16:19 / 14.10.2020
3677

Pandemiya borasida falsafiy mushohadalar, mutolaadan uzoqlashish oqibatlari va e'tiborsiz qolgan o‘zbek tili - shoir Aziz Said bilan suhbat

Kun.uz sayti jamiyat, adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyoti masalalariga bag‘ishlangan turkum suhbatlar loyihasi doirasida shoir Aziz Said bilan intervyu uyushtirgan edi. Quyida uning ikkinchi qismi bilan tanishishingiz mumkin.

— Aziz aka, siz O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining davlat tili va ma'naviy-ma'rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi ham hisoblanasiz. Kuzatyapsizki, oxirgi vaqtlarda o‘zbek tili borasidagi chetdan turib aytilayotgan bahsli fikrlar, bu borada O‘zbekistonning ichki ishiga «burun suqish»lar nisbatan ortmoqda.

Xo‘sh, siz shu xalqning so‘z kishisi, adabiyotining jonkuyari sifatida bu bahslarga qanday qaraysiz hamda bu paytda qanday yo‘l tutilishi kerak?

— Quldorlik davrida ham quldor o‘z qulining qochib ketishini hech qachon xohlamagan. Shu ma'noda, biz uzoq yillar boshqa tilning quli sifatida yashab keldik.

Bilasiz, minglab ota bobolarimiz yuz yillar davomida shu tilimiz, erkimiz o‘zimizniki bo‘lsin, deb kurashdi, otildi.

Mustaqil bo‘lganimizdan keyin «O‘zbekiston respublikasining Davlat tili haqida»gi alohida qonunni qabul qildik. Lekin e'tibor bering, mana shunga ham 30 yil o‘tibdi. Lekin biz nima qilyapmiz? Hamon chora-tadbir, rejalashtirishdan nariga o‘tmayapmiz.

Kurslar ochamiz, qo‘llanmalar chiqaramiz, xullas yana nimalardir qilamiz, ishlayapmiz go‘yo. Bu nima degan gap? Odam o‘zining uyida, o‘z tilida gapirishi uchun ham chora tadbirlar qilishi kerakmi? Majlis qilishi kerakmi? Ko‘chalarga targ‘ibot materiallarini osishi kerakmi? Nega o‘z uyimizda o‘zbekcha gapiraylik, deb e'lon osishimiz kerak? O‘ttiz yil o‘tyapti-ku, bu sharmandalik emasmi?

Bu bizning illatimiz, bu bizning kamchiligimiz. O‘zimiz loqayd bo‘lib keldik shunday katta masalaga.

Mana endi-endi ongimiz o‘ziga kelayotgandek. Lekin shunda ham bu ishlarni prezident talab qilganidan keyin boshlayapmiz.

Hayron qolasiz, bizda prezident shu masalani ko‘targancha ham shu millat vakillari, vazifa egasi, mas'ul bo‘lgan idoralar, javobgar vazirlik va qonunlarimiz bor edi-ku. Konstitutsiya bor edi-ku. Ular o‘z-o‘zidan ishlashi kerak emasmidi?

To‘g‘ri, qonunni buzadiganlar, unga amal qilmaydiganlar hamma yurtda bor. Lekin nega ularni bor qonunlarimiz bilan jazolamadik, jazolamayapmiz? Bizda ham huquq organlari bor-ku. Ularni nega qonun himoyachilari deymiz? Yo‘llarda kimdir avtomobil kamarini taqmasa, ortidan quvib borib ushlayapti-ku ular. Nega til bo‘yicha qonunlarni buzganlarni hech kim jazolamayapti? Davlatimizni chegarasi-ku bu masala, suverenitet masalasi, davlatning davlat ekanligini belgilovchi masala-ku bu.

Davlat tili mavzusida Abdulla Qahhorning ham gaplarini yaxshi bilasiz.

Xullas, biz davlat tili masalasida qonunlarni mukammal qilib qo‘ydik, lekin ularning ijrosi qilinmadi. Bunga javobgarlar ishlamadi.

Shov-shuvli fikrlarga kelsak, uning maxsus buyurtmachilari va ijrochilari bor.

Yaqinda prezident Mirziyoyev BMTning navbatdagi sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Siz g‘ururlandingizmi? Men faxrlandim. O‘ylaymanki, millionlab insonlar faxrlandi, ko‘ziga yosh ham oldi.

