O‘zbekiston | 13:26 / 10.12.2019
39677
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda chet elliklarni ro‘yxatdan o‘tkazish bekor qilinadi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida prezidentning «Turizm sohasida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2020 yil 1 iyuldan boshlab viza (vizasiz) rejim muddati ichida, ammo 30 kundan oshmagan holda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tkazilishini bekor qilish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyi oxirida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev chet el fuqarolarini migratsiya politsiyasi organlarida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazishni bekor qilish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan edi.

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy siyosatda hukumat va hokimlar faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri - bu Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarining standartlari hamda tamoyillarini jadal amalga oshirish. Davlat rahbari buni nafaqat sohaviy yondashuvlar darajasida, balki mintaqalarda ham amalga oshirish kerakligini ta'kidladi.

«Darvoqe, IHTT standartlari haqida. Agar biz haqiqatdan ham yirik shaharlar va umuman mamlakatning investitsiyaviy hamda sayyohlik jozibadorligini oshirishni istasak, chet el fuqarolarini migratsiya politsiyasi idoralarida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish kabi anaxronizmdan (o‘z zamonasiga mos kelmaydigan eski qarashlar - tah. izohi) xalos bo‘lishimiz kerak. Majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish - chet ellik mehmonlar uchun noqulaylikdan tashqari, katta korrupsiya manbai bo‘lib, bu mamlakatning va butun Olmaotaning obro‘siga salbiy ta'sir qiladi», - dedi Qosim-Jomart To‘qayev.

Qozog‘iston prezidentining ta'kidlashicha, chet ellik mehmonlarning chegara nazoratidan o‘tishining o‘zi migratsion rasmiylashtirishdir.

«Biz juda ko‘p gapirayotgan raqamlashtirish nimani anglatadi? Hukumat bu masalani yangi yilga qadar hal qilishi kerak. Ichki ishlar vazirining ta'kidlashicha, biz bunga tayyormiz», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi davlat rahbari.

Amaldagi qoidalarga muvofiq, chet elliklar Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tgan kundan boshlab besh kun ichida ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tishlari shart. 

Mavzuga oid