Samarqand rasmiylarining Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasidagi tadbir 88 mln so‘mga tushdi
Nukus tumanini rivojlantirishga yordam berish vazifasi Samarqand viloyati hokimligiga yuklatilgan. Hokimlik delegatsiyasining tumanga tashrifi vaqtida ularning bir mahal kechki ovqati, sahna bezaklari va boshqa xarajatlar uchun Qoraqalpog‘iston hukumati budjetdan 87 907 898 so‘m sarfladi.
Rasmiy farmoyishda keltirilgan summa umumlashtirib yozilgani ma’lum bo‘lgach, xabar tahrirlandi.
2022 yil boshidan yo‘lga qo‘yilgan amaliyotga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning tuman-shaharlariga Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklariga biriktirib berilgan. Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga Nukus tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yordam berish vazifasi yuklatilgan.
Turdimov boshchiligidagi Samarqand viloyati delegatsiyasi 16 oktyabr kuni Nukus tumanida bo‘lib, prezident tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi va samarqandliklar tomonidan Nukus tumanida qilingan ishlar bilan tanishdi.
E’tiborlisi, bu tashrif doirasidagi rasmiy tadbir va mehmonlarning ovqatlanishi uchun Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi 87 million 907 ming 898 so‘m ajratgan. Bu haqda 2 noyabr kuni kengash raisi Qahramon Sariyevning farmoyishi qabul qilingan.
Farmoyishga Nukus tumani hokimligi va Qoraqalpog‘iston Moliya vazirligining xatlari asos bo‘lgani aytiladi. Hujjatda delegatsiyaning kechki ovqati uchun sarflangan qariyb 88 mln so‘m Vazirlar Kengashining zaxira fondi hisobidan Nukus tumani hokimligi hisobiga o‘tkazib berilishi ta’kidlanadi.
Vazirlar Kengashidan Kun.uz'ga ma’lum qilinishicha, yuqoridagi qarorda summa umumiy qilib yozilgan bo‘lib, uning negizida mehmonlarning ovqatlanish uchun 42 mln 570 ming so‘m, sahna bezaklari uchun 19 mln 337 ming so‘m, LED-ekranlar uchun 12 mln so‘m, transport vositalari uchun 14 mln so‘m ajratilgan.
Tashrif tafsilotlari
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, Nukus tumanini 2022-2024 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash, qurilish-bunyodkorlik ishlari, yangi korxonalarni ishga tushirish va ish o‘rinlari yaratish, bir so‘z bilan aytganda, har tomonlama rivojlantirish uchun Samarqand viloyati tomonidan 898,5 milliard so‘mlik loyihalar ishlab chiqilgan.
Erkinjon Turdimovning Qoraqalpog‘istonga 16 oktyabrdagi tashrifi chog‘ida Nukus tumanida ilk obekt – qiymati 7,2 milliard so‘mlik loyiha asosida 6,5 gektar maydonda bunyod etilgan “Xotira maydoni” foydalanishga topshirilgan.
Shuningdek, o‘sha kuni 52 milliard so‘mlik loyiha asosida barpo etilgan “Dehqon bozori” ham rasman ish boshlagan. Bozorda 115 ta do‘kon va 500 ta savdo rastasi bor.
Samarqandlik tadbirkorlar tomonidan Nukus tumanida 12,0 milliard so‘m mablag‘ sarflanib qurilgan Imom Eshon masjidi ham 16 oktyabr kuni foydalanishga topshirilgan.
Bundan tashqari, samarqandlik tadbirkorlar tomonidan “Oqmang‘it” shaharcha fuqarolar yig‘ini binosi va oqmang‘itlik yoshlar uchun Axborot kutubxona markazi qurib berilgan.
Erkinjon Turdimov 17 oktabr kuni Samarqandga qaytib kelgan va xalq deputatlari Nurobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etgan.
Mavzuga oid
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
15:06 / 01.11.2024
Samarqand viloyatida isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlandi
10:59 / 25.10.2024
Samarqand viloyati aholisi 4,3 mln kishiga yaqinlashdi
15:49 / 02.10.2024