12:01 / 17.07.2023
17587

Hafta o‘rtasidan harorat foni pasayishi kutilmoqda

O‘tgan dam olish kunlari harorat tartibi bo‘yicha yoz faslining o‘rtasi uchun nisbatan qulay bo‘ldi. Kunduzgi havo harorati +34...+37 daraja atrofida, hatto eng janubiy hududlar bo‘yicha ham +40 darajadan ko‘tarilmadi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, joriy hafta davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha haroratning nisbatan o‘zgarib turishi kutilmaydi. Hafta boshi biroz issiq – kunduz kunlari +35...+40 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda +42...+44 daraja bo‘ladi. Hafta o‘rtasidan harorat foni +33...+38 darajagacha biroz pasayishi kutilmoqda. Respublika janubida ham harorat +2...+3 darajaga pasayadi.

Ushbu hafta davomida hududning katta qismi bo‘yicha asosan quruq va kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 17 iyulda va 18 iyulga o‘tar kechasi, shuningdek 19-21 iyul kunlari O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

17-18 iyul kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 19-20 iyul kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Poytaxtda havo kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi, 19-20 iyulda 12-15 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin. Harorat kunduz kunlari asosan +37...+40 daraja, so‘ngra ish haftasi oxirigacha +36...+38 daraja bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top