Fikrimcha, shu kabi bitta amaliyot milliardlab pullar sarflanadigan minglab tadbirlardan ustun, odamlarga ko‘proq g‘urur berdi. Chegaralarimiz atrofida yashaydigan o‘zbeklarga ham g‘urur berdi.

Butun dunyo minglab millatlar ichida o‘zbek degan millat ham borligi, uning ham o‘z tili borligini bildi. Mumkin ekan-ku.

O‘zbek tiliga nisbatan odamlarda pisandsizlikni uyg‘otuvchi holatlardan yana biri bu ko‘chalarimizni egallagan turli tildagi reklamalar, yozuvlar va imlo xatoliklariga to‘la e'lonlar deb hisoblayman.

Odam o‘z ko‘ziga ishonadi. Tasavvur qiling, bolaga til borasida qancha gapirib, qancha ta'lim bermaylik, u ko‘chadagi xato e'lonni ko‘rar ekan, gapimiz befoyda ketaveradi.

Masalan, ko‘chadagi «ostanovka» yozuvi. Biz farzandimizga million marta «ostanovka» emas, «bekat» deb o‘rgataylik, gapimiz baribir befoyda ketaveradi. Buni ko‘z sabog‘i deydilar. Bu bo‘yicha o‘zbeklarda «ming marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan afzal» degan maqol bor.

Til masalasi shunday. Bir qarasangiz, men aytayotgan narsalarni, ko‘chadagi sharmandali e'lonlarni bir haftada to‘g‘rilash mumkin. Bir qarasangiz, uni o‘zimiz murakkabga aylantirishimiz mumkin. Majlislar, yig‘ilishlar, maqolalar, chora-tadbirlar...Lekin natija qani? Undan ko‘ra amaliy ishga o‘taylik, bor muammoni joyiga borib hal qilaylik-da. Qachongacha ishni yana noldan boshlayveramiz?

Savodsizlik, tilga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishning yana bir yo‘li —maktablarda o‘zbek tili va adabiyotni o‘qitish soatlarini ko‘paytirish.

Tilni morfologiya, grammatika, sinonim, antonim darslari, mavzulari ham ko‘pam o‘rgatmaydi. Bu qoidalar va ularga juda chuqurlashaverish ham shart emas. Insonga tilini, ahloqni o‘rgatadigan narsa bu — adabiyot. Adabiyotni o‘quvchiga ko‘proq o‘rgatish kerak. Kitob o‘qitish kerak. Shuningdek, o‘quvchilarga har qanday imtihonlarda insho yozish topshirig‘i berilmas ekan, u kitob o‘qimaydi.

To‘g‘ri, bu jarayonda bitta og‘ir ish bo‘lar, lekin biz ertaga tili, uning buzilishi haqida qayg‘urmaymiz. Bolalarimiz kitob o‘qimay qo‘ydi, deb qayg‘urmaymiz.

O‘ylashimcha, yana bir jihatga e'tiborimizni qaratishimiz kerak. Oxirgi yillarda O‘zbekistonda xorijiy oliy ta'lim muassasalarining filiallari ko‘payib bormoqda.

Xo‘sh, ularning qaysi birida o‘zbek tili o‘qitilyapti? Javob yo‘q.

Nega ular o‘zbek tilini o‘qimayapti? Nega ularga o‘zbek tilidan ham imtihonlar qo‘yilmayapti? Axir, bizning yoshlarimiz qaysi davlatga o‘qish uchun borsa, avval shu davlat tilini o‘rganadi va undan keyin imtihon topshiradi-ku. Hammasida shunday. Bizning yoshlar Ruminiyaga borsa rumin, Bolgariyaga borsa bolgar, Britaniyaga borsa ingliz, Xitoyga borsa xitoy tilini o‘rganishga majbur. Kim bizga o‘zbek tilini o‘rganib kelyapti?

Bu borada ota-onalarda ham til borasida o‘ylov, fikrlash bo‘lishi kerak. Mana masalan, bola rus maktabda o‘qib chiqdi. U oliy ta'lim muassasasiga kiradi. U yerda ham o‘zbek tili o‘qitilmaydi. U qaysi davlatni yoki qaysi millat tilini himoya qiladi? Ertaga biror joyda o‘zbek tilini himoya qiladimi? Axir, tilni yaxshi bilmaydi-ku. U o‘zbekcha tarbiya ko‘rmadi-ku.

— Bugun yoshlar, millat gazeta, jurnal o‘qimaslikda ko‘p ayblanyapti. Bu borada ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlari asosiy «aybdor» sifatida ko‘rsatilyapti.

Aziz aka, siz ham ko‘p yillar gazeta va jurnallarda ishlagan, rahbarlik qilgan inson sifatida o‘quvchining gazeta jurnaldan uzoqlashishi sabablarini faqat internetda deb o‘ylaysizmi? Ya'ni, bunga jurnallarimiz o‘zi ham qandaydir ma'noda aybdor emasmikan?

Siz badiiyatni yaxshi tushungan insonsiz, ayting-chi, 1980-90 yillardagi «Sharq yulduzi» bilan hozirgi «Sharq yulduzi»ni, bir paytlar hatto yarim million tirajda sotilgan «Adabiyot va san'at» bilan bugungi «Adabiyot va san'at»ni, «Yosh kuchni», «Yoshlik»ni bugungisi bilan farqini qanday baholaysiz? Badiiy nashrlarning bugungi saviyasi haqiqatda o‘sha biz aytgan davrlar saviyasiga mosmikin?

— Insonda mutolaaga ehtiyoj holati bor. Agar odamda mutolaaga ehtiyoj bo‘lsa, hech bir sabab uni kitob o‘qishdan qaytarolmaydi.

Siz 1980-90 yillar haqida so‘z ochdingiz. U yillarda mutolaa qilmaydigan, qaysidir a'zosi uyga gazeta ko‘tarib kirmaydigan oila deyarli topilmasdi. Gazeta, jurnallar har bir oila, ovul, shiypon va maktablarga yetib borardi.

Ular shunchaki tarqatilmasdi, balki mutolaa qilinardi.

Masalan, o‘sha yillarning har bir ziyoli kishisi yaxshi eslasa kerak, «Sharq yulduzi», «Adabiyot va san'at», «Literaturnaya gazeta», «Novyy mir», «Drujba narodov», «Inostrannaya literatura» nomli qalin-qalin gazeta va adabiy jurnallar bo‘lardi. Yozuvchi, olim, umuman juda ko‘pchilikda biz yuqorida aytganimiz, mutolaaga ehtiyoji bor edi. Odamlar mutolaaga vaqt topardi. Lekin insonda axborot olish ehtiyoji ham borki, bu o‘rin to‘liq qondirilmasdi. Buni ta'minlashga gazeta, jurnaldan tashqari boshqa vositalar yo‘q edi. U paytlarda yuzlab telekanallar va odamlarning ongini chalg‘itadigan yuzlab teleseriallar ham yo‘q edi.

Bu soha juda qisqa muddatda, keyinroq rivojlanib ketdi.

Ikkinchidan, biz mustaqillikka erishgach, umuman boshqacha ijtimoiy formatsiyaga o‘tdik. Bizning muammolarimiz o‘zgardi. Ular tirikchilik va yashash kabi o‘ylarga almashdi. Bu o‘ylar, muammolar bizning o‘sha 1980-90 yillarda mutolaaga ajratgan vaqtimizni to‘liq egalladi, yutib yubordi.

Odamlar mutolaa qilish, fikrlash o‘rniga tirikchilik uchun vositalar qidirishga o‘tib ketdi. Bu esa kundalik odatga aylandi. Odamlar tirikchilik ortidan quvar ekan, mutolaa esdan chiqa boshladi.

Texnika rivojlanishi va inson qo‘lida telefonlar paydo bo‘lishi bilan esa unda boshqa imkoniyatlar paydo bo‘la boshladi.

Maktablarda ham huddi shunday bo‘ldi. Kutubxonalarda kitobga talab tusha boshladi.

Yana bir holat bo‘ldiki, unga ko‘ra, juda ko‘p kitoblar pastdagi rahbarlarning o‘ylab ko‘rmay, kommunistik va sho‘ro davri idealogiyasini yo‘qotamiz degan fikrlari bilan yo‘q qilindi. Yoqildi, makulatura qilindi.

Oqibatda nima bo‘ldi? Yoppasiga kutubxonalar bo‘shatildi. Bunda kitobning farqi yo‘q edi. Uning muqaddimasiga kommunizm davridan qaysidir fikr berilgan bo‘lsa bo‘ldi edi. Navoiyning kitobi bo‘lmaydimi, yo‘qotildi.

Millat o‘qimay qo‘yganiga birinchi sabab shu — bozor iqtisodiyotiga yelib yugurish.

Ikkinchidan odamlarda kitobga ehtiyoj yo‘qoldi. Nega siz kitob o‘qishingiz kerak? Axir, test yodlasangiz va imtihonda test yechib bersangiz bo‘ldi-ku.

Bunda badiiy asar o‘qishdan ko‘ra, ellikta test yodlash foydaliroq bo‘lib qoldi. Yana badiiy asar o‘qishdan ko‘ra, undagi nechta qahramon bor ekanligini testdan yodlash foydaliroq bo‘ldi.

Bugun biz yoshlarda shu ehtiyojni paydo qilishimiz kerak. Yuqorida aytganimizdek, imtihonlarda insho yozish amaliyoti bo‘lishi kerak. Bu har qanday yo‘nalishda bo‘lishi kerak. Mutolaani qaytarishning yo‘li shu. Odamda insho yozish uchun kitob o‘qishga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Siz bugun biror kishining qo‘liga 10ta kitob bering va shu kitoblarni o‘qisang bir haftadan keyin Parijga o‘qishga kirasan, deng. U shu 10ta kitobni bir haftada emas, to‘rt kunda o‘qib chiqadi. U insho ham yozadi. Fikrlashga o‘rganadi. Ehtiyoj odamni hamma narsaga o‘rgatadi.

Odamlar adabiy jurnallar, gazetalarni o‘qimay qo‘yganiga sabab faqat internet emas. Bu odamning irodasiga bog‘liq narsa. Uni quliga aylanmagan bo‘lsangiz. Masalan, uni istagan paytda o‘chirib qo‘yib, kitob o‘qishingiz mumkin.

Bu yerda o‘sha biz aytayotgan gazeta va jurnallar bizgacha yetib kelyaptimi degan gap ham bor. Hozir ayrim kishilar, hatto ziyoli kishilar «Sharq yulduzi» haliyam chiqyaptimi, deb hayron bo‘lib so‘rab qoladi. Ular bu jurnallarni hozir ham chiqayotganini, borligini bilmaydi.

Hozir O‘zbekistondagi eng katta adabiy jurnallarimiz adadi ham 1000tadan biroz oshsa oshadiki, ko‘p emas.

Mana, nihoyat, oxirgi vaqtlarda prezident bu masalaga e'tibor qaratyapti va adabiy jurnallar maktablarga ham yetib borsin, degan topshiriqlar beryapti.

O‘zingiz o‘ylang, maktabdagi adabiyot o‘qituvchisi o‘zi 1 dona jurnal o‘qimasa, adabiy yangiliklarni bilmasa, u qanday qilib maktabda adabiyotni boshqalarga o‘rgatadi? Hech kim shu savolni o‘ziga-o‘zi bermayapti. Bahona tayyor, majburiy obuna mumkin emas.

Jurnallarning saviyasi masalasiga kelsak. Ular saviya masalasida talabga javob beradi. «Sharq yulduzi» ham, «Yoshlik» ham, «Jahon adabiyoti» ham. Hatto o‘sha davrlardagidan ko‘ra yaxshiroq javob beradi. Gap uni o‘qishda. Sababi, hozir asarlar horijiy tillardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilinyapti.

Jurnallardagi romanlar, chiqayotgan asarlar, adabiyotimiz qayoqqa ketayotgani, undagi tendensiyalar, barcha-barchasi jurnallarimizda ko‘rinib turibdi. Shularni o‘qib hammasini bilib olish mumkin. Hozirgi yoshlarimizning jurnallarda chiqayotgan she'rlaridagi daraja o‘sha paytlardagidan ko‘ra balandroq ham. Bellashadi o‘sha davrdagi she'rlar bilan.

— 2019 yilni noyabr oyidan boshlab insoniyat boshiga katta bir sinov tushdi. Bu koronavirus pandemiyasi sinovi.

Afsuski, bir qarashda aql idrokda, texnologiyalarda katta-katta evrilishlar qilgan, bu bilan havolanib ko‘ksiga musht urayotgan inson hali hamon shu ko‘zga ko‘rinmas darajada kichik virusni yengishni udda qilolmayapti.

