘zda tutilgan) rozi bo‘lgan.

Shu bilan birga, Havers «Arsenal»da qaysi pozitsiyada o‘ynashi tushunarsiz. O‘tgan mavsumda Kay orqaroqqa surilgan hujumchi ham, vinger ham, markaziy forvard ham bo‘lib o‘ynadi. Hozirda u Jyezus yoki Sakani tarkibdan siqib chiqarishini tasavvur qilish qiyin. Boshqa tomondan, «Arsenal» ko‘p yillik tanaffusdan keyin Chempionlar ligasiga qaytmoqda va jamoa oboymani kengaytirishi zarur.

Deklan Rays, 24 yosh
«Vest Hem» → «Arsenal»

Deklan Rays. Foto: RICHARD HEATHCOTE/GETTY IMAGES

«Vest Hem» uchun mavsum eng oxirida muvaffaqiyatsizlikdan omadli mavsumga aylandi. Jamoa nafaqat ligada jon saqlab qoldi, balki Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqib, Yevropa Ligasiga yo‘llanma oldi. Endi klub uchun navbatdagi maqsad – Rays sotuvidan maksimum foyda chiqarish. APLda angliyalik futbolchilar boshqalardan ko‘ra qimmatroq turadi, ayniqsa gap milliy jamoaning asosiy futbolchisi haqida ketganda.

«Vest Hem» «Arsenal»ning ikki taklifini qaytardi (ikkinchisi — 75 mln funt + ma’lum natijalar uchun 15 mln funt ko‘rinishidagi bonuslar). Xabarlarga ko‘ra, Arteta jamoasi uchinchi taklifni ham yuboradi. O‘tgan mavsum oxirida zaxira o‘rindig‘i keng emasligi tufayli chempionlikni boy bergan jamoa yarimhimoya chizig‘ini kuchaytirishga katta ehtiyoj sezmoqda. Avvalroq jamoa sardori Chaka Germaniyaga qaytishi haqida ma’lum bo‘lgandi, endi Parti ham Saudiya Arabistoniga yo‘l olishi haqida xabarlar chiqmoqda. Ular esa jamoaning asosiy ikki tayanch yarimhimoyachisi edi. Shunday ekan, «Arsenal» Raysni qo‘lga kiritish harakatlarini to‘xtatmaydi. Bu vaqtda «Vest Hem» «Siti» kurashga qo‘shilishini kutmoqda. «Shaharliklar» ularning moliyaviy talablarini to‘la qanoatlantirishi mumkin. 

Moyses Kaysedo, 21 yosh
«Brayton» → «Chelsi»

Moyses Kaysedo. Foto: CATHERINE IVILL/GETTY IMAGES

Bu ro‘yxatdagi eng yosh futbolchi. U APLda birinchi to‘laqonli mavsumini o‘tkazdi, ammo shu vaqt unga top-futbolchi maqomiga chiqish uchun yetarli bo‘ldi. «Chelsi» unga o‘tgan yil yozida ham da’vogarlik qilgan, ammo o‘shanda transferni amalga oshira olmagandi. Endi esa londonliklar klubi qishda «Arsenal»ga o‘tishi mumkin bo‘lgan, shuningdek «Bavariya»ning qiziqishlari doirasida turgan futbolchi bilan kelishuvga erishdi.

Ushbu yarimhimoyachining «Brayton» bilan shartnomasi 2027 yil yoziga qadar tuzilgan. Bunday vaziyatda futbolchi klubdan ketishi oson bo‘lmaydi, ammo unda murabbiy bilan shu yil yozda ketish bo‘yicha kelishuv bor. Xabarlarga ko‘ra, bu transfer «Chelsi»ga 90 mln funtga tushishi (80 mln funt + 10 funt bonuslar) kutilmoqda.

Top