Dam olish kunlari issiq harorat saqlanib qoladi
22-23 iyun kunlari O‘zbekiston bo‘yicha harorat foni o‘zgarmaydi, kechalari +20...+25 daraja, kunduzi +34...+39 daraja issiq atrofida bo‘ladi.
Dam olish kunlari - 22-23 iyunda O‘zbekiston hududi bo‘yicha harorat foni o‘zgarmaydi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, juma kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha issiq ob-havo saqlanib turadi, harorat +34...+39 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +41 darajagacha bo‘ladi. Asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat O‘zbekistonning markaziy va sharqiy hududlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kunning ikkinchi yarmida havo bulutli bo‘lishi kutilmoqda, ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Shanba, yakshanba kunlari harorat kechalari +20...+25 daraja, kunduz kunlari +34...+39 daraja issiq atrofida bo‘ladi. Respublika tekislik hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida, shuningdek, 22 iyun, shanba kuni Xorazm viloyatida, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Sharqiy yo‘nalishdagi shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Tog‘li hududlarda beqaror ob-havo saqlanib turadi, ba’zi joylarda qisqa muddatli jala yog‘ib o‘tadi, momaqaldiroq bo‘ladi. Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Poytaxtda juma kunining ikkinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +35...+37 daraja issiq bo‘ladi.
Shanba va yakshanba kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechalari +23...+25 daraja, kunduz kunlari +36...+38 daraja issiq bo‘ladi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi, 12−14 m/s gacha kuchayishi mumkin.