Aziz aka, nazarimda, bu balolar o‘z-o‘zidan ham kelayotgani yo‘q va agar qandaydir falsafiy mushohadalar, tafakkur qilinadigan bo‘lsa, uning kelib chiqish sabablari ham topiladigandek.

Aytingchi, yangi asrimizning yaqin o‘n yilliklarida insoniyat fe'l atvorida nimalar o‘zgardi, qanday salbiy evrilishlar ro‘y berdiki, uning boshiga bunday balo yog‘ilmoqda. Xo‘sh, bu ofat insoniyatga nimalarni o‘rgatishi kerak?

— Bu haqdagi mulohazalar juda ko‘p bo‘lyapti. Uni falsafiy, diniy va insonning fikrlash, tafakkur qilish jihatlaridan kelib chiqib ko‘p tahlil qilishyapti.

O‘ylashimcha, buni koronavirus bilan bog‘laymizmi-yo‘qmi, insoniyat texnokratiyaning eng oliy bosqichiga chiqqan oxirgi o‘n yillikda juda ko‘p fazilatlaridan mahrum bo‘lib boshladi. Rahmdillik yo‘qoldi. Biz hozir Suriya yoki boshqa bir davlatda bo‘layotgan urushlarni, qon to‘kishlarni unga fakt sifatida qarashga o‘rganib qoldik. Nari borsa, shu yerda jiddiy urush bo‘lyapti, qon to‘kilyapti, shu yerda hech urush tugamadi-da deb qo‘yamiz. Yuragimiz insoniyatning falokatlari uchun yig‘lamay qo‘ydi.

Rostgo‘ylik yo‘qoldi, yolg‘on ko‘paydi. Bu ishlar gunoh emas, oddiy ishday qabul qilinadigan bo‘lib qoldi. Bu narsalar yashash qonuniyatiga aylanib qoldi. Tabiiy qabul qilinyapti.

Odamlar birovning haqidan qo‘rqmay qo‘ydi. O‘g‘rilik (u faqat mol emas, vaqt, xalqning haqi, hissiyot, tuyg‘ular) ko‘paydi. Hatto shunday bo‘ldiki, pandemiya vaqtida yordamga muhtojlar uchun atalgan moddiy vositalar o‘g‘rilana boshladi. Buni men insoniyat deb gapiryapman, lekin ota-onaga, aka-ukaga, dini-diyonatga xiyonatlar ko‘paydi. Biz shungacha yetib keldik. Shu nuqsonlarimiz bor ekan, shu kungacha yetib kelibmiz. Virus shularni bizga eslatdi.

Mana endi qadr-qimmat va boshqa ezgu tuyg‘ular sal qadrlanyapti. Odamlar birovni emas, o‘zini ham baholashi kerakligini esga oldi.

Insonlar men oxirgi marta kimga yaxshilik qildim, deb o‘ylab boshladi. U tushundiki, faqat moddiy emas, ruhoniy hayot ham bor. Chunki odam qachon o‘lim bilan yuzma-yuz kelsa ruhoniy xayollar qila boshlaydi.

Allohning chorasi ko‘p. U istagan shaklda bandasini ogohlantirib qo‘ya oladi. Bu ham shunday ogohlantirishlar biri deb o‘ylayman.

Buni Allohning insonlarga qarata «Hammang ham bir odam ato, momo havoning bolasisan, hamjihat bo‘l!», degan kalomidek tushundim.

Mana, odamzod bir odam ekanki, AQSh bizga yordam yuboryapti, Rossiyadan boshqa davlatga, bizdan Xitoyga yoki Turkiyadan yana boshqa yurtga yordam boryapti. To‘g‘ri, buni nomi siyosat deyilar, lekin baribir, inson bir-biriga yordam beryapti-ku. Shu tuyg‘ular bor ekan-ku, odamzod bir-biri bilan do‘st bo‘lib yashasa ham bo‘larkan-ku. U bir biriga faqat tosh, avtomatdan o‘q emas, yordam yuborsa ham bo‘lar ekan-ku.

Inson bir davlatdan ikkinchisiga borsa, yangi madaniyat, urf-odatlarni ko‘rib xursand bo‘ladi.

Inson nemismi, italyanmi, inglizmi, u baribir inson. Pandemiya shularni yana bir eslatdi.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid
Top