Jamiyat | 13:37 / 30.04.2024
19969
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida ikki yigit taksi haydovchisining joniga qasd qilmoqchi bo‘ldi

Ular taksi haydovchisini oshxona pichog‘i bilan jarohatlab, uni bo‘g‘ishayotganda Yangiyo‘l tumani IIB tungi navbatchilik guruhining to‘rt nafar a’zosi kelib qolgan va yigitlar qo‘lga olingan.

Foto: Sun’iy intellekt chizgan surat

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hududida ikki nafar shaxs taksi haydovchisining joniga qasd qilishga urinayotganda qo‘lga olingan. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yil 27 aprel kuni soat 23:30 larda 20 yoshli Z.M. va 18 yoshli D.M. qasddan odam o‘ldirish va o‘zganing mulkini egallash maqsadida oshxona pichog‘i bilan qurollanib, Toshkent shahridagi metro bekatlardan birining oldida ilova orqali taksiga buyurtma bergan.

Shunda ularning chaqiruviga asosan 56 yoshli Ch.A. Jentra mashinasi bilan yetib kelgan. Yigitlar oldindan tuzilgan rejaga muvofiq taksini Toshkent-Termiz avtomobil yo‘li orqali Yangiyo‘l tumani hududiga yo‘naltirgan.

Taxminan soat 01:00 larda “Chamanzor” MFY hududiga yetib kelib, tokzor ichiga kirgach, yigitlar mashinani to‘xtatgan. Z.M. haydovchining qo‘llaridan ushlab, orqa o‘rindiqda o‘tirgan D.M. esa oshxona pichog‘i bilan haydovchining bo‘yin qismiga urib, uni bo‘g‘a boshlaydi.

Shu payt tuman IIB tungi navbatchilik guruhining to‘rt nafar a’zosi kelib qoladi va yigitlar qo‘lga olinadi.

Dastlabki surishtiruvda Z.M. Toshkent axborot va texnologiya universiteti, D.M. esa Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 1-bosqich talabalari ekani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Yangiyo‘l tuman prokuraturasi tomonidan Z.M. va D.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi “i”, “p” bandlari va 164-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan ayblov e’lon qilingan. Yigitlar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid