Andijon shahridagi yangi ko‘rinish kashf etgan qadimiy masjiddan reportaj
Andijon shahrida uch yildan beri kapital-rekonstruksiya ishlari olib borilgan Bosh jome masjidi prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifi davomida foydalanishga topshirilib, 18 iyun kuni bu yerda juma namozi ado qilindi. U bir vaqtning o‘zida 15 ming namozxonga xizmat qiladigan vodiydagi eng katta masjidga aylandi.
Yangi bino qadimiy chor ayvon va chor darvoza uslubida barpo etilgan. Uning ikki chetida balandligi 54 metrlik minoralar, asosiy binoning tepa qismida diametri 18 metrli gumbaz qurilgan.
17 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida jome masjidini borib ko‘rdi. Shu yerda ulamo va imom-xatiblar bilan muloqot bo‘ldi.
- Hamma joylarda muqaddas ziyoratgohlarni obod qilish, yangi masjid va ma'rifat markazlari qurishga e'tibor qaratyapmiz. Bunday xayrli ishlarni davom ettiramiz. Mo‘min-musulmonlar bu yerga kelib, ibodatlarni emin-erkin bajarib, shukronalik bilan xalqimizni duolar qilsa, nur ustiga nur, - dedi davlat rahbari.