22:04 / 06.08.2020
2677

Anjyey Duda ikkinchi muddatga Polsha prezidenti lavozimini egalladi 

Polshaning ikkinchi muddatga qayta saylangan prezidenti Andey Dudaning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Tantanali marosim 6 avgustda Polsha parlamentining quyi palatasi – Seymning yig‘ilishlar zalida bo‘lib o‘tdi.

Mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, Duda Milliy yig‘in oldida prezident qasamyodini keltirgan.

Inauguratsiyada an'anaviy ravishda deputatlar va senatorlar, hukumat, diniy tashkilotlar, qurolli kuchlar vakillari, xorijiy diplomatlar ishtirok etgan. Shu bilan birga, marosimga taklif qilingan ko‘plab siyosatchilar unda ishtirok etishdan bosh tortishgan. Ulardan ba'zilari buni siyosiy nuqtayi nazardan qilishgan bo‘lsa, ba'zilari esa pandemiya sababli marosimga kelishmagan.    

Koronavirus sababli inauguratsiya sanitariya choralariga rioya qilingan holda o‘tgan. Ko‘pchilik, jumladan Duda va uning rafiqasi himoya niqoblarida bo‘lgan.

Duda Polshadagi prezident saylovlarining 2-bosqichida kichik farq bilan raqibi - Varshava meri Rafal Tshaskovskiyni ortda qoldirgandi. Duda uchun 51,03 foiz, Tshaskovskiyga esa 48,97 foiz saylovchilar ovoz bergan.  

Duda prezident lavozimini yana 5 yil davomida egallaydi.

Mavzuga oid
Top