"Arzon tarif qilamiz deb, korrupsion tizimni o‘zimiz yaratdik" – tadbirdan reportaj
"O‘zbekiston temir yo‘llari" raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatilla Rahmetovning aytishicha, chipta narxlari arzonligi uning qo‘lma-qo‘l bo‘lib, chayqovchilar tomonidan bemalol sotilishiga zamin yaratgan. “Agar bu borada jarimani oshirmasak, ko‘cha to‘la “spekulyant”lar chiptalarni olishadi, yo‘lovchilar esa manziliga borolmay qoladi”,– deydi u.
20 oktyabrdan O‘zbekistonda tezyurar hamda “Afrosiyob” poyezdining chipta narxlari mos ravishda 50 va 100 foizga oshiriladi. Mamlakatda boshqa alternativ variantlarga nisbatan aholining katta qismi temiryo‘l xizmatlaridan foydalanadi. Shu bois ham narxlar oshirilishi odamlar tomonidan ijobiy kutib olinmasligi aniq edi.
Xo‘sh, mas’ullar bu jarayonda fuqarolarning to‘lov qobiliyati va boshqa jihatlarni qanchalik inobatga olgan? Narxlar oshirilganidan so‘ng keyingi qadamlar qanday bo‘ladi? Chipta sotib olishdagi noshaffoflikka qachon barham beriladi?
14 oktyabr kuni “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ mas’ullari bilan o‘tgan matbuot anjumanida shularga aniqlik kiritildi. Dastlab AJ raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatilla Rahmetov narxlar masalasida o‘z munosabatini bildirdi.
Uning aytishicha, temiryo‘lda narxlar oxirgi 6 yil, ya’ni 2017 yildan beri oshirilmay kelgan. Shu bois ham sohaning yuk tashish va yo‘lovchi tashish faoliyati zararga ishlagan.
“Mamlakat ichida yuk tashish bo‘yicha zarar deyarli 80 foizga yaqinlashgan. Bugungi kunda O‘zbekiston temiryo‘llarida yo‘lovchi tashish narxlari dunyo miqyosida eng pasti sanaladi. Agar internetdan bizdan ham past narxda, xuddi shu xizmatlarda ishlaydiganini topsangiz, bizga shuni ko‘rsatib beringlar.
Biz eng qoloq davlat emasmiz-ku, nima sabab eng past narxdamiz? Chunki davlat rahbarimiz shu narsaning bo‘lishini xohladilar, talab qildilar. Yuk tashishda ham biz dunyoda eng arzonimiz.
Xitoyni qaraydigan bo‘lsak, bu davlatdan 2 barobarga, Rossiyadan 3 barobarga arzonmiz. Biz yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdimizda berayotgan xizmatlar Rossiyada yo‘q”, – deydi u.
Birinchi o‘rinbosarning qo‘shimcha qilishicha, xorij davlatlari temiryo‘l poyezdlarining VIP’lari O‘zbekistonnikiga nisbatan yaxshi emas. O‘rindiqlari kichkina, gradusi bo‘yicha esa bukilmaydi. “Servislarda esa yo‘lovchilarga hech narsa berilmaydi, hatto suv ham ololmaysizlar”, – deydi Hikmatilla Rahmetov.
O‘rinbosar narxlar oshirilishi masalasi haqidagi fikrlarini yakunlagach, yaqinda tarmoqlarda gollandiyalik blogerning korrupsion yo‘l orqali poyezdning biznes klassidan joy olgani aytilgan videoga munosabatini bildirdi. Rahmetov bu vaziyatda xodimlarni jazolash chora bo‘lmasligini, balki boshqa yechim ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Ya’ni endilikda poyezdlarda ekonom klassdan biznes klassga o‘tish uchun “upgrade” tizimidan foydalanish mumkin.
“Ya’ni ekonom klassda ketayotgan yo‘lovchi biznes klassda joy borligini ko‘rsa, o‘sha yerning o‘zida biznes klassning pulini to‘lab, qonun doirasida shu joyga kiraveradi. U to‘lagan pul esa budjetga, soliqqa tushaveradi. Endilikda rasman shu narsani joriy etamiz. Bu – ham bir foyda”, – dedi u.
Izohi davomida Rahmetov chiptalarning qo‘lma-qo‘l bo‘lib, chayqovchilar tomonidan sotilayotganiga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, chipta narxlarining arzonligi mana shu muammoning ham yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.
“Oxirgi 3 oyda yo‘lovchi oqimi uchun chiptalar sonini 35 foizga ko‘paytirib berdik. Ko‘p savollar bilet ololmaslik, qo‘ldan olishayotgani bilan bog‘lanardi. Uni ham yo‘q qildik, ammo to‘liq emas, afsuski. Hech qaysi odamning davlatdan bilet olib, uning sutiga pul qo‘yib xalqqa sotishga haqqi yo‘q. Faqat sotqin bu ishni qiladi.
Hamma bizni tanqid qiladi, nimaga bilet olib bo‘lmasligini hozir sizlarga aytsam, yana xalqqa yaxshilik qilamiz deb shu narsaga olib kelib qo‘yganimizni tushunasizlar. Chiptalarimiz shu qadar arzonki, ba’zi odamlar shu biletni sotib olib, ustiga yana qo‘yib boshqalarga sotadi, sotolmasa, poyezd ketishidan oldin jarimasini to‘lab qaytarib beradi. Odamlarga arzon tariflar qilamiz deb, o‘zimiz mana shu korrupsion tizimni yaratdik. Mana sizlarga oqibat.
Odamlarga arzon bilet qilib berdik, ba’zi “tartibsiz” odamlar bundan foydalanib, boshqalarni aldashga tushishdi. Ertaga chipta olib, qaytarishning jarimasini baland qilsak, yana tanqidlar boshlanadi. Buni oshiramiz ham. Agar bu ishni qilmasak, ko‘cha to‘la chayqovchilar chiptalarni olishadi, yo‘lovchilar esa boradigan manziliga borolmay qoladi”, – dedi Rahmetov.
Uzoq vaqtli kirish qismidan so‘ng, navbat anjumanning asosiy qismi, jurnalistlar bilan savol-javobga berildi. Unda nima sabab tariflar bosqichma-bosqich oshirilmay, birdaniga qimmatlashayotgani, aynan tezyurar poyezd chiptasi yo‘lovchilar uchun 50 foizga oshirilmasligi, narxlar ko‘tarilgach temiryo‘llar sohasida nima ishlar qilinishi, vagonlarning tozalik masalasi haqida gaplashildi. Anjumanning to‘liq qismini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi,
Tasvirchi: Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
17:13 / 20.12.2024
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishining boshlanish sanasi ma’lum bo‘ldi
21:54 / 17.12.2024
Janubiy Koreya Toshkent-Samarqand temiryo‘lining yangi tarmog‘ini loyihalashtirishni boshladi
22:20 / 02.12.2024
«Toshkent - Xojikent» yo‘nalishida yangi tezyurar elektropoyezd qo‘yiladi
21:37 / 20.11.2024