Ta'lim, qabul va tizimdagi o‘zgarishlar – yangi tashkil etilgan Fiskal instituti haqida suhbat
Soliq va soliqqa tortish yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan Fiskal institut tashkil etildi. Nega Coliq akademiyasi Fiskal institutga aylantirildi, unga kimlar qabul qilinadi? Kutilayotgan natijalar qanday? Shu kabi savollar yuzasidan DSQ huzuridagi Fiskal institut bosh mutaxassisi Anvar Yaxshiyev bilan intervyu tashkil etildi.
– Nega soliq akademiyasi Fiskal institutga aylantirildi?
– Prezidentning 4879-sonli qaroriga asosan DSQ malaka oshirish markazi negizida Fiskal institut tashkil etildi. Soliq akademiyasi o‘zini oqlaganmi, degan savolga kelsak, sobiq Soliq akademiyasi bakalavriat ta'lim yo‘nalishida cheklangan kvotalar doirasida mutaxassis yetishtirgan. Har yilgi qabul 75 o‘rindan iborat bo‘lib, bitiruvchilar tadbirkorlik sub'yektlari u yoqda tursin, tizimning mutaxassis kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini 30 foizga ham qondira olmagan. Shuningdek, o‘qishdan keyingi tizim uchun ishlab berish majburiyati bitiruvchilarning erkin ish tanlash huquqini cheklardi. Fiskal institutda esa kvota degan tushuncha deyarli amal qilmaydi. Belgilangan ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavr va magistrlarga bo‘lgan ehtiyojni hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari kesimida tahlil qilish asosida qabul parametrlari Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan mustaqil belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, Soliq akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibi «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonun va ko‘plab me'yoriy hujjatlar talablariga, inson huquqlariga zid bo‘lgan, abituriyentlar uchun ixtisoslikni tanlash ixtiyoriyligini inkor etgan. Sababi, abituriyent istalgan o‘rta yoki o‘rta maxsus ma'lumotga ega bo‘lib, Soliq akademiyasiga hujjat topshirib o‘qish imkoniyati yo‘q edi. Bu Soliq akdemiyasiga respublikada faoliyat yuritadigan 3ta: Buxoro soliq kolleji, Farg‘ona soliq kelleji, Toshkent soliq kollejlarini bitirganlargina hujjat topshirish imkoniyatiga ega edi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent Moliya institutida soliq va soliqqa tortish yo‘nalishlari bor edi, ammo o‘tgan uch yil davomida soliq sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan tayanch oliy ta'lim muassasasi mavjud emas edi. Yangi tashkil topgan institutning o‘z salafidan afzalligi shundaki, unga kirish barcha uchun ochiq, ya'ni o‘rta yoki o‘rta maxsus ma'lumotga ega bo‘lgan har qanday shaxs (fuqaro emas, aynan shaxs) unda ta'lim olish imkoniga ega.
Bundan tashqari, mulkchilikning barcha shakllaridagi tashkilotlar, shu jumladan tadbirkorlik sub'yektlari Fiskal institut tomonidan tayyorlanadigan kadrlarga buyurtmani shakllantirishda ishtirok etishga, xususan kadrlarni maqsadli tayyorlash uchun to‘lovni, ular tomonidan o‘qishni tugatganidan so‘ng, shartnomada belgilanadigan muddat davomida tashkilot-buyurtmachida uzluksiz ishlash majburiyatini qabul qilgan holda, amalga oshirishga haqli.
– Institutga qabul jarayoni qanday bo‘ladi, kimlar qabul qilinadi?
– Fiskal institut o‘zini o‘zi to‘liq moliyalashtiradi. Universitetga qabul jarayoni umumiy tartibda bo‘ladi. Soliq akademiyasiga hujjat topshirish uchun abituriyent soliq kollejini bitirgan bo‘lishi kerak degan, qat'iy talablar Fiskal institutga qo‘yilmaydi. Faqat Prezidentning 2019 yil 6 sentyabrdagi farmoniga asosan, soliq texnikumlari bitiruvchilari suhbat asosida 2-kursdan o‘qishga qabul qilinadi. Umumiy tartibdagi imtiyozlar Fiskal institutda ham mavjud, ammo alohida imtiyoz turlari loyihasi hozircha ishlab chiqilmagan.
– Raqamli iqtisodiyot jadallashuvi bilan O‘zbekistonga Fiskal institut kerak bo‘ladimi? Sohada raqamlashtirish jadallashgan sari inson omili kamayib boradi, ushbu dargohni bitirgan kadrlarga bozor qanchalik muhtoj?
