O‘zbekiston | 12:05 / 29.12.2020
2791
1 daqiqa o‘qiladi

Kelgusi yilda narx-navo o‘sishini 10 foizdan oshirmaslik Markaziy bank va hukumatning asosiy vazifasi bo‘ladi - Prezident

O‘zbekistonda kelgusi yilda inflatsiyaviy targetlash doirasida, narx-navo o‘sishini 10 foizdan oshirmaslik Markaziy bank va hukumatning asosiy vazifasi bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomada ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida import sohasidagi boj to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyozlar yana bir yilga uzaytiriladi.

“Umuman, xalqimiz xotirjam bo‘lishi kerak: sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, bu borada kafolatlangan zaxirani yaratish va ularni bozorga uzluksiz yetkazib berish hamda narx-navo barqarorligini ta'minlash ishlariga ustuvor darajada e'tibor qaratiladi.

Buning uchun Hukumat va hokimliklar tomonidan barcha choralar ko‘riladi hamda bu masala Prezidentning doimiy nazoratida bo‘ladi”, - dedi davlat rahbari.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilda iqtisodiyotni kamida 5 foizga o‘sishini, budjet defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foizdan oshmasligini ta'minlash zarur.

Kelgusi 2 yilda esa budjet defitsitini 2 foizdan oshirmaslik bo‘yicha hukumat zarur chora-tadbirlarni belgilashi lozim. 

Mavzuga oid