– Ish jarayonining elektronlashuvi bilan sohada kadrlar qisqartirilishi tabiiy, ammo soliq tizimida kontingent – katta. Soliq tizimida respublika bo‘yicha 11 mingga yaqin shtat mavjud.
Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 73-74 foiz yoki 197 mingdan ortiq kichik biznes vakillarining buxgalterlari mavjud emas. Bu esa hisob-kitob yuritish, soliq majburiyatlarini bajarish va soliqlarni hisoblashda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Shuningdek, 2019 yilda yangi ochilgan xo‘jalik sub'yektlarining 20 foizi yoki 19 mingtasi birinchi yildan faoliyatini to‘xtatganligi fakti ham tizimda kadrlar taqchilligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, ayni paytda tizimda 3151 nafar o‘rta-maxsus ma'lumotli xodimlar faoliyat yuritmoqda. Bu har uch xodimdan biri oliy ma'lumotga ega emasligini anglatadi. Soliq organlarida ish 49ta axborot dasturdan foydalangan holda olib borilmoqda va xodimlardan dasturlar bilan ishlash talab etiladi. Biroq hozirga qadar hech bir oliy ta'lim muassasasida mazkur dasturlar o‘rgatilmas edi.
Undan tashqari, ushbu oliygoh faqat davlat soliq organlari uchun emas, xususiy sektor uchun ham kadrlar tayyorlashi hisobga olingan. Sobiq Soliq akademiyasida soliq va soliqqa tortish yo‘nalishida faqat davlat soliq organlariga kadrlar tayyorlangan. Fiskal institutda faqat davlat soliq organi emas, balki xususiy sektor, iqtisodiy kompleksga kiruvchi tashkilotlar uchun ham kadrlar tayyorlanadi.
– Bitta talabani o‘qitish xarajatlari qanday bo‘ladi, institutni tashkil etish xarajatlari-chi?
– Bitta talabani o‘qitish xarajati qabul kvotasidan kelib chiqib tasdiqlanadi. Institutga qabul parametrlari (qaysi yo‘nalishga qancha talaba qabul qilinishi) shu yilning mart-aprel oylarida tasdiqlanadi.
Institut binolarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari 2021 yil va kelgusi yillarda Ijtimoiy ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, institut binolarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun 56 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi (shundan, qurish va rekonstruksiya qilishga 50 mlrd so‘m, axborot kommunikatsiya texnikalariga va jihozlashga 6 mlrd so‘m).
– Fiskal institutni tashkil etishda qanday xorijiy tajribalar o‘rganildi?
– Dars jarayonlariga hamkor universitetdan yetakchi mutaxassislar jalb etilishi barobarida, institut pedagog xodimlari Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universitetida amaliyot o‘tash va malaka oshirish, hamkorlik asosida Rossiya Federatsiyasida ta'lim berish imkoniga ham ega bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘zaro talabalar almashinuvi, ya'ni o‘zbekistonlik talabalar Rossiyada, rossiyalik talabalar esa O‘zbekistonda tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik abituriyentlarning Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universitetiga bevosita qabuli ham yo‘lga qo‘yiladi.
– Fiskal institutda boshqa moliya-iqtisod yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan OTMlarda mavjud bo‘lmagan qanday yangi yo‘nalishlar ochilishi reja qilingan?
– Birinchi o‘quv yilidan 3ta yo‘nalishda: soliq va soliqqa tortish, buxgalteriya hisobi va audit, raqamli iqtisodiyot yo‘nalishida kadrlar tayyorlanadi.
O‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimiga o‘tgan OTMlarga beriladigan huquqlardan biri – ixtiyoriy ravishda yangi yo‘nalishlar ochish. Keyinchalik Fiskal institutda respublikadagi hech bir OTMda bo‘lmagan moliya va tijorat huquqi yo‘nalishini ochishni ham rejalashtirganmiz.
Shuningdek, coliqqa tortish va moliyaviy nazorat sohalari uchun bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar kredit-modul tizimi asosida tayyorlanadi, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlari takomillashtiriladi.
Bundan tashqari, o‘quv jarayoni malakali kadrlar tayyorlashni buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotning zamonaviy usullari, xalqaro soliqqa tortish, transfert narxlarni belgilash, tavakkalchiliklarni tahlil qilish, biznes-tahlil texnologiyalari (Business intelligence) va soliq ma'murchiligida ilg‘or axborot texnologiyalarini (Big data) qo‘llash asosida tashkil etiladi.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
18:35 / 03.10